«Klublarimizda futbolchilar ko‘p aldanadi». Islom To‘xtaxo‘jayev Xitoyga ketishi, eng alamli mag‘lubiyat va milliy jamoa omadsizligi haqida

Sport 13:26 / 26.07.2020 11918

Toshkentning «Lokomotiv» klubidagi 7 yillik faoliyatidan keyin yil boshida «temiryo‘lchilar» safini tark etgan Islom To‘xtaxo‘jayev ham legionerga aylangandi. O‘zbekiston milliy jamoasiga nomzod bo‘lgan 30 yoshli himoyachi Xitoyning 2-ligasi bahslarida ishtirok etuvchi «Shenyan Urban» klubi safiga qo‘shilib, karantin tufayli yana yurtimizga qaytgan bo‘lsa-da, may oyidan yana yangi klubi bilan mashg‘ulotlarni boshlagan. Tribuna.uz sayti u bilan bog‘lanib, Xitoydagi faoliyati va boshqa mavzularda suhbatlashdi.

- Islom, necha oydirki siz haqingizda aytarli ma'lumot yo‘q. Hozirda qayerda va nima bilan bandsiz?

- Hozirda yangi klubim «Shenyan Urban» safida mavsum oldi mashg‘ulotlarni davom ettiryapman. Deyarli har hafta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazib, yangi mavsumga puxta hozirlik ko‘rishga harakat qilyapmiz.

- Shartnoma necha yilga tuzilgan? Umuman hozirgi sharoitingizdan qoniqyapsizmi?

- Klub tomonidan yaratib berilgan sharoitlardan nolimayman, Xudoga shukr hammasi yaxshi. Yangi jamoam bilan «1+1» ko‘rinishidagi shartnoma tuzganman. Ikki tomon ham hamkorlikdan qoniqsak, kelishuvni yana bir yilga uzaytirishimiz mumkin bo‘ladi.

- Ikkinchi liga o‘yinlari qachon boshlanadi? Umuman, siz o‘ynayotgan klub chempionatda o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘ygan?

- Bilasiz, 25 iyuldan Xitoy Superligasi bahslari start oldi. Quyi liga o‘yinlarini 9 avgustdan boshlanadi deyishgandi, ammo liga rahbariyati qarori bilan chempionat 15 avgust kuni boshlanadigan bo‘ldi. Har hafta nazorat uchrashuvlari o‘tkazib, bahslarni intizorlik bilan kutyapmiz.

- 20 yoshingizdan beri milliy jamoada to‘p surib kelyapsiz. 11 yildirki O‘zbekistonning eng yetakchi himoyachilaridan birisiz. O‘tgan davr mobaynida xorijda o‘ynash xohishi bo‘lmaganmi yoki o‘zingiz xohlagan shartlarga erisha olmaganmisiz? Nimaga aynan bu yil legionerga aylandingiz? Yana ham Xitoy quyi ligasiga...

- Chindanam milliy jamoada o‘ynayotganimga ham 11 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida xorij klublaridan bir qator takliflar bo‘lgan, ammo har safar qandaydir sabablar chiqib legioner bo‘la olmagandim. Gohida kelisha olmaganmiz, gohida esa jamoa yoqmagan, bir safar esa transferimni sotib olishni istamagan. Bu ham taqdirdan. Endi nasib qilgan ekan, legionerga aylandik. Bu yil oldimda aniq taklif tushgani uchun o‘zim ham muhitni, ob-havoni almashtirishga qaror qildim.

Klubning loyihalari menga yoqdi. Jamoa o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan. Bu yo‘lda barchamiz birdek kurash olib boramiz.

- Milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov bir necha bor siz kabi birinchi liga klublarini tanlagan futbolchilarni keskin tanqid qildi. Milliy jamoadagi o‘rningizni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqmaysizmi?

- Vadim Karlenovichni yaxshi va to‘g‘ri tushunaman. Chunki u kishi bosh murabbiy sifatida qo‘l ostidagi futbolchilari yaxshi chempionatlarda to‘p surishini istaydi. Ammo Xitoy quyi ligasini ham kuchsiz demagan bo‘lardim, har bir jamoa 2-3 nafardan yaxshi legionerlarga ega. O‘ylaymanki, ularga qarshi o‘ynash foydali ham bo‘ladi. Qolaversa, milliy jamoa sharafini himoya qilish uchun har doim tayyorman. Kimni chaqirishni esa murabbiylar hal qiladi.

- Milliy jamoa sobiq murabbiyi Ektor Kuper shaxsiga qanday qaraysiz?

- To‘g‘risini aytsam, Ektor Kuper murabbiy sifatida ham, odamiylik jihatdan ham menga yoqqan. Ko‘rsatmalari ham men uchun tushunarli edi. Ammo hammada ham har xil bo‘ldi. Aksariyat futbolchilar intervyularida Kuperni yoqmadi, deyishdi. Menga esa ish uslubi yoqqandi.

- O‘tgan yili Falastin bilan o‘yinda uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, Kuper iste'foga chiqarildi. O‘sha o‘yin turli gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Rostan futbolchilar «sabataj» qilishganmidi?

- Bunday fikrga faqat shunaqa ishlar bilan shug‘ullanib yurgan odamlar kelishi mumkin. O‘sha paytda jamoaning ichidan bo‘lgan futbolchi sifatida aytaman, hamma vijdonan bor kuchi bilan harakat qilgan, bunaqa gap-so‘zlar umuman bo‘lmagan. Futbol shunaqa – bir kun yutasan, ertasiga yutqazishing mumkin.

Yaxshi eslayman, 2012 yil O‘zbekiston – BAA o‘yinida alamli tarzda mag‘lub bo‘lib (2:3), London Olimpiadasiga bora olmaganimizda ham shunaqa gaplar urchigandi. O‘shanda ham jamoaning ichida edim, 2:0 hisobida g‘alaba qozona turib, 2-bo‘limda uchta gol o‘tkazib, mag‘lub bo‘lganimiz juda alam qilgan. Bunday gap-so‘zlarni chiqaradiganlarning o‘zi aslida futbolda shunaqa ishlar bilan shug‘ullanishi mumkin. Vatan jamoasi safida to‘p surayotganda bunaqa ishlar hech bir futbolchining xayolida ham bo‘lmaydi. Shaxsan o‘zim uchun ham, o‘sha paytdagi olimpiya jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov uchun ham faoliyatdagi eng afsuslanarli va alamli mag‘lubiyat o‘sha 2012 yilgi Olimpiada saralash bosqichidagi BAAga qarshi o‘yin bo‘lsa kerak.

Menimcha, o‘zi har safar bizga ozgina omad yetmay qolishiga, futbolimizdagi noto‘g‘ri ishlarni Xudoning jazosi bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki futbolimizda ko‘p nohaqliklar bo‘ladi, eng ko‘p uchraydigani futbolchilarni klublar ko‘p aldashadi, oylab maoshlarni berishmaydi, boshqa jamoaga o‘tib ketsa o‘sha oyliklarini ololmaydi. Xorijlik legionerlar bilan esa bunday qila olishmaydi, chunki ular FIFAga yozib baribir o‘z haqini olishadi. O‘zimizning futbolchilar esa bunday qila olmaydi. Fikrimcha, mana shunday nohaqliklar ko‘p bo‘lgani uchun ham bo‘lsa kerak, oxir-oqibat Xudo omadimizni ham bermaydi.

Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: