«Yo‘lni ochinglar, Rossiyaga ketaylik!» – o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ishini yo‘qotishdan xavotirda

Jamiyat 12:59 / 29.07.2020 86687

Kun.uz nashri elektron pochtasiga O‘tkirbek ismli yigitdan qiziq maktub keldi. Odatda so‘nggi paytlarda xorijda qolib ketganlarni qaytarish bo‘yicha ko‘mak so‘rab yozgan murojaatlar juda ko‘p kelardi. Lekin bu yigitning yozganlari boshqacharoq.

«Assalomu alaykum, hurmatli Kun.uz sayti muxbirlari. Sizlardan o‘zimni misol keltirgan holda bir mavzuni yoritishni iltimos qilaman. Mana to‘rt oydirki, ishsizman. O‘n yildan buyon Rossiyada ishlardim. Koronavirus sabab yuzaga kelgan pandemiya tufayli Rossiyaga ketolmay yuribman. Tez-tez yurtga kelib-ketib turardim. Bugungi kunlarda xorijda qolib ketgan vatandoshlarimizni charter reyslar orqali O‘zbekistonga olib kelishmoqda. Samolyotlar esa chet ellarga bo‘shligicha uchib ketyapti. Shu bo‘sh reyslarda xorijda aniq ishi bo‘lgan, biz kabi keta olmayotgan insonlarni olib ketishsa bo‘lmaydimi?

Koronavirusga test topshirsam, test javobi manfiy chiqsa, ya'ni kasallik aniqlanmasa, o‘z xohishim bilan xorijdagi ishimga ketsam bo‘lmaydimi? Chunki bu yerda kutib o‘tirsam, u yerdagi yaxshi maoshli ishimni yo‘qotib qo‘yaman. Oilam bor, ro‘zg‘or boqaman. Shu masalani hukumatdagi mutasaddilar hal qilib berishsa, deb iltimos qilmoqchi edim. Menga o‘xshab karantin tugashini kutib yurgan xorijda ishlaydiganlar juda ko‘p. Bu yerda yurganimiz bilan ish bo‘lmasa, yo‘l ochilmasa nima qilishimiz kerak? Iltimos, shu talabimizni rahbarlarimizga yetkazing», deyiladi maktubda.

Chindan ham, o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan masala. Xorijiy davlatlarga, xususan Rossiyaga borib ishlaydiganlarni, aniq ish joyi bo‘lganlarni bu yerda ushlab o‘tirishdan biror foyda yo‘q. Aksincha, o‘zini eplay oladiganlarni ko‘proq jo‘natib, daromadni oshirish yo‘llarini izlayverish kerak.

Bu maktub bilan tanishar chog‘imizda Rossiya mehnat bozorini ham qisman o‘rgandik. Ma'lum bo‘lishicha, juda ko‘pchilik muhojirlarning chiqib ketgani bu davlatda ishchi kuchi yetishmovchiligiga olib kelgan. Ayniqsa kunlik ishlar, qurilish, xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish sohalarida real tanqislik yuzaga kelgan va mehnat haqi sezilarli darajada oshgan.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchisi Dmitriy Levitskiy ayni paytda Moskvada oshpazlar yetishmovchiligi kuzatilayotganini, ko‘plab restoranlar mazali taomlar taqdim eta olmayotgani, buning sababi sohada ko‘p yillardan buyon ishlayotgan mehnat muhojirlari yo‘qligi ekanligini bildirgan.

O‘zimizda ayni shu fuqarolarning aniq ish o‘rni bo‘lmagan bir paytda, o‘zi ketishni istagan va ishlab ketishiga ishongan fuqarolarimizning yo‘lini to‘smaslik maqsadga muvofiq.

Shu o‘rinda xorijga uchayotgan samolyotlarda kimlar parvoz qilayotganini bilish uchun Uzbekistan Airways kompaniyasi matbuot kotibi Habibulla Nabiyev bilan bog‘landik.

«Xorijga parvoz qilayotgan samolyotlar bo‘sh ketmayapti. Ularda xorijiy davlatlar fuqarolari yoki Maxsus komissiya ruxsatiga ko‘ra uchish huquqiga ega bo‘lganlar jo‘nab ketyapti. Masalan, Turkiyaga uchuvchi samolyotlar chiptalari sotilyapti va ko‘pchilik ularni sotib olishyapti. Rossiyaga uchuvchi samolyotlarda o‘sha davlat fuqarolari, Rossiyada doimiy yashash huquqiga ega bo‘lganlar va asosli sabablari bo‘lgan fuqarolarimiz parvoz qilishyapti.

Har doim ham bunday emas, masalan 29 iyul kuni uchadigan reysimizda birorta yo‘lovchi yo‘q. Sababi, yo‘lovchilar olib borishimiz uchun «Rosaviatsiya» ruxsati berilmagan. Chunki buning uchun nafaqat bizdan, balki «Rosaviatsiya»dan ham ruxsat olinishi kerak. Ya'ni biz ularga olib borayotgan yo‘lovchilar haqida xabar berishimiz kerak», dedi H. Nabiyev.

  • Rossiya koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro aviareyslarni 27 mart kuni to‘xtatgandi. Mamlakat faqat xorijdagi fuqarolarini olib kelish uchun reyslarni davom ettirgan. 1 avgustdan Moskva, Moskva oblasti, Peterburg va Rostovdan xalqaro parvozlar tiklanadi. Dastlab, Turkiya, Buyuk Britaniya va Tanzaniyaga uchishga ruxsat berilgan.
  • O‘zbekiston ham mart oyining ikkinchi yarmida mamlakatda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holatlar ortidan xalqaro parvozlarni to‘xtatgan. O‘tgan oylar davomida dunyoning turli hududlaridan charter reyslar orqali minglab fuqarolar vatanga olib kelindi. Hozircha xalqaro aviareyslar qachondan tiklanishi ma'lum emas.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: