Toshkent viloyatidagi «Call center»larga 30 iyul kuni «COVID-19» alomatlari bo‘yicha 168 ta murojaat kelib tushgani ma'lum qilindi

O‘zbekiston 12:53 / 31.07.2020 4527

«Viloyatning har bir shahar va tumanlarida «Call center»lar faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan. Ularning faoliyati tuman-shahar xokimlari tomonidan shaxsan nazoratga olingan.

30 iyulda «Call center»larga 687 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 168 tasi «COVID-19» (tana haroratini oshishi) bo‘yicha, 33 tasi dori-darmon vositalari bo‘yicha, 173 tasi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha, 193 tasi boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlardan iborat», deya viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, pandemiya davridan «Call center»lar faoliyat boshlagandan buyon to hozirgacha fuqarolardan 9 807 ta murojaatlar qabul qilib olingan. Ularning 2371 tasi «COVID-19», 607 tasi dori-darmon vositalari, 4047 tasi oziq-ovqat mahsulotlari, 2716 tasi boshqa masalalar bilan bog‘liq.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma'lumotlariga ko‘ra ayni paytda Toshkent viloyatida koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun 2505 o‘rin mavjud. Shundan 1155 tasi vaqtincha shifo-o‘rinlari bo‘lib, infeksiyani yuqtirib olganlikda gumon qilinganlar uchun mo‘ljallangan. Viloyat hududidagi tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan 1350 ta o‘rin esa  infeksiya yuqtirib olganlarni gospitalizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan. Hozirgi kunda ushbu o‘rinlarning 430 tasidan foydalanilmoqda.

«30 iyul kuni 136 kishi koronavirusga chalingani tasdiqlandi, 115 nafar bemorga sog‘aygani uchun uyiga javob berildi. 15 martdan buyon viloyat miqyosida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 3255 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 2159 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 16 nafari kasallik asoratlari natijasida vafot etgan.

Ayni paytda 1080 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Ularning 256 nafari statsionar sharoitda, 824 nafari esa uy sharoitida belgilangan tartibda muolajalarni olmoqda. Kasallanganlarning 17 nafari o‘ta og‘ir, 15 nafari og‘ir, 64 nafari o‘rta, 160 nafari qoniqarli ahvolda. Kasallik alomatlarsiz kechayotgan 824 nafar fuqaro uy sharoitida davolanmoqda. Pnevmoniya holatidagilar 145 nafarni tashkil etadi», deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Orziqulov.

Ko‘proq yangiliklar: