Suv toshqinidan zarar ko‘rgan Oqoltin tumanidagi 128 ta xonadonga 1 boshdan qoramol topshirilmoqda – Toshkent viloyati hokimligi

Jamiyat 17:13 / 31.07.2020 5127

«Sardoba suv omborining o‘pirilishi natijasida yuz bergan toshqindan talofat ko‘rgan 17 gektar maydondagi 132 ta xonadonlarni ta'mirlash Toshkent viloyati zimmasiga yuklatilgan. Hozirga qadar viloyatda ushbu vazifa 85 foizga bajarishga erishildi.

Qurbon hayiti munosabati bilan viloyat hokimining tashabbusiga ko‘ra suv toshqinidan katta zarar ko‘rgan, mutasaddi idoralar tomonidan moddiy ko‘makka muhtoj deb topilgan 128 ta xonadonga 1 boshdan qoramol topshirilishi belgilandi. Bu boshiga sinov tushgan oqoltinliklar uchun o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi. Hozirgacha 70 ta xonadonga 1 boshdan qoramol topshirilgan bo‘lsa, yana 58 xonadonga ajratilgan qoramollar erta-indin egalari yetkazilishi rejalashtirilgan», deya xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimi matbuot kotibi Behzod Qobulov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Sirdaryo viloyatining suv toshqinidan talafot ko‘rgan hududlarida uy-joylarni tiklash ishlari ayni yakunlanish pallasida.

« Qurilish va ta'mirlash ishlarini jadallashtirish maqsadida qurilish ishlari 2 smenada tashkil etilgan. Viloyat «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi tomonidan ajratilgan zaruriy mablag‘lar bilan hozirda 17 ta qurilish-pudratchi tashkiloti quruvchilari tomonidan ayni paytda hududni ichimlik va oqova suvlar bilan ta'minlash, ichki yo‘llarni qayta bunyod etish ishlari adog‘iga yetkazilib, hozirda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.

2020 yil 31 iyul holatiga ko‘ra 128 ta xonadonning tom qismini profnastil qoplamasi qoplash ishlari yakunlandi, pol o‘rnatish ishlari yakunlandi, xonadonlarning tashqi devorlari bazalt plitasi bilan, fasad qismi esa travertin qoplamasi bilan qoplandi. Ayni paytda 120 xonadonda ichki pardozlash ishlari yakunlangan bo‘lib, qolgan 8 tasida davom ettirilmoqda. Har bir xonadon ichimlik suvi va tabiiy gazga ulanmoqda. Shuningdek, toshqindan zarar ko‘rgan yo‘llar to‘liq ta'mirlanmoqda.  

Hozirgacha to‘liq qurilish-montaj ishlari yakunlangan 118 ta xonadon egalariga yashash uchun topshirilgan. Qolgan uylar 5 avgust sanasida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan», deydi Behzod Qobulov.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 31 iyul kuni Toshkent viloyatining tasarrufiga berilgan hududda qurilish-tiklash ishlariga jalb etilgan quruvchi va ishchilar, suv toshqini talafotlarini bartaraf etishda qatnashgan harbiylar uchun bayram dasturxoni tashkil etilib, osh tarqatilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: