Buxoro viloyati hokimi nega Toshkentdagi klinikada davolanayotganiga izoh berildi

O‘zbekiston 07:24 / 01.08.2020 61941

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovning koronavirusga chalinib, ayni paytda Toshkentdagi shifoxonada muolaja olayotganligi xabar berilgandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Nega Karim Kamolov viloyatda emas, poytaxt shifoxonasida davolanyapti, bu holat viloyatdagi shifokor-mutaxassislarga ishonchsizlik emasmi, mazmunidagi savollar o‘rtaga tashlanmoqda.

Viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyevning ma'lum qilishicha, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovda joriy yilning 25 iyul kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Shu kundan boshlab viloyat rahbari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyat filialida muolaja olishni boshlagan. 

“Agar Karim Kamolov mahalliy shifokorlar va shifoxonalarga ishonchi bo‘lmaganida o‘sha zahotiyoq poytaxtga borgan bo‘lardi!
 
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra viloyat hokimlari hukumat qoshidagi Tibbiyot bosh boshqarmasi ro‘yxatida turib, zarur holatlarda tibbiy diagnostika qilish, davolash, umuman olganda, ularning salomatligini muhofaza qilish mazkur boshqarma zimmasida. Shunga muvofiq, ushbu Tibbiyot bosh boshqarmasining talabiga ko‘ra Karim Kamolov 29 iyul kuni davolash muolajalarini davom ettirish uchun Toshkent shahridagi klinikaga ko‘chirib o‘tkazildi. 

Viloyat hokimi o‘tgan 3 kun davomida malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan standartlar asosida davolash kurslarini o‘tamoqda. Hozirda Karim Kamolovning ahvoli yaxshi. U yaqin kunlarda to‘liq tuzalib, o‘z faoliyatini davom ettiradi”, - deyiladi viloyat hokimligi izohida.  

Avvalroq, Navoiy viloyati hokimi ham Toshkentda davolanayotgani ma'lum qilingandi. 

Ko‘proq yangiliklar: