Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyati Namangan shahri oqava suv tizimini kengaytirish va rekonstruksiya qilish (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjat O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 26-27 iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi yakunlari bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash, shuningdek, Namangan shahrining aholisi va xo‘jalik sub'yektlari oqava suv xizmatlari bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish maqsadida qabul qilinadi.
Namangan viloyat hokimligi hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining “Namangan shahri oqava suv tizimini kengaytirish va rekonstruksiya qilish (2-bosqich)” loyihasi bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari va 2019 yil 19 avgustdagi 659-E-son ekspertiza xulosasiga asosan qiymati 187,3 mlrd. so‘m bo‘lgan qurilish-montaj ishlarini 2020-2021 yillarda amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.
Loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining “Suv ta'minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” Davlat unitar korxonasi – buyurtmachi etib belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun o‘rnatilgan tartibda 2020 yilda 23,9 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishini ta'minlaydi.
Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A. Ramatov, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M. Soliyev zimmasiga yuklanadi.