Xorazm viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) tomonidan 25-26 iyul (shanba-yakshanba) kunlari o‘tkazilgan reyd tadbirlarida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yish holatlari aniqlandi.
Aynan shu kunlari Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, maxsus ruxsatnomasi bor yoki maxsus ruxsatnomasiz yurish huquqiga ega bo‘lgan avtomashinalardan tashqari barcha transport vositalari va yo‘nalishsiz taksilar harakati taqiqlangan edi.
O‘tkazilgan reydlarda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan fuqarolar aniqlandi.
Jumladan, Xiva tumanida «Lasetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib, haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlar va maxsus ruxsatnoma so‘ralgan. Shunda u haydovchilik guvohnomasini bergan, ammo boshqa hujjatlarni yirtib tashlagan.
YHXB e'lon qilgan videoda haydovchining: «Meni videoga olyapsanmi, mana qara, mana «doverennost» shu mashinaniki. Mashinani berib yuboraman, qamab qo‘yaversinlar», deya hujjatlarni yirtib tashlaganini ko‘rish mumkin.
Holat yuzasidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Keyingi lavhada «Matiz» rusumli avtomashinaning uy ustuniga kelib urilgan holatini ko‘rish mumkin.
Bayon qilinishicha, «Matiz» haydovchisi YHXB inspektorining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmagan va harakatlanishda davom etgan.
Inspektorlar uni quvib yetganida, avtomashinadan tushgan. Undan hujjatlar so‘ralganida, avtomashinani boshqarganini tan olmagan.
«Men bu avtomashinani haydamadim, bu meniki emas. Agar haydagan bo‘lsam, gunoh menda bo‘lsa, mayli jazolang. Menda avtomashina kaliti yo‘q, men buni haydamadim. Men shu joyda pivo ichib o‘tirgan edim», – deydi u lavhada.
Bayon qilinishicha, haydovchining og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelgani sababli tibbiy ko‘rikka taklif qilingan. Uning natijasiga ko‘ra, spirtli ichimlik ichgani tasdiqlangan. Transport vositasi esa vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yilgan.