2020 yilning 17 fevral kunidan 18 fevral kuniga o‘tar kechasi taxminan soat 01:00da 32 yoshli A.S. jinoiy sherigi 29 yoshli X.G‘. bilan Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan bilyard klubiga spirtli ichimlik ta'sirida mast holatda kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur klub ish boshqaruvchisi 55 yoshli D.I. ish vaqti yakunlanganini aytsa-da, ular jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, D.I.ni axloqsiz so‘zlar bilan haqorat qilib, sababsiz urib do‘pposlaganlar.
Bildirilishicha, o‘sha vaqtda bilyard klubda bo‘lgan ishchilar va mijozlar A.S. va X.G‘.ning bezorilik harakatlari oldini olish chorasini ko‘rganliklariga qaramay, ularga jiddiy qarshilik ko‘rsatib bilyard toshlarini otib, o‘zlaridan uzoqlashtirib takroran D.I.ning badaniga stul bilan urib, mushtlari bilan yuziga va badanining turli joylariga urib do‘pposlab, D.I.ga sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlar.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari natijasiga ko‘ra A.S. va X.G‘.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan ayb e'lon qilinib, jinoyat ishi tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.