Samarqand shahar xalq ta'limi bo‘limi tomonidan shahardagi maktablarga yangi o‘quv yilida 1-sinfga qabul qilinadigan o‘quvchilarning hujjatlarini onlayn qabul qilish tashkil etildi. Bu haqda Samarqand shahar XTB Kun.uz`ga ma'lum qildi.
Koronavirus pandemiyasi vaqtida ota-onalar va o‘quvchilarning salomatligini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun shu tashabbusga qo‘l urilgan. Shuningdek, shahar XTBsiga ko‘ra, qabul jarayonida yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarning oldini olish uchun ham hujjatlar faqat onlayn qabul qilinishi joriy qilingan. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi ayrim maktablarda 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilish uchun pul yig‘ilayotgani haqida xabarlar tarqalgan.
Joriy yil 1-sinfga qabul qilinadigan o‘quvchilarning hujjatlari shahardagi har bir maktabda tashkil qilingan telegram raqami orqali qabul qilinadi. Bunda ota-onalar qabul jarayoni har bir maktabga biriktirilgan mikrohudud doirasida amalga oshirilishiga jiddiy e'tibor berishlari lozim. Ya'ni, maktab yoshiga yetgan bolaning hujjatlarini muammo tug‘ilmasligi uchun o‘z hududigi maktabga topshirish tavsiya qilinadi.
Avvalroq Xalq ta'limi vazirligi pandemiya sharoitida ota-onalarning maktablarda to‘planib yurishlarining oldini olish maqsadida Toshkent shahrida yangi o‘quv yilida 1-sinfga boradigan o‘quvchilarning hujjatlari onlayn tarzda navbatga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.