Sardobadagi toshqindan jabrlanganlar uchun uyushtirilgan xayriyada yig‘ilgan pulga 3ta tez yordam mashinasi xarid qilindi

Jamiyat 18:12 / 28.07.2020 3841

Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida yuz bergan falokatdan jabr ko‘rganlarga yordam berish uchun bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev boshchiligida uyushtirilgan xayriya aksiyasida 19 ming 949 dollar yig‘ildi. Bu mablag‘larga Sirdaryo viloyatining suv toshqinidan zarar ko‘rgan uchta tumani uchun bittadan Damas tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilindi. Bu haqda Xushnudbek Xudoyberdiyevning o‘zi Telegram’dagi kanalida ma'lum qildi.

Foto: Telegram / Xushnudbek Xudoyberdiyev

Ma'lum qilinishicha, GoFundMe platformasida tashkil qilingan xayriya aksiyasida, asosan, xorijdagi o‘zbeklar ishtirok etgan va jami 294 kishi ehsonga o‘z hissasini qo‘shgandi.

Yig‘ilgan pullarga imkon qadar suv toshqinidan jabr ko‘rgan uchta tuman fuqarolariga ham birdek foydasi tegadigan umumiy tuhfa qilishga qaror qilingan va tez tibbiy yordam mashinasi olib berish varianti tanlangan.

Sirdaryo viloyatida 28 iyul kuni Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin tumanlari tibbiyot birlashmalariga bittadan, jami uchta Damas tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev tuhfa sifatida tez yordam mashinasi tanlanishga quyidagi omillar sabab bo‘lganini ma'lum qilgan:

  • hozir insonlar salomatligini saqlash eng muhim masala;
  • uzoq yillar tumandagi barcha fuqarolarga xizmat qiladi;
  • talon-toroj, tanish-bilish, o‘zlashtirish yoki yeb ketishning iloji yo‘q;
  • bir necha yillik faoliyati davomida tez yordam mashinalari insonlar salomatligi uchun xizmat qilsa, ehson qilganlar shuncha yil savobiga sherik bo‘lib turadi.

«Umid qilamanki, ushbu tez yordam mashinalari hech bo‘lmasa, atigi 1 kishining hayotini saqlab qolsa ham biz asosiy maqsadimizga erishgan bo‘lamiz», deydi bloger.

U ushbu aksiyada qatnashgan hamda qo‘llab-quvvatlab, o‘z maslahatlari bilan yordam berganlarga cheksiz minnatdorligini bildiradi.

Qo‘shimcha qilinishicha, yig‘ilgan pul uchta Damas sotib olishga yetmay qolgan va «O‘zavtosanoat» AJ 28 million 720 ming so‘m mablag‘ni xayriya sifatida o‘tkazib bergan hamda mashinalarni juda tez fursatda chiqarishga yordam ko‘rsatgan.

Ko‘proq yangiliklar: