Intervyu: Onlayn ta'lim OTMlarda o‘qituvchilar shtatlari qisqarishiga olib keladimi?

O‘zbekiston 10:24 / 03.08.2020 15310

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim fikrlarga ko‘ra, bu jarayonda OTMlarning o‘qituvchilari sonida qisqarishlar ro‘y berishi mumkin.

Shuningdek, oxirgi vaqtlarda OTM professor-o‘qituvchilarini ishga olish tizimini qayta ko‘rib chiqish haqida ham ko‘p gapirilmoqda.

Xo‘sh, ayni sharoitda o‘qituvchilarning shtatlarida qisqartirishlar qilish yoki bu tizimni qayta ko‘rib chiqilishi borasidagi gap so‘zlar qanchalik haqiqat? Biz shu va boshqa bir nechta savollar bilan Toshkent davlat texnika universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Orifjon Zarifov bilan qisqa suhbatda bo‘ldik.

Zarifovning so‘zlariga ko‘ra, OTMlarda o‘qituvchilar shtatlari qisqarishi haqidagi gaplar asossiz.

«Oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari o‘quv yuklamalarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, o‘quv jarayoni masofaviy shaklda amalga oshirilganda, yuklamalar tarkibi va ularni hisoblash uchun belgilangan vaqt me'yorlari an'anaviy shakldagidan deyarli farq qilmaydi.

Ikkala holatda ham ta'lim jarayoni bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining tasdiqlangan o‘quv rejalari va fan dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Bitiruvchilar tegishli ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining ta'lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirishlari shart. Professor-o‘qituvchilar esa lavozim vazifalari doirasida ta'lim dasturida belgilangan barcha mashg‘ulot turlarini (auditoriya va auditoriyadan tashqari) to‘liq bajarishlari lozim.

O‘quv jarayoni masofaviy shaklda amalga oshirilganda, mashg‘ulotlar asosan talabalar bilan masofadan turib (bilvosita) kompyuter texnologiyalariga asoslangan zamonaviy o‘qitish texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkaziladi. Bunda professor-o‘qituvchilardan kompyuter texnologiyalariga asoslangan zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalari (jumladan, elektron o‘quv adabiyotlari)ni yaratish, topshiriqlar, nazorat savollari, mustaqil ishlash uchun uslubiy ta'minotni yangi formatda, ko‘proq hajmda (mustaqil ish olib boradi) yaratish, talabalarga muntazam ravishda uzluksiz konsultatsiyalar berib borish, nazorat ishlari, loyihalar, baholashlar, attestatsiya komissiyasi ishini tashkil etishda yuqori darajada malaka va safarbarlik talab etiladi.

Shu bilan birga, masofaviy ta'limni talab darajasida tashkil qilish uchun yetarli mutimedia dasturlarini yaratish, axborot-resurs bazalarini yangilash va zarur elektron o‘quv resurslari (fan bo‘yicha (jumladan, yangi kiritilgan fanlar bo‘yicha) taqdimot va ma'ruza materiallaridan foydalangan holda elektron o‘quv dasturlari va video mashg‘ulotlar tayyorlash, yangilab borish, mustaqil va amaliy topshiriqlarni bajarish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarning elektron shaklini va virtual laboratoriyalarni tayyorlash) bilan to‘ldirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish talab etiladi.

Men ham shunday fikrlarni eshitdim, lekin bu gaplar biror asosga ega emas», – dedi Orifjon Zarifov.

— OTM professor-o‘qituvchilarini ishga olish tizimini qayta ko‘rib chiqish borasida qandaydir yangi rejalar bormi? Chunki aynan shu tizimning shaffof emasligi va nizomda belgilanganidek, ko‘pchilikni xabardor qilish tizimi to‘g‘ri ishlamasligi borasida ko‘p tanqidlar bildirilib kelinadi.

— OTMga professor-o‘qituvchilarni ishga olish o‘rnatilgan tartibda bo‘sh (vakant) o‘rinlar uchun ommaviy axborot vositalarida e'lon berilishi va tanlov asosida munosib nomzodni ishga qabul qilish belgilangan. Bugungi karantin sharoitida bo‘sh (vakant) o‘rinlarga e'lon qilingan tanlovlarni masofaviy tarzda o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.

Menimcha, professor-o‘qituvchilar faoliyatini o‘quv yili yakuni bo‘yicha baholash orqali yangi o‘quv yilida faoliyat olib borish yoki bormasligi, shuningdek, ajratiladigan ustamasini aniq belgilashda OTMlar Kengashlari rolini oshirish kerak.

Yangi o‘quv yilidan joriy etiladigan kredit-modul tizimida talabalar 1 soat auditoriya vaqti uchun 1,5 soat uyda va kutubxonada o‘qishi zarur. Lekin bu jarayon ko‘p jihatdan o‘qituvchining mas'uliyatiga ham bog‘liq. Chunki talabalar o‘z vaqtlaridan samarali foydalanishlari uchun ularga darsdan tashqarida o‘qish uchun qiziqarli materiallar va topshiriqlar berib borish o‘qituvchining vazifasi hisoblanadi.

Bu yildan boshlab OTMga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirishda beshta yo‘nalishni tanlash imkoniyati berildi. O‘ylashimcha, bu tizimning O‘zbekistondagi kadrlar sifatiga salbiy ta'sir qiladigan ayrim jihatlari ham bor. Masalan, asosiy yo‘nalishni tanlagan abituriyent o‘qishga kirolmadi va u shunchaki o‘qishga kirish uchun boshqa bir yo‘nalishda o‘qiyveradi.

Hammasida ham emas, lekin fanlar majmuasi to‘g‘ri keladigan shunday yo‘nalishlar bor-ku. Masalan, ToshMIga kirolmagan abuturiyent umuman boshqa yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘qishga kiradi. Chunki u yerda kirish bali pastroq. Tushunyapsizmi, men umuman boshqa sohaga tayyorlangan, qiziqqan abituriyentning o‘ziga begona yo‘nalishga kirib qolishi va bu sohaga keyinchalik xizmat qila olishi haqida gapiryapman.

Ayting-chi, yangi tizimga o‘qitayotganda bu jihatlar qanchalik tahlil qilingan, deb o‘ylaysiz?

Bu yildan boshlab o‘qishga hujjat topshirishda abituriyentga asosiy tanlangan yo‘nalishidan tashqari yana qo‘shimcha 4ta yo‘nalishga hujjat topshirish imkoniyati berilmoqda. Bunda abituriyentlar test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

2020/21 o‘quv yilida OTMlarga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarida keltirilgan barcha ta'lim yo‘nalishlari – bu O‘zbekistondagi barcha sohalari uchun zarur bo‘lgan kadrlar ehtiyojidan kelib chiqib belgilangan. Shuning uchun har bir ta'lim yo‘nalishi respublika iqtisodiyoti uchun muhim hisoblanib, «u yaxshi yo‘nalish», «bu pastroq yo‘nalish» deb qarab bo‘lmaydi.

Toshkent davlat texnika universiteti bo‘yicha 2020/21 o‘quv yili uchun 44ta bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari qabul kvotalari ajratilgan bo‘lib, aksariyat ta'lim yo‘nalishlari bir-biriga yaqin texnik soha hisoblanib, savolda qo‘yilgan muammoni keltirib chiqarmaydi.

— OTMlarda talabalar uchun tanlov fanlari o‘tilishi belgilangan. Ammo joriy yilgi tanlov fanlar safida gumanitar fanlar sonining juda kamligini ko‘rmoqdamiz. Nega oliy ta'limda gumanitar fanlar soni bunchalik qisqartirib tashlanyapti? Umuman, tanlov fanini talabaning o‘zi tanlashi kerak-ku.

— 2020/21 o‘quv yilining o‘zida respublikadagi 35dan ortiq yirik OTMlar kredit-modul tizimiga o‘tishi kutilmoqda.

Toshkent davlat texnika universiteti misolida aytadigan bo‘lsam, xorij tajribasini hisobga olgan holda 2020/21 o‘quv yilida universitetda kredit-modul tizimida tanlov fanlari ko‘proq umumkasbiy va ixtisoslik fanlariga ajratildi.

Universitetning kadrlar tayyorlash siyosatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bizda kadrlar tayyorlashda asosiy e'tibor bitiruvchilarda muhandis-texnik sohada amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilib, gumanitar fanlar blokida tanlov fani ajratilmagan.

Jumladan, o‘quv rejaning umumkasbiy fanlar blokida jami 2910 soatdan 690 soati (24%) tanlov fanlariga, ixtisoslik fanlar blokiga esa 1680 soatdan 750 soati (44,6%) tanlov fanlariga ajratildi. Bu esa talabalarning o‘quv jarayonida fanlarni o‘zi tanlab o‘qishiga hamda o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida shakllanishiga olib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: