Karantinga olinganlarning farzandlarini parvarishlaganlarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladimi? – Adliya vazirligi izohi

O‘zbekiston 13:49 / 01.08.2020 3094

Xususan, murojaat qilganlardan biri singlisi va kuyovi karantinga olingani munosabati bilan ularning 7 yoshli 10 yoshli farzandlarini parvarish qilayotgani, shu tufayli ishga chiqolmayotganini aytib, o‘zi uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi imkoniyati haqida so‘ragan.

«O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 11 maydagi «Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi 117-son buyrug‘i qabul qilingan.

Mazkur buyruqqa ko‘ra uy sharoitida karantinga olingan shaxslarga hamda karantinga olingan shaxslarning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda bo‘lgan to‘liq kunlariga ularning yashash joyidagi poliklinika tomonidan beriladi», dedi vazirlik rasmiysi bu savolga javoban.

Shuningdek, o‘z uyini boshqa shaxsga uzoq muddatga ijara shartnomasi tuzgan holda ijaraga bergan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelishi, karantin munosabati bilan ijaradagi shaxs o‘z qishlog‘idagi uyiga ketishga majbur bo‘lgani, hozirda uyi bo‘sh turgani va ijara to‘lovi olmayotganini aytib bu holatda unga nisbatan qanday soliq imtiyozlari mavjudligi haqida savol berilgan.

«Karantin davrida aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga qator imtiyozlar berilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 20 iyulda qabul qilingan «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub'yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF–6029-son Farmoni qabul qilingan.

Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilgan», deya javob qaytargan Sevara O‘rinboyeva.

Brifing davomida hech qayerda ishlamaydigan, moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgan shaxsga qonunchilikda ishsizlarga nafaqa to‘lash tartibi to‘g‘risida ma'lumot berilgan.

«Mehnat kodeksiga ko‘ra ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e'tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e'tiboran tayinlanadi. Qaramog‘ida 3 nafargacha kishi bo‘lgan, 35 yoshga to‘lmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq to‘lanadigan jamoat ishlarida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi. Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n birinchi kundan e'tiboran kuchga kiradi», degan vazirlik matbuot kotibi.

Ko‘proq yangiliklar: