PFL: Barcha futbol musobaqalari 15 avgustga qadar to‘xtatildi

Sport 14:18 / 27.07.2020 3493

«Birinchi galda Birinchi liga va Ayollar chempionati musobaqasi, keyinroq esa futzal chempionati noma'lum muddatga qoldirildi. Superliga hamda Pro liga musobaqasi esa davom ettirildi. Orada virus yuqtirib olgan futbolchilar aniqlangach, O‘zPFL har ikki musobaqani avgustga qadar to‘xtatishga qaror qildi.

Bugun — 27 iyul kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi respublikada karantin talablari 15 avgustga qadar uzaytirilganidan kelib chiqib, mana shu muddat davomida futbol uchrashuvlarini o‘tkazmaslik bo‘yicha tavsiya xatini taqdim etdi. Ya'ni, terma jamoalar uchun mas'ul tashkilot ham futbolchilar salomatligi masalasini birinchi planga olib chiqdi.

O‘z navbatida O‘zPFL ham mavjud holat, qolaversa, futbolchi va murabbiylar bilan bog‘liq sharoitlar, mamlakatimizda hukm surayotgan karantin davri hamda undagi murakkabliklarni inobatga olib, barcha futbol musobaqalarini 15 avgustga qadar qoldirdi. Barchamiz uchun sog‘ligimiz birinchi o‘rinda. 

Musobaqaning qay tariqa tiklanishi, taqvim va format qay ko‘rinishda bo‘lishi masalasiga keyinroq oydinlik kiritiladi. O‘zPFL og‘ir sharoitda barcha yurtdoshlarimizga sabr, matonat va salomatlik tilaydi», - deyiladi PFL xabarida.

Ma'lumot uchun, PFL avvalroq chempionatning 10-11-12-turlarini 3-15 avgust kunlari Toshkentda markazlashtirilgan holda o‘tkazilishini ma'lum qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: