Samarqandliklarga 47 milliard yordam puli beriladi. Turdimov «temir daftar»dagi oilalar haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston 22:00 / 03.08.2020 8773

Erkinjon Turdimovning ma'lum qilishicha, viloyatda «temir daftar»ga kiritilgan 47 ming 770ta oiladan 10 mingtasi tanlab olinib, ularga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam yetkazib berilgan. Qo‘shimcha ravishda Qurbon hayiti arafasida mahalliy budjet mablag‘lari va homiylar tomonidan shu toifadagi 2000ga yaqin oilaga jami 2 milliard so‘m pul tarqatilgan.

Umuman, viloyat bo‘yicha tarqatilishi belgilangan pul mablag‘larining jami qiymati qariyb 47 milliard so‘mni tashkil etadi.

«Shu o‘rinda, siz aziz samarqandliklarga yana bir narsani ta'kidlab o‘tishni xohlardim. Bugun ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, bir million so‘m mablag‘ o‘rniga 500 ming so‘m berilibdi, 700 ming so‘m berilibdi yoki mahalla raisi o‘z tanishiga beribdi, qabilida aniq faktlarsiz bayon etilayotgan postlar, ba'zi hollarda videolavhalar ham joylashtirilmoqda. 

Masalan, Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri «Qo‘shnilarga pul tarqatishdi, 500 ming so‘mdan. Lekin 1 million deyishgandi. Mahalla raisi esa nolish emas, rozi bo‘lish kerak deb aytdi» mazmunidagi post joylashtirildi. Mazkur postga yuzga yaqin samarqandliklar tomonidan fikrlar bildirildi.

Holat shahar prokuraturasi va viloyat hokimligi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bildirilgan holat haqiqatga zidligi, aniqrog‘i ajratilgan mablag‘ Prezident farmoni doirasida emas, balki fuqaroga Qurbon hayiti arafasida «Rohat» mahallasida yashovchi saxovatpesha tadbirkor tomonidan moddiy yordam tarzida berilgani ma'lum bo‘ldi.

Xuddi shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘i yana bir foydalanuvchisi tomonidan «Jomboy tumanining «Taldirazzoq» va boshqa bir qator mahallalarida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qolib, 10 sotix tomorqasi, 7 xonali uyi, «Neksiya» avtomobili bor, to‘rt muchasi sog‘ oilalarga bir million so‘mdan pul tarqatildi», mazmunida post qo‘yildi. 

Holat Jomboy tumani hokimligi va tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilganda keltirilgan vajlar o‘z isbotini topmadi. Tuman hokimligining ma'lum qilishicha, «Taldirazzoq» mahallasida 10ta oilaga inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 million so‘mlik moddiy yordam ajratilgan. 4 nafari og‘ir xastalikka chalinganlar, 2 nafari nogiron farzand tarbiyalayotganlar, 2ta boquvchisini yo‘qotgan, ya'ni 2ta og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilaga moddiy yordam berilgan.

Shuningdek, mahalla mutasaddilarining aytishicha, muallif yaqin qarindoshlari ham ushbu ro‘yxatga kiritilish istagida murojaat qilgan. Ular belgilangan talablarga mos kelmagani sabab rad etilgan», dedi Erkinjon Turdimov.

Ma'lum bo‘lishicha, ikkala holatda ham post mualliflari mas'ullar ishtirokida muammoni atroflicha o‘rganib chiqilishida ishtirok eta olmasliklarini bildirishgan. Holatni esa birovdan eshitib yozishganini aytishgan.

Shuningdek, viloyat hokimi ijtimoiy tarmoqlarda aniq manzil ko‘rsatilmagan holda turli fikrlar bildirilishi hodisani aniqlashga tegishli idoralar qiynalayotganini ma'lum qilgan.

«Hayit kunlari telegram kanallarda bir million so‘m moddiy yordam o‘rniga 700 ming so‘m berildi, qabilida tarqatilgan malumotda 100 ming so‘mlik pullarni gilam ustida sanab turgan holat videosi tarqaldi. Qiziq holat, mazkur videoda asl holat qayerda bo‘lganligi biror bir kanallarda yozilmadi. Bu esa deyarli barcha viloyatlarda mutasaddilar tomonidan mazkur holatning o‘rganilishiga, qimmatli vaqt yo‘qotilishiga olib keldi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar, telegram kanallari ochganlardan tarmoqlarga asoslangan, aniq fakt va manzili ko‘rsatilgan ma'lumotlarni nashr etishni, joylashtirishni so‘ragan bo‘lardim.

Qolaversa, shaffoflikni ta'minlash maqsadida bir martalik moddiy yordam berilgan fuqarolar ro‘yxati bugungi kunda tumanlar va shaharlar hokimliklari telegram kanallarida joylashtirib borilmoqda. Agar kimda-kim ushbu ro‘yxatlardan joy olgan qaysidir oilaga noto‘g‘ri moddiy yordam ko‘rsatildi degan e'tirozlari bo‘lsa, kommentariya shaklida o‘z fikr-mulohazalarini post ostida bildirishsin, har bir holatni o‘rganib chiqamiz va natijasi haqida keng ommaga ma'lumot beramiz», deya murojaat qildi Erkinjon Turdimov.

Ko‘proq yangiliklar: