Karantin vaqtida qabul qiluvchi mehmonxonalar ro‘yxati joylashtiriladigan sayt yaratildi

O‘zbekiston 07:51 / 01.08.2020 5307

Xorijdan kelayotgan va karantinni o‘z hisobidan mehmonxonada o‘tkazishni istagan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida HotelPro MChJ tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida BookHotel.uz sayti yaratildi.

Qayd etilishicha, saytda karantinga joylashtirilayotgan fuqarolarning imkoniyatlari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda turli narx toifasidagi mehmonxonalar ro‘yxati joylashtirilgan. Veb–resurs qabul qilishni amalga oshirayotgan va qabul qilishni kutayotgan mehmonxonalar to‘g‘risida ma'lumotlarga ega. Bu yerda barcha zarur ma'lumotlar: mehmonxonaning joylashgan joyi, nomer fondi, bog‘lanish uchun ma'lumotlar, ko‘rsatiladigan xizmatlarni bilish mumkin, shuningdek yashash uchun taklif etiladigan sharoitlarni ko‘rish ham mumkin (mehmonxonalar fotosuratlari).

Karantin talablari asosida fuqarolarni joylashtirish uchun yetarli sharoitlar yaratgan va karantinga fuqarolarni qabul qilishga rozi bo‘lgan mehmonxonalarning ushbu ro‘yxati, karantinga joylashtirilgan fuqarolar va ro‘yxatga olingan bronlar hisobiga mehmonxona to‘lishiga qarab saytda muntazam ravishda yangilanib boradi.

O‘zbekistonga koronavirus yangi turining kirib kelishi  va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 iyundagi qaroriga muvofiq O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan kirib kelayotgan fuqarolar va O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda o‘z hisoblaridan mehmonxonalarda karantin muddatini o‘tashlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Bir reys bilan O‘zbekiston Respublikasiga kelayotgan fuqarolar sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilingan mehmonxonalarga tartib bo‘yicha joylashtiriladi va ularning xavfsizligi uchun Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlash tashkillashtiriladi.

Aholi o‘rtasida koronavirusning tarqalishini oldini olish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 9 ta mehmonxonadan (har bir narx toifasi bo‘yicha 3 tadan mehmonxona) iborat ro‘yxat shakllantirildi va u davriy ravishda yangilanib bormoqda. Bunda eng past narx taklif qilgan mehmonxonalar tanlab olinadi.

Ko‘proq yangiliklar: