Fotogalereya: Urgut tog‘lari manzaralarini ko‘rganmisiz?

Light 00:22 / 26.07.2020 31141

Yurtimiz go‘zal maskanlarga juda boy. Ayniqsa tog‘li hududlarimizning tabiati betakror. Samarqand viloyati Urgut tumani ham tog‘li hududlari bilan har doim tabiat ixlosmandlarini o‘ziga jalb etib keladi.

Urgut tumanini janub tomondan o‘rab turgan tog‘ - Zarafshon tog‘ tizmasining bir bo‘lagi hisoblanadi. Kun.uz muxbirlari ushbu tog‘da bo‘lib, maskanning manzarali go‘shalarini suratlarga muhrlab qaytishdi.

Tumanning janubiy chegarasida joylashgan bu tog‘lar Urgut tumanini Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan ajratib turadi. Har ikki tuman o‘rtasidan o‘tgan chegara baland tog‘lar ustidan o‘tgan.

Ko‘rinib turgan tog‘ning orqa tarafi Kitob tumani hududi hisoblanadi

Urgut xalqi - azaldan mehnatkash, tadbirli. Shu tufayli bugun hatto odam chiqib borishi qiyin bo‘lgan tog‘ yonbag‘irlarida ham uzumzor bog‘larni ko‘rish mumkin.

Tog‘ yonbag‘ridagi lalmi uzumzorlar
Tog‘ yonbag‘ridagi lalmi uzumzorlar

Quyidagi fotosuratda aks etgan dara Quruqsoy deb ataladi. Uning bunday atalishiga sabab - bu darada joylashgan soydan faqat bahorning yog‘in-sochinli kunlarida suv oqadi. Boshqa paytda qurib yotadi.

Quruqsoy darasi

Daraning boshlanish joyidan ichkariga qarab kirgandan ikki tarafda qirning  tepasigacha toklar ekilgan. Bu toklar lalmi hisoblanadi.

Allohyoron cho‘qqisi

Shu yerning aholisi tok ekilmagan joylarning pichanlarini o‘rib bog‘lab qo‘yibdi.

Tog‘liklar shunaqa halqki, hech kim bekor qolmaydi. Kimdir chorva mollarini boqayotgan bo‘lsa, kimdir asalarichilik bilan shug‘ullanadi.

Tog‘liklar qirning tepasida, chiqib tushish qiyin bo‘lgan joyda bo‘lsa ham foydalanish mumkin bo‘lgan joyni ko‘rishsa, u yerni albatta bo‘sh qo‘yishmaydi.

Daradan chiqib boravergan sayin u torayib boraveradi. Eng tepada u juda torayib qoladi. Mahalliy aholining aytishicha, daraning shu joyi «To‘qim tiqildi» deb ataladi.

Tor daraning bunday deb nomlanishiga sabab bir paytlar - bu yerdan Kitobga oshib o‘tadigan yo‘l bo‘lgan va shu atrofdagi qishloqlar aholisi ot va eshakda shu tor daradagi so‘qmoq orqali Kitob tumanidagi qishloqlarga o‘tib-qaytgan. Daraning juda torligiga ishora sifatida uni «To‘qim tiqildi» deb atashgan.

To‘qim tiqildi darasi
To‘qim tiqildi darasining boshlanish joyi

Daraning tor joyiga kirishda juda katta harsang tosh tog‘ tepasidan qulab tushgan va tor daraning ustiga ilinib turibdi. Mahalliy aholining bildirishicha, bu harsangning qulaganiga necha yil bo‘lganini hech kim bilmaydi. «Balki ming yillar oldin qulab tushgan bo‘lishi ham mumkin» deyishdi ular.

«To‘qim tiqildi» darasining boshlanish joyidagi tepadan yumalab tushgan ulkan tosh

Tor daradan yurib biroz keng joyga chiqilgandan so‘ng tabiatning fusunkorligiga lol qolasiz.

Aytgancha, tog‘liklarning chorva mollari aksariyat hollarda ertalab shundoq haydab yuboriladi. Ular kuni bilan o‘tlab, kechki payt o‘zi qaytib keladi.

Tog‘da o‘tlab yurgan echkilar
Bu qo‘ylar ertalab qo‘yib yuborilsa, kechki payt o‘zlari qaytadi

Tog‘ga chiqishning ajoyib zavqi uning eng yuqorisiga chiqqanda bo‘ladi. 

Zarafshon vodiysi
Zarafshon vodiysi
Ko‘proq yangiliklar: