Er-xotin bir-biriga libos qilib yaratilgan – Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari oilada nizoga bormaslik haqida

Jamiyat 12:01 / 29.07.2020 3467

«Oilaviy» telekanalining «COVID-19: dolzarb savollar» dasturida Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Jasur Raupov karantin davrida oilalarda yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar va ulardan saqlanish haqida tavsiyalar berdi.

«Oila biz uchun azal-azaldan muqaddas bo‘lib kelgan. Hadislardan birida Muhammad (s.a.v) «Er-xotin dasturxon atrofida ovqatlanib bo‘lguncha Alloh taoloning ikkita farishtasi biri erning, biri xotinning tepasida «Bu oilaning gunohini kechirgin, umri va rizqiga baraka bergin», deya duo qilib turadi», deganlar.

Farishtalar haqiga duo qiladigan, muqaddas sanalgan oilani arzimagan narsalar va janjallar bo‘lishi kerak emas», dedi bosh imom xatib o‘rinbosari.

Jasur Raupov ayni karantin davrida oilalarda kelishmovchiliklar yuzaga chiqayotganini, buning asosiy sabablaridan biri erkak kishining oiladagi vazifasini bilmasligi, ayolda esa murosa ilmining yo‘qligi bilan bog‘liq ekanini ta'kidladi.

«Qur'oni Karimda: «Alloh erkakni ayolga va ayolni o‘z eriga libos qilib qo‘ydi», deyiladi. Libosni issiq-sovuqdan himoya va tanasini yashirish uchun kiyadi. Xuddi shuningdek, er-xotin ham bir-birining aybini yashirish va yaxshi tomonini ko‘rsatish uchun bir oila sifatida yashaydi. Shunday vaziyatda oilada murosa bo‘ladi.

Oilada esa ba'zida televizorni bir dasturdan boshqasiga o‘tkazish uchun yoki bolaga qilingan pand-nasihatni noto‘g‘ri tushunish orqali ham janjallar yuzaga kelmoqda», deya qayd etdi Jasur Raupov.

Bosh imom-xatib o‘rinbosari bu vaziyatda er-xotinni sabr-toqat qilishga, karantin davrini mazmunli o‘tkazish uchun yangi va qiziq bo‘lgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga yoki kitob mutolaa qilishga chaqirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: