Shavkat Mirziyoyev Nukusda Musa Yerniyazov vafoti munosabati bilan o‘tkazilgan ta'ziya marosimida nutq so‘zladi (video)

O‘zbekiston 00:57 / 02.08.2020 47149

Davlat rahbari o‘z nutqida davlat va jamoat arbobi, marhum Musa Yerniyazov nomi abadiylashtirilishini ta'kidlab o‘tdi.

«Biz albatta ushbu ajoyib insonning qutlug‘ nomini abadiylashtirish uchun Toshkentda, Nukusda va respublikaning boshqa hududlarida, maslahatlashgan holda, uning nomi ko‘chalar, xiyobonlar va boshqa obektlarga beriladi, albatta.

Agar pandemiya bo‘lmaganda, bugun butun elimiz Qoraqalpog‘istonga [ta'ziyaga] kelgan bo‘lardi. [Hozir ham] butun xalqimiz biz bilan.

Bu inson qariyb 50 yillik mehnat faoliyatida xalqiga halol mehnat qilaman deb, boshidan juda ko‘p azob-uqubatlarni o‘tqazgan. Uning vafoti – barchamiz uchun og‘ir musibat. Qoraqalpoq elining mana shunday buyuk farzandi xotiramizda abadiy qoladi. Hali Musa Tajyetdinovich haqida ko‘p-ko‘p kitoblar yoziladi, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatamiz.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalqiga murojaat qilib aytmoqchimanki, biz hech qachon Musa Tajyetdinovichni unutmaymiz. Ilohim joylari jannatdan bo‘lsin. Musa Tajyetdinovich Yerniyazov – buyuk og‘amizning porloq xotirasi barchamizning qalbimizda mangu yashaydi», – dedi prezident.

Musa Yerniyazov 31 iyul kuni Nukus shahrida, 73 yoshida vafot etdi. Unda 24 iyun kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, bemor qandli diabet, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Musa Tajyetdinovich 1947 yil 20 dekabrda Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1971 yili Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari instituti, 1986 yili Toshkent oliy partiya maktablarini bitirgan. 2019 yil «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.

1983–1989 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, 1989–1990 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining doimiy vakili sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2000–2001 yillarda Chimboy tumani hokimi, 2001–2002 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.

2002 yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari edi.

Ko‘proq yangiliklar: