Jahon banki O‘zbekistonga aloqador 9ta yangi loyiha ishlab chiqmoqda. Ularning qiymati 1,5 mlrd dollarga teng

O‘zbekiston 07:52 / 24.07.2020 13246

Joriy yilning 23 iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati, yilning birinchi yarmida qo‘shma loyihalar portfelini amalga oshirish natijalari, tayyorlash bosqichida bo‘lgan loyihalarni kelishish jarayoni, shuningdek, Jahon banki bilan O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni va tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirishda kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Bank rahbariyatiga joriy epidemiologik vaziyatda alohida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan va Respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarning tezkor ravishda ko‘rib chiqilganligi uchun minnatdorchilik bildirildi - joriy yil boshidan beri Jahon banki tomonidan umumiy qiymati 1 mlrd dollardan ko‘proq bo‘lgan 4 ta shunday loyiha moliyalashtirilishi ma'qullandi.

Birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra o‘zlashtirilgan Jahon bankining qarz mablag‘lari hajmi 310,0 mln dollarni tashkil etdi va o‘zlashtirish koeffitsiyenti mintaqada eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘ldi.

Bank vitse-prezidenti tomonidan hozirgi kunda telekommunikatsiya texnologiyalari, energetika, fanni tijoratlashtirish, shaharsozlik, o‘rmon xo‘jaligi sohalari, shuningdek, statistik ma'lumotlarni to‘plash va qayta ishlash hamda soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarga teng bo‘lgan 9 ta yangi loyiha ishlab chiqilayotganligi ma'lum qilindi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda Jahon bankining alohida roli ta'kidlandi. Bank mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining «Yo‘l xaritasi»ni, aviatsiya va energetika sektorlarini isloh qilish dasturini, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini, oliy ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi, Soliq kodeksining yangi tahririni, Bank tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqishda yaqindan ko‘maklashdi.

Shu nuqtayi nazardan, davlat korxonalari, bank sektori va aviatsiya sanoatini hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining boshqa tarmoqlarini isloh qilish bo‘yicha birgalikdagi ishlar doirasida kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Jahon bankining hududlarni rivojlantirishda O‘zbekistonga yanada yordam ko‘rsatishga tayyorligi bildirildi va viloyatlarda mavjud manbalar hamda qiyosiy afzalliklardan kelib chiqqan holda respublikaning har bir hududi uchun universal dasturlarni ishlab chiqish vazifalari kelishib olindi.

Shuningdek, yuqori iqtisodiy daromadlarni ta'minlaydigan davlat investitsiyalarini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish uchun birgalikda ish olib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: