O‘zbekiston | 22:45 / 21.07.2020
8011
4 daqiqa o‘qiladi

Xolmo‘min Yodgorov: Oliy sud tasarrufidagi kvartira o‘z egasiga qaytariladi

Fuqaro Rustam Kamalovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi egaligidagi kvartirasi qaytarilishi mumkin. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni AOKAda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbirining fuqaro Rustam Kamalovning kvartirasi nima uchun Oliy sud egaligidan chiqarilmayotgani haqidagi savoliga Oliy sud raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov javob berdi.

«Oliy sud sudning hukmi bilan davlat egaligiga o‘tkazilgan va kimoshdi savdosiga chiqarilgan kvartirani savdoda qatnashib, belgilangan tartibda sotib olgan. Biroq, keyinchalik sudning hukmi bekor qilinib, kvartiraning davlat egaligiga o‘tkazilishi g‘ayriqonuniy bo‘lgan, deb topilgan. Bu jinoyat ishi sudloviga tegishli jarayon bo‘lgani sababli ish Rayosatda ko‘rib chiqilib, kvartira masalasi jinoyat ishi tarkibidan chiqarilgan.

O‘rtada auksion oldi-sotdi shartnomasi bo‘lgani bois, uni bekor qilmasdan turib, uyni Kamalovga qaytarib bo‘lmaydi. Shuning uchun Kamalov fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritgan. Yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni undirish bo‘yicha yangi talablari ham kiritilgan. Bugungi kunda fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi binosi karantinga olingani sababli ishni ko‘rib chiqish kechiktirilgan.

Bu ishda hech qanday muammo bo‘lmaydi. Uy (Yunusobod tumani 19-mavze, 32-uy, 48-xonadon – tahr.) bo‘shatib qo‘yilgan, u yerda yashab turgan Oliy sud sudyasiga boshqa uy topib ko‘chirdik, uy bo‘sh turibdi», – dedi Xolmo‘min Yodgorov.

Rustam Kamalov

Eslatib o‘tamiz, Rustam Kamalovga otasidan meros bo‘lib qolgan, Toshkent shahrining Yunusobod tumani 19-mavzesida joylashgan 32-uydagi 48-xonadon tergov organining asossiz xatlovi va sudning noqonuniy hukmiga binoan, 2009 yilda davlat egaligiga o‘tkaziladi. 2011 yili auksion savdosiga qo‘yilgach, uni Oliy sud mahkamasi 58,5 million so‘mga sotib olgan. Xozirga qadar bu kvartira Oliy sud xodimlari tomonidan xizmat uyi sifatida foydalanib kelingan.

Kun.uz saytida bu haqida maqola e'lon qilingandan so‘ng Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi B.Matmuratov, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori A.Saidovlar bunga munosabat bildirib, R.Kamalovga nisbatan Oliy sud tomonidan adolatsizlik qilinganini e'tirof etgandi.

Toshkent Davlat yuridik universitetining Fuqarolik huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Qambariddin Mehmonov muammoga nazariy jihatdan yondashib, Fuqarolik kodeksining 985-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar uni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozimligi, modomiki, tergov va sud organlarining noqonuniy qarorlari (harakatlari) oqibatida fuqaro R.Kamalovga zarar yetkazilgan ekan, u to‘liq hajmda qoplanishi shartligini eslatgandi.

Mavzuga oid