Germaniyalik virusolog Samarqandda bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazdi

O‘zbekiston 16:52 / 03.08.2020 7224

Bugun mamlakatimizda koronavirus oqibatlariga qarshi kurashish va u bilan og‘rigan bemorlarni davolash juda muhim ishga aylandi. Ayniqsa koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolashda qatnashayotgan shifokorlarning malaka va ko‘nikmasini oshirish har qachongidan dolzarb hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda Samarqandga viloyat hokimligi tomonidan germaniyalik taniqli shifokor, professor Bar Verner taklif etildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, koronavirusni davolashda katta tajribaga ega bo‘lgan virusolog olim Bar Verner Samarqanddagi shifoxonalarda bo‘ldi. Virusolog shifoxonalarda davolanayotgan bir qancha bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazdi hamda o‘zbekistonlik shifokorlar bilan tajribalarini o‘rtoqlashdi, ularga ko‘plab tavsiyalar berdi.

«Bugungi kunda dunyo mamlakatlari koronavirus infeksiyasining oldini olish va uning keng tarqab ketmasligi uchun samarali davolash usullarini qo‘llash, bemorlarni nafaqat asrab qolish, balki salomatligini tezda qayta tiklash yuzasidan ish olib bormoqda.

Umuman, ushbu infeksiya tibbiyot tizimi, ayniqsa virusologlar oldiga jiddiy vazifalar qo‘ydi. Birinchidan, virus tez suratda tarqalishining oldini olish bo‘lsa, ikkinchidan zararlanganlarni to‘g‘ri va samarali davolash masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Bugungi kunda ko‘plab pnevmoniya holatlari uchramoqda. Bemorlarning uyda o‘z bilganicha davolanishga urinishi, boshqa xil dorilarni qabul qilishi turli dardlarni avj olishiga sabab bo‘layapti.

Antibiotik va garmonlar immunitetni ko‘tarmaydi, aksincha ta'sir qilib, oqibatda pnevmoniyani keltirib chiqaradi. Bugun koronavirus bilan kasallangan bemorlar yotgan kasalxonalarda bo‘ldim. Davolash jarayoni, bemorlarning holati bilan tanishdim, shifokorlarning zahmatli mehnatiga guvoh bo‘ldim», deydi Bar Verner.

Germaniyalik mutaxassis viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan Samarqand ixtisoslashgan olimpiya zahiralari maktab internatida koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarni davolash uchun tashkil etilayotgan davolash maskanining sharoitlari bilan tanishdi. Virusolog janob Bar Verner bu yerda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati taqdim etgan ma'lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: