Jaloliddinovning transferi va koronavirus bilan o‘ynagan futbolchi haqida Vadim Abramov bilan suhbat

Sport 19:10 / 25.07.2020 17286

Shu kunlarda Jasur Jaloliddinovning transferi haqida nafaqat O‘zbekistonda, balki Rossiyada ham ko‘p muhokama bo‘lyapti. Bu boradagi savollarga javob olish uchun O‘zbekiston milliy jamoasi va «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbatlashdik.

Jaloliddinovning transferi

Oxirgi vaqtlarda Jasur Jaloliddinovning transferi borasida muhokamalar ko‘p bo‘lmoqda. Kelasi mavsumda YeChL guruh bosqichida o‘ynaydigan Moskvaning «Lokomotiv» klubi 2002 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik futbolchi bilan shartnoma imzolashga yaqin turibdi. Bu transferning summasi ham aniq – 350 ming yevro. Ammo rus nashrlarida transfer «Lokomotiv»ga 1 million yevroga tushishi, katta pulni futbolchining agenti olishi haqida habar paydo bo‘ldi. Keyinchalik bu transferdan «Bunyodkor» bosh murabbiyi Vadim Abramov ham manfaatdor ekani haqida mish-mishlar tarqaldi. Abramov bu borada savollarga javob berdi.

«Bu transfer qanday sodir bo‘lgani haqida qisqacha gapiradigan bo‘lsam, avvaliga uni eng kuchli yosh futbolchilar 50taligiga kiritishdi. Keyin Italiyaga borib keldi. Futbol ko‘rib yurgan odam bizda shunday iste'dodli bolakay borligini bilishi tabiiy edi. Uni kuzata boshlashdi va menga aloqaga chiqib, Jaloliddinovning qanday futbolchi ekani haqida so‘ray boshlashdi. Nafaqat menga, istalgan jamoaning bosh murabbiyiga shogirdi haqida ma'lumot so‘rab chiqishlari odatiy hol. Bungacha Ispaniyadan ham u haqda so‘rashgandi. O‘zbekistondagi ko‘p futbolchilar haqida mendan so‘rashadi.

Menga Yura Belous qo‘ng‘iroq qildi va Jaloliddinov bilan qanday bog‘lanish mumkinligini so‘radi. Men u bilan tanishman. Biz o‘shanda BAAda OChL o‘yinida qatnashish uchun borgandik. O‘sha yerda ular ko‘rishib, tanishishdi. Belous uning agentiga aylandi va ular takliflar bo‘yicha o‘zaro kelishib olishgan. Menimcha, undan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Chunki Jaloliddinovning biz bilan yarim yillik shartnomasi qolgan va agar biz uni «Lokomotiv»ga bermasak, futbolchi bepul ketishi mumkin edi. «Bunyodkor»dan qancha futbolchilar shunchaki bepul ketib qolishgan.

Bu mavzu haqida bemaza gaplarni yozayotganlar boshqacha ishlashga o‘rganishgan. Biz esa qanday ishlash kerak bo‘lsa, shunday ishlayapmiz. Biz Jasurni shunchaki «Lokomotiv»ga qo‘yib yubormadik, bu uchun pul ishladik. Men milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida uning «Lokomotiv»da o‘ynab ketishidan faqat xursand bo‘laman. Hozir Ostun O‘runov, Eldor Shomurodovlar Rossiyada yaxshi o‘ynashmoqda. Oldinroq Odil Ahmedov bu chempionatda o‘zini ko‘rsatgandi. Aynan ular sabab bugun o‘zbek futbolchilarini Rossiyaga chaqira boshlashdi. Bungacha Xitoy birinchi ligasiga, Malayziyaga, Indoneziyaga bepul ketishardi.

Vadim Abramov

Jaloliddinov uchun juda xursandman. U iste'dodli futbolchi. «Lokomotiv» yaxshi jamoa, u yerda futbolchiga yaxshi shartnoma taklif qilinadi, adashmasam, 5 yillik. U iste'dodli futbolchi bo‘lmaganida bizda o‘ynamasdi. Men uning talantini bir ko‘rishdayoq sezgandim. Unga «Beshiktosh», «Benfika»lar ham qiziqish bildirgandi, lekin futbolchining o‘zi «Lokomotiv»ni tanladi. Menimcha, u to‘g‘ri tanlov qildi. Rossiyada yashab ketishi ham oson, chunki mentalitet yaqin. Bundan tashqari, u rus tilini biladi. Shartnomaning yaxshi tomoni shundaki, Jaloliddinov yarim yil bizda ijara asosida o‘ynaydi. Hozir esa u Moskvaga borishi va murabbiy uni ko‘rishi kerak.

Belous transferdan 900 ming dollar ishladi? U tranferdan 3 million ishlasa ham, xursand bo‘lardim. Chunki bu ularning ishi. Buni «Lokomotiv»dan so‘rash kerak. Men shuni bilamanki, to‘g‘ri ishlayapman. Futbolchilar chetga keta boshladimi, demak milliy jamoa yomon o‘ynamayapti. Oldingi kelishimda ham futbolchilar chetga keta boshlagandi va bundan doim xursand bo‘lganman. Men hech qaysi agenti bilan ishlamayman. Mening ishim murabbiylik.

Chetdan turib loy chaplayotganlarni tushunmayman, ularning aniq maqsadi ham yo‘q. Mayli, bizni tanqid qilishsin, men tanqidga doim to‘g‘ri qarab kelganman. Lekin bizga qanday ishlashni o‘rgatishsa, ensam qotadi. Jaloliddinovning Rossiyaga ketgani, Shomurodov yoki O‘runovning ketgani turgan bitgani futbolimiz uchun foyda-ku axir. To‘g‘ri, bu futbolchilar o‘sha tanqidchilar eshitishni istagan pul evaziga ketmagandir, lekin bu bolakay uchun kim katta pul berishi mumkin? Masalan, Shomurodov ham «Rostov»ga ketib hozirgi holatiga chiqdi. U «Bunyodkor»da qolganida, hozirgi darajasiga chiqmagan bo‘lardi. Agar biz jahon chempionatiga chiqsak, chetga ketadigan futbolchilarimiz soni ko‘payadi va ularning narxi balandroq bo‘ladi.

Bilasizmi, kommunistlar to‘g‘ri aytishgan: «O‘z lagerimizni ko‘zdan kechirishimiz kerak, revolyutsiya dushmanlari ichimizda». O‘zbek futbolida ham dushmanlar futbolimiz ichida. Shunday bir guruh shakllanib qolgan. Ular to‘g‘ri gapirishsa ham mayli edi, ammo ular oqni qora deyishmoqda. Bu odamlar vaqtida Indoneziya, Xitoyga futbolchi yuborib klublarga bir so‘m ham foyda keltirmagan. «Bunyodkor»dan qancha futbolchilar tekinga ketib qolganini bilasizmi? Shunchaki futbolchilarning shartnomasi tugaydi, tushunarsiz agentlar paydo bo‘ladi-da, ketishadi. Masalan, G‘iyosov shunchaki ketdi-qoldi. U milliy jamoaga nomzod futbolchi bo‘laturib Koreya birinchi divizioniga ketdi. Men unga qayerga ketyapsan, bu sening chempionating emas, dedim. Jaloliddinov esa yaxshi chempionatga, yaxshi pul evaziga ketyapti. Bundan faqat xursand bo‘lish kerak emasmi?», dedi Abramov.

«Bunyodkor»da koronavirus

Abramov «Bunyodkor» futbolchilarida koronavirus aniqlanishi bilan bog‘liq holatga ham oydinlik kiritdi. Uning aytishicha, futbolchilarda virus hech qanday alomatlarsiz o‘tmoqda: «Islomda (Qobilov) virus aniqlandi, ammo u maydonga tushganida hech qanday alomat yo‘q edi, tabiiyki isitmasi ham. Chunki bizda isitmasi borlar umuman mashg‘ulotda qatnashmaydi. Hozir uch futbolchimizda virus aniqlangan va ular alohida shug‘ullanmoqda. Ko‘rib turganingizdek, ularda hech qanday alomat yo‘q.

Islomda isitma ko‘tarilgan kuni shifokor unga osma ukol qildi va isig‘i tushdi. Uni darrov alohidaladik. Keyingi kun mashg‘ulot o‘tkazmadi. Ketma-ket ikki kun hech qanday isitma kuzatilmadi, lekin vaziyat bunday bo‘lgani sabab baribir koronavirusga test topshirish kerakligini aytdim. Ishonasizmi, hamma yerda navbat kattaligi sabab test topshirish imkoni bo‘lmadi. Shifokor menga qo‘ng‘iroq qilib balki olmay qo‘yaqolarmiz, dedi. Men olish kerak, dedim va ular MOQga borishdi. U yerda ham analiz olishmadi, emishki analiz faqat olimpiyachilardan olinarkan. Men MOQ rahbariga chiqdim va shundan keyingina test olishdi. Javobni uch kun kutdik. Futbolchida hech qanday alomat bo‘lmagandan keyin «Navbahor»ga qarshi maydonga tushirdik», dedi Abramov.

Intervyuni to‘liq Kun.uz saytining YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: