«Milliy jamoadagi yarimhimoyachilardan kam joyim yo‘q». Fozil Musayev bilan Yaponiyadagi faoliyati, Ubaydullayev jamoasining taqdiri va MTJ haqida suhbat

Sport 14:20 / 29.07.2020 4539

- Fozil, futbolimiz ayvonida kamnamosiz. Yaponiyaga qachon yetib bordingiz?

- Yaponiyada shu yilning boshida, karantindan oldin yanvar oyida kelgandim. Xudoga shukur ishlar bir tekisda davom etmoqda. Pandemiya sababli karantin e'lon qilingach, O‘zbekistonga qayta olmadim. Sababi Yaponiyada chempionat o‘yinlari to‘xtatilgan bo‘lsa-da, klublar mashg‘ulotlarni davom ettirishdi. Shu bois jamoa bilan mashg‘ulotlarni davom ettirdik.

- Kunchiqar mamlakatdagi epidemiologik vaziyat qanday? Bu futbolga qanchalik ta'sir qilmoqda?

- Oxirgi 10 kunni aytmasa, shu paytgacha vaziyat ancha yaxshi edi. So‘nggi kunlarda esa koronavirus kasalligi yana ko‘paya boshladi. Shunga qaramay, hukumat tomonidan qat'iy karantin choralari joriy qilinmagan. Futbolni oladigan bo‘lsak, har bir klub o‘z karantin qoidalarini belgilagan. Unga ko‘ra, klubimizda futbolchilarga faqat uy, mashg‘ulot, oziq-ovqat uchun supermarketlarga borishga ruxsat berilgan. Restoran yoki umumiy ovqatlanish maskanlariga borish man qilingan. Kiyim-kechak va zaruriyat bo‘lmagan do‘konlarni aylanishga ham ruxsat yo‘q.

- Jyey-ligada o‘yinlar qanday kechmoqda? Klubingiz imkoniyatlari qay darajada?

- «Jubilo Ivata» o‘tgan mavsum Yaponiya yuqori diviziondan quyi divizioni, ya'ni birinchi ligasiga tushgandi. Hozircha bu chempionatdagi ishlarimizni ham yaxshi, deb bo‘lmaydi. Oxirgi o‘yinda ham mag‘lub bo‘lib, 9-o‘ringa tushdik. Ammo hali oldinda o‘yinlar ko‘p, vaziyatni o‘nglay olishimizga ishonaman.

- Futbolchilik faoliyatingizda bir klub safida unchalik ko‘p vaqt qolib ketmagansiz. O‘zbekiston klublarida, Qatar yulduzlar ligasida, Eron chempionatida bir muddat to‘p tepdingiz. Oxirgi uch yilda esa Yaponiyadasiz. Buning sababi nimada?

- Bitta klub safida ko‘p vaqt qolmagansiz, degan fikringizga qo‘shilmayman. Chunki «Nasaf» va «Mash'al»da ham ancha vaqt to‘p surgandim. To‘g‘ri, keyin «Bunyodkor», ko‘p o‘tmay esa Qatarda to‘p surib keldim. Shunisi o‘xshamagan bo‘lishi mumkin. Keyin esa «Lokomotiv»da bir mavsum to‘p surdim. Erondan taklif tushgach, bu mamlakatda ham 1,5 yarim yil davomida faoliyat yuritdim. Bu muddatni kam deb o‘ylaymayman. O‘zbekistonga qaytgach, bir muddat «Nasaf»da to‘p surib, 2017 yilda esa Yaponiyaga kelgandim.

Klubim «Jubilo Ivata»da oxirgi uch mavsumdan buyon to‘p surib kelayotganligimga sabab, Yaponiyada meni hamma narsa qoniqtiradi. Klubdagi futbolchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, oylik maoshim va e'tibor har taraflama yuqori ekanligi uchun shu yerda faoliyat yuritayapman. Klubdagilar ham o‘yinimdan qoniqayotgan bo‘lishsa kerakki, shartnomani uzaytirib kelishmoqda.

- Avval yoshlar, keyin olimpiya jamoamizda yetakchi o‘yinchi edingiz. Ko‘pchilik sizni milliy jamoada ham o‘z o‘rnini topib ketadi degandi. Boshida shunaqa ham bo‘ldi. 2012 yil muhim o‘yinlarda asosiy tarkibda o‘ynadingiz. Keyinchalik nima sababdan milliy jamoada muqim o‘rningizni topa olmadingiz?

- Chindanam 2012 yilda ko‘p chaqirilardim. Oxirgi bor ikki yil avval ham milliy jamoaga taklif etilgandim. Milliy jamoa o‘z nomi bilan vatan jamoasi, u klubdan farq qiladi, doim ham maydonga tusha olmaysiz. Chunki milliy jamoaga loyiq bo‘lgan futbolchilar har doim ko‘p bo‘ladi. Murabbiylar doim tarkibda rotatsiya qilib turishadi. Yana bir jihati har bir murabbiyning o‘z qarashi bor. Kimgadir o‘yin jihatdan yoqishim mumkin, kimgadir esa yoqmasligim yoki o‘yinim to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Buni normal holat deb bilaman.

- Ahmad Ubaydullayev boshchilik qilgan O‘zbekiston yoshlar jamoasi futbolchilarini ko‘pchilik o‘zbek futboli kelajagi degandi. Sherzod Karimov, Kenja To‘rayev, Ivan Nagayev, Oybek Qilichev va yana bir qator iste'dodli o‘yinchilar bor edi. Faqatgina Islom To‘xtaxo‘jayev milliy jamoada o‘z o‘rnini topa oldi. Nima deb o‘ylaysiz, katta futbolga yigitlar unchalik moslasha olmadimi?

- Chindanam Ahmad aka Ubaydullayev qo‘l ostidagi futbolchilar iqtidorli edi. O‘shanda Osiyo chempionatida yaxshi ishtirok etganmiz, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham yomon o‘ynamagandik. Manimcha, bu jamoa futbolchilari hozirda ham yomon o‘ynayotgani yo‘q, barchasi o‘z klubida o‘z o‘rniga ega futbolchilardir. Shunchaki, muxlislar o‘sha jamoamiz futbolchilaridan kattaroq natijalarni kutgandilar, ularni O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilari bo‘lishiga umid qilishgandi. Shunga qaramay, milliy jamoadan o‘rin ololmagan futbolchilar zo‘r futbolchi emas, degan gaplarga qo‘shilmayman. O‘sha jamoa yigitlarining faoliyatiga balki jarohatlar ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. Bu savolga har bir futbolchining o‘zi aniqroq javob bergan bo‘lardi.

- Milliy jamoada yarimhimoyachilar o‘rtasida kuchli raqobat bor. Odil Ahmedov, Otabek Shukurov, Oston O‘runov, Aziz G‘aniyev, Ikrom Aliboyev. Barchasi legioner. Undan tashqari Superligada ham yaxshi ijrochilar bor. Milliy jamoa uchun imkoniyatingizni qanday baholaysiz?

- Yuqoridagi har bir futbolchini hurmat qilaman. Har biri o‘z o‘yiniga ega bo‘lgan o‘yinchilardir. Lekin shuni bemalol ayta olamanki, milliy jamoadagi ushbu futbolchilarning birortasidan ham kam joyim yo‘q, ulardan kuchsizroqman deb o‘ylamayman. Balki gapim noto‘g‘ridir, ammo bu shaxsiy fikrim.

- Radioda bergan intervyuingizda, «Futbolchilikdan so‘ng murabbiy bo‘laman, hozirdan daftarga o‘zimga kerak bo‘lgan narsalarni qayd qilib yuribman» - degan edingiz. O‘sha yon daftarcha haliyam bormi? Fikringiz o‘zgarmadimi?

- To‘g‘ri shunaqa fikr bo‘lgan, lekin hali mendan aniq murabbiy chiqadi, murabbiy bo‘laman deb aytmaganman. Yaqin orada murabbiylikni boshlash niyatim yo‘q. Jiddiy jarohat bo‘lmasa, yana ko‘p yillar o‘ynamoqchiman. Keyinchalik esa murabbiylikka harakat qilib ko‘rish rejamda bor. Kelajakda menga kerak bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan siz aytgan yon daftarcha esa hali ham bor.

Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: