Ayollardan chiqqan ilk bosh vazir: u Yevropa yo Isroilda emas, Osiyo mamlakatida rahbarlik qilgan

Light 15:15 / 29.07.2020 19544

Lekin zamonaviy dunyo mamlakatlarida Shri Lankaning sobiq bosh vaziri Sirimavo Bandaranaike ilk marta hukumatga rahbarlik qilgan ayol kishi bo‘lganini hamma ham bilavermasa kerak.

Sirimavo Bandaranaike Tseylon bosh vaziri lavozimida. 1960 yillar
Foto: Keystone / Hulton Archive / Getty Images

Sirimavo Bandaranaike mamlakat hukumatiga uch muddat boshchilik qildi. 2000 yilda u bosh vazirlik muddatini tugatib, yangi parlament uchun o‘tkazilayotgan saylov kuni 84 yoshida vafot etadi.

1960 yil iyul oyida Shri-Lankada o‘tkazilgan parlament saylovida Ozodlik partiyasi muhim g‘alabaga erishadi. Partiya rahbari Sirimavo Bandaranaike demokratik yo‘l bilan saylangan dunyodagi birinchi ayol bosh vazir bo‘ladi.

O‘shanda Londonda chop etiladigan Evening News nashri Bandaranaike saylanishini «suffrajistlar orzusi» deb atadi («sufrajistlar» — XIX asrda ayollarga saylash va saylanish huquqini berish uchun kurashganlar). O‘sha paytda Yevropada birorta davlatda hukumat boshlig‘i sifatidagi ayol bosh vazir yo‘q edi. Oradan qariyb 20 yil o‘tgach, 1979 yilda Buyuk Britaniyada bosh vazirlikka ayol kishi Margaret Tetcher saylanadi.

Umuman olganda, 1960 yildan 2020 yilgacha o‘tgan oltmish yil mobaynida 73 mamlakatda ijro etuvchi hokimiyat tepasida ayollar bo‘lgan. Ayni damda dunyoning 16ta davlatida hukumatni ayollar boshqaryapti. 1960 yilda Shri-Lanka bosh vaziri bo‘lgan Sirimavo Bandaranaike ayollar orasida ijro hokimiyatini boshqarish uchun saylangan ilk bosh vazir edi.

Shahar hokimining qizi, bosh vazirning rafiqasi

Sirima Ratvatte 1916 yil 17 aprelda o‘sha paytda Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan Tseylon (Yevropaliklar Shri-Lankani shunaqa deb atashgan) orolidagi yirik shaharlardan biri Ratnaputra chekkasida tug‘ilgan. Uning otasi Barns Ratvatte asilzoda oilaga mansub bo‘lib, siyosatchi edi. U Balangoda shahar hokimi lavozimini mahalliy an'analarga ko‘ra xotinining otasidan meros qilib olgan edi. 1915 yilda Tseylonning so‘nggi mustaqil qismini ham Buyuk Britaniya tarkibiga qo‘shilishiga sabab bo‘lgan «Kandi konvensiyasi»ni imzolaganlar orasida Ratvatte oilasi a'zolari ham bo‘lgan.

Keyinchalik nomi hurmat ma'nosidagi «vo» qo‘shimchasi qo‘shilib Sirimavo bo‘lgan Sirima orol poytaxti Kolombo shahridagi nufuzli maktablardan birida ta'lim oladi. Maktabni tugatgandan so‘ng, ota-onasi uni turmushga uzatish harakatiga tushadi. Kuyovlikka munosib nomzodlar ikki nafar edi. Ulardan biri, uzoq qarindosh bo‘lgan nomzod rad etiladi. Ikkinchi nomzod Sulaymon Bandaranaikening nomzodi masalasida oila ikkilanib turar edi. Sulaymon uncha taniqli bo‘lmagan nufuzli boy oila vakili bo‘lib, Sirimavodan qariyb 20 yosh katta edi. U mahalliy ma'muriyat masalalari bo‘yicha vazir bo‘lib ishlardi.

Oxir-oqibat Ratvatte oilasi Sulaymonning siyosiy martabalardan ko‘tarilishiga ishonadi va nikohga rozi bo‘ladi. To‘y 1940 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tadi. Yangi turmush qurgan oila Kolombo shahriga ko‘chib o‘tadi, u yerda Sirimavoning siyosiy faoliyati boshlanadi.

1948 yilda Tseylon Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishadi. Undan bir yil oldin, Sulaymon Bandaranaike orolning birinchi qonuniy parlamentiga saylanadi va yosh davlatda parlament raisi hamda sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ishlardi. Bu vaqtda Sirimavo siyosiy jarayonlarda va uning muhokamasida qatnashmaydigan uy bekasi vazifasini bajarardi. Keyinchalik Sulaymon Bandaranaike o‘z esdaliklarida uyda mehmonlarni qabul qilayotganda, shakar idishiga qoshiq yo‘qligi uchun mehmonlar oldida xotiniga tanbeh berganini, so‘ng Sulaymon Sirimavoning siyosat bilan shug‘ullanish niyatida ekaniga ishora qilib, «hali men bular haqida g‘am chekishim kerak», deydi.

Oradan ko‘p o‘tmay Sirimavo erining asosiy maslahatchisiga aylanadi va uni Ozodlik partiyasini tuzishga ko‘ndiradi. 1952 yilda parlament saylovlari oldidan Sirimavo erining saylov kompaniyasida asosiy targ‘ibotchi vazifasini egallaydi va Sulaymonni qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi.

Sirimavoning sa'y-harakatlari bilan Ozodlik partiyasi parlamentda to‘qqizta o‘ringa ega bo‘ladi va Sulaymon Bandaranaike parlamentdagi muxolifat yetakchisiga aylanadi. Oradan to‘rt yil o‘tgach, Ozodlik partiyasi boshchiligidagi koalitsiya navbatdagi parlament saylovlarida mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan g‘alaba qozonadi va Sulaymon Bandaranaike bosh vazir bo‘ladi. Ammo 1959 yil 25 sentyabrda u o‘ldiriladi. Uni, mamlakatdagi islohotlarga qarshi bo‘lgan budda rohibi o‘ldiradi.

«Yig‘layotgan beva», xalqning sevimli yo‘lboshchisi

Bosh vazirning o‘ldirilishi mamlakatda siyosiy inqirozni keltirib chiqaradi. Parlament koalitsiyasi parchalanib, Sirimavo ishtirok etishga qaror qilgan qo‘shimcha saylovlar parlament tarqatib yuborilgani uchun bo‘lib o‘tmaydi.

1960 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Sirimavo qatnashishdan bosh tortadi. Unda Birlashgan milliy partiya g‘alaba qozonadi. Ammo bir necha oy o‘tgach, yangi bosh vazirga ishonchsizlik bildiriladi va parlament yana tarqatib yuboriladi. O‘sha yilning iyul oyida muddatdan avval yana parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Saylovdan avval Sirimavo Bandaranaike bir ovozdan Ozodlik partiyasining raisi etib saylanadi. Shundan so‘ng u o‘z saylovoldi targ‘ibotini muvaffaqiyatli tarzda olib boradi: butun mamlakat bo‘ylab saylovchilar oldida hayajon bilan nutqlar so‘zlaydi va o‘ldirilgan erining siyosiy yo‘nalishini munosib ravishda davom ettirishni va'da beradi.

Saylovchilar oldida nutq so‘zlayotganda Bandaranaike ko‘pincha ko‘z yoshlarini tiyib turolmasdi. Shuning uchun u o‘z raqiblaridan «Yig‘layotgan beva» laqabini oladi. Bo‘lib o‘tgan saylovlarda xalq Sirimavoga raqiblik qilgan siyosatchilarning u haqdagi shubhalariga uchmaydi — saylovlarda Ozodlik partiyasi mutlaq ko‘pchilikning ovozini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng Sirimavo Bandaranaike Shri-Lanka bosh vaziri hamda mamlakatning mudofaa va tashqi ishlar vaziri bo‘ladi.

Sirimavo hukumat rahbari bo‘lganidan so‘ng, marhum erining mamlakat iqtisodiyotning muhim sohalarini bosqichma-bosqich milliylashtirish bo‘yicha boshlagan ishlarini davom ettiradi. 1961 yilda qonun qabul qilinib, unga ko‘ra ingliz tili o‘rniga singal tili davlat tili etib belgilanadi. Ushbu qonun qabul qilingandan so‘ng mamlakatdagi singal tilida so‘zlashuvchi aholi orasida Ozodlik partiyasini qo‘llab-quvvatlovchilar keskin oshib ketadi. Ammo bu qonun tamil tilida so‘zlashuvchi aholining keskin noroziligiga uchraydi. Keyinchalik ana shu norozilik, 1983 yilda mamlakatda fuqarolar urushining boshlanishiga sabab bo‘ladi.

Shundan so‘ng oradan biroz o‘tib aholi orasidagi noroziliklar Bandaranaike tomonidan taklif etilgan soliqlarning oshishi va iqtisodiyotning milliylashtirilishi fonida narxlarning ko‘tarilishi ortidan kuchayadi.

Sirimavo tashqi siyosatda nisbatan tinchroq ish yuritadi. U Shri-Lanka tashqi siyosatda Qo‘shilmaslik harakatida bo‘lishini e'lon qilgan edi. 1961 yilda Sirimavo hatto Qo‘shilmaslik harakati yetakchilarining birinchi konferensiyasida ham ishtirok etgandi. U o‘shanda bu konferensiyada ishtirok etgan mamlakat vakillari orasida yagona ayol bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tib, Xitoy va Hindiston o‘rtasida chegara masalasida o‘zaro kelishmovchilik yuz berganda u ikki mamlakat o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy vositachilardan biriga aylanadi.

Shri-Lankaning birinchi ayol prezidentining onasi

1965 yilda Sirimavo Bandaranaike navbatdagi parlament saylovlarida yutqazgandan keyin bosh vazir lavozimini tark etadi. Keyinchalik u yana saylovlarda qatnashib, ikki marta g‘alaba qozonadi va 1970-1977 va 1994-2000 yillar oralig‘ida mamlakat bosh vaziri bo‘ladi. Ikkinchi muddatga saylanganida Bandaranaike Shri-Lankaning yangi konstitutsiyasini qabul qilishga erishadi. Yangi konstitutsiyada mamlakatga yevropaliklar qo‘ygan Tseylon nomidan voz kechib, Shri-Lanka deb nomlanishi belgilab qo‘yiladi.

Yangi konstitutsiyada yana bir jiddiy ish qilinadi, unga ko‘ra Shri-Lanka Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta IIni davlat rahbari sifatida tan olishdan bosh tortadi va 1978 yilda mamlakatda prezident lavozimi joriy qilinadi. Sirimavo esa navbatdagi parlament saylovida yutqazib, 1977 yilda o‘z o‘rnini boshqa bosh vazirga bo‘shatib beradi.

Sirimavo hukumat rahbarligidan ketganidan so‘ng orolda ikkita davlat to‘ntarishiga urinish bo‘ladi. 1980 yilda prezident maxsus komissiyasi Sirimavo Bandaranaikaning yetti yil davomida davlat lavozimlarida ishlashini taqiqladi. U bir qator ayblovlar bilan birga tartibsizliklardan birini bostirish uchun favqulodda holat rejimini noto‘g‘ri joriy etganlikda ayblanadi.

Sobiq bosh vazirga qarshi ilgari surilgan ayblovlar orasida «jilovlanmagan va misli ko‘rilmagan tanish-bilishchilik» mavjudligiga qaramay, unga nisbatan ilgari surilgan taqiq Sirimavo Bandaranaikening bolalariga katta siyosatga o‘tish uchun xizmat qilgan. Sirimavoning o‘g‘li Anura Ozodlik partiyasining parlament fraksiyasini boshqargan. Qizi Chandrika esa akasi bilan kelisha olmay Ozodlik partiyasini tark etadi va turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda Shri-Lanka Xalq partiyasini tuzadi. 1994 yilda parlament saylovlarida g‘alaba qozongach, Chandrika bosh vazir bo‘ladi va o‘sha yili Shri-Lankaning birinchi ayol prezidenti etib saylanadi.

Muvaffaqiyat sabablari: oliynasab kelib chiqish va «yangi ayol» timsoli

Sirimavo Bandaranaikega davlat lavozimini egallashga qo‘yilgan taqiq 1986 yilda prezidentning maxsus qarori bilan bekor qilindi. 1994 yildan boshlab u yana hukumatni boshqara boshlaydi. 2000 yil avgustda belgilangan muddat tugaydi va Sirimavo bosh vazir lavozimini tark etadi hamda oradan biroz vaqt o‘tib, o‘sha yilning oktabr oyida 84 yoshida vafot etadi.

Uning jon berishi ham qiziq bo‘lgan. Sirimavo vafot etgan kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tayotgan edi. U saylov uchastkasiga borib ovoz berishda qatnashadi va uyga qaytgach, jon beradi. Umrining asosiy qismini katta siyosatda o‘tkazgan bu ayolning so‘nggi qilgan ishi ham saylovda ovoz berish bo‘ladi.

Shahzoda Charlz va Sirimavo Bandaranaike Shri-Lanka mustaqilligining 50 yilligi nishonlash chog‘ida. 1998 yil 4 fevral
Foto: Tim Graham Photo Library / Getty Images

Aksariyat tarixchilar va tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Sirimavo Bandaranaikening katta siyosat maydonida uzoq vaqt muvaffaqiyat bilan qolishiga Shri-Lankada gender tengligiga bo‘lgan e'tibor emas, balki uning oroldagi obro‘li oila vakilasi va siyosiy rahbarning bevasi ekani muhim rol o‘ynagan.

Sirimavo va uning qizining yutuqlariga qaramay, Shri-Lankaning hozirgi parlamentida jami o‘rinlarning 5 foizdan kamrog‘ini ayollar egallagan. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha bu mamlakat dunyoda 182-o‘rinda.

Shunday holat Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun ham xos – Hindiston bosh vaziri Indira Gandi mamlakatning birinchi bosh vaziri Javohirla'l Neruning qizi edi. Pokistonning sobiq bosh vazir Benazir Bhuttoning otasi ham Pokiston prezidenti bo‘lgan.

Tahlilchilarning fikricha, Sirimavo Banadaranaikening siyosiy faoliyatida muhim omil mustamlakaga qarshi millatchilik harakatlari tomonidan ilgari surilgan «yangi ayol» obrazi bo‘lgan. O‘tgan asrning 60-yillarida sobiq mustamlakalarning mustaqillik uchun kurashlari avj olgan davrda G‘arb qadriyatlariga qarshi madaniy, axloqiy va ma'naviy jihatdan qarshi bo‘lgan «haqiqiy» milliy o‘ziga xoslik manbayi sifatida oilaviy hayot tarzi taqdim etiladi. Bunday jamiyatdagi ayol faqat uy bekasi emas, balki ma'lumotli va faol, an'analarni hurmat qiladigan hamda o‘z taqdirini tanlashda erkin bo‘lishi kerak. Ushbu pozitsiyani Sirimavo Banadaranaikening o‘zi ham tasdiqlaydi:

«Shri-Lankadagi ayollar hech qachon mulk va erkaklarga xizmatkor bo‘lishmagan. Bizda ayollar qilayotgan ixtiyoriy xizmatlar jamiyatimizda ota va onaning roliga chuqur hurmat mavjud bo‘lgani uchun bajariladi. Buddizm urf-odatlariga ko‘ra, oila hurmatni talab qiladigan muqaddas birlashma bo‘lib, unda na erkak va na ayol ustun hisoblanmaydi».

Ko‘proq yangiliklar: