Yakkabog‘ tumanidagi fermerlarning e'tirozlari ortidan Kun.uz sayti Telegram kanalida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida fermerlarga chirigan kartoshka urug‘i tarqatilayotgani haqida material e'lon qilingandi.
Shuningdek, sayt muxbiri masala yuzasidan surishtiruv olib borib, fermerlar va «EGOIST AST» MChJ rahbari fikrini o‘rgangan edi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati vaziyat yuzasidan tahririyatga munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, bu vaqt oralig‘ida tuman hokimligi tegishli topshiriqdan so‘ng oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash alohida miqyosga ko‘tarilgan bir vaqtda sodir etilgan holat yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rgan.
«Bu yil Yakkabog‘ tumanida 107ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 1000 gektar yer maydonida urug‘lik kartoshka yetishtiriladi.
107ta fermer xo‘jaliklari xaqiqatan ham Qarshi shahrida ta'sis etilgan «EGOIST AST» MChJ bilan shartnoma imzolagan. «EGOIST AST» MChJ tomonidan fermer xo‘jaliklariga 10 ming tonnaga yaqin kartoshka urug‘ligi topshirilgan.
O‘rganishlar davomida aniqlandiki, tuman fermerlariga MJChning Yakkabog‘dagi va Shahrisabz shahridagi «EGOIST AST»ning omborxonalaridan urug‘lik tarqatilgan. Fermerlarga ko‘ra, Shahrisabz filialida tarqatilgan urug‘lik kartoshkaning ba'zi qismining sifati talabga javob bermagan.
Xulosadan so‘ng, tuzilgan ishchi guruhi MJChning Shahrisabz filialidan urug‘lik kartoshka tarqatilgan fermer xo‘jaliklari bilan uchrashib, olingan urug‘likni tekshirgan.
Rostdan ham Shahrisabz filialidan «Suyunov Mirza» va «Temir Habibullo o‘g‘li» fermer xo‘jaliklari olgan urug‘lik kartoshka chirigani aniqlangan. Shu bois, «Suyunov Mirza» fermer xo‘jaligiga tarqatilgan 6 tonna urug‘lik kartoshkaning 500 kilogrammi, «Temir Habibullo o‘g‘li» fermer xo‘jaligidagi 9 tonnadan 1200 kilogramm urug‘lik kartoshka ekinga yaroqsiz deb topilib, MJCh tomonidan almashtirib berilishi ta'minlangan.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmahamatovaning deputatlik so‘roviga ijobiy yechim bilan javob qaytarilgan.
Hozirda prokuratura xodimlari tomonidan ushbu masala yuzasidan surishtiruv va tekshiruv ishlari olib borilmoqda», deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati munosabatida.