Futbolni xususiylashtirish yo‘lida. «Turon» buning samarasini isbotlay oladimi?

Sport 18:10 / 22.07.2020 15273

#FootWeek'ning navbatdagi sonini suratga olish uchun Farg‘onaning Yaypan tumanida bo‘ldik. Bilasiz, u yerda tashkil etilgan «Turon» klubi o‘zbek futboliga shahdam qadamlar bilan kirib kelmoqda. Ko‘rsatuvning bu galgi sonida klub rahbari Abduvohid Abduvaliyev bilan suhbat uyushtirdik.

Ochig‘i, «Turon»dagi sharoitlar, stadion va maydonning holati havas qilarli darajada. Mahalliy hokomiyatdan yangi mavsum uchun pul so‘ramasdan ham klub qilish mumkinligini aynan shu jamoa misolida ko‘rdik. «Turon» FK rahbarining aytishicha, klubda futbolchilari ko‘pi bilan 3-4 million oylik olishadi. Mukofot pullaridan tashqari, albatta. Shuningdek, mavsum oxirida qayd etilgan natijaga qarab bonus pullari belgilangan.

«Turon» rahbariyati futbolchilar oldiga joriy mavsum uchun Superligaga chiqish vazifasini qo‘yishgan. Minimum vazifa sifatida esa Pro-ligada kamida uchlikka kirish belgilangan. Ma'lum bo‘lishicha, klub allaqachon marketing faoliyati orqali pul topishni boshlagan. Ammo «Turon» klubining pul topish uchun belgilagan asosiy maqsadi «Sporting» klubi kabi yosh futbolchilarni tarbiyalab transfer qilish va shu orqali pul topish ekani aytildi. Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida intervyuni to‘liq ko‘rinishda tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘rsatuvning bu sonida yana ko‘plab qiziqarli mavzulardagi mulohazalar bilan tanishasiz. Bu sonda «Navbahor» himoyachisi, O‘zbekiston milliy jamoasiga nomzod sifatida qaralayotgan Igor Golban bilan ham intervyu qilmoqchi edik, ammo futbolchi bunga rozi bo‘lmadi. «Navbahor» klubi esa bizni yanada hayratlantirib, hatto matnli intervyu ham tashkil qilib bermadi.

Bu sonda Yevropa transfer bozorida talash bo‘layotgan o‘zbek futbolchilar, Leonid Fedunning Oston O‘runovga qiziqishi, Turkiyadagi yangi chempion va yana bir ajoyib yulduz haqida gaplashamiz. Viktor Osimhen haqida eshitib ulgurgan bo‘lsangiz kerak. «Napoli»ga o‘tishga yaqin bo‘lgan bu futbolchi yoshligida juda ko‘p qiyinchiliklar ko‘rgan. Afrikadagi boshqa bolalar kabi... #FootWeek'ning yangi sonida Osimhenning o‘rnak olsa arzirli hikoyasini ham e'tiboringizga havola etamiz.

Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi. #FootWeek'ning yangi sonini tomosha qiling va o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Ko‘proq yangiliklar: