La Liga yakunlari: Moslashuvchan Zidan, Edegorning qaytishi, Kasorlaning «oqqush qo‘shig‘i» va boshqalar

Sport 16:47 / 21.07.2020 12522

Eng yaxshi jamoa – «ReAL»

«Chempionlar Ligasi bu – Chempionlar Ligasi, ammo Ispaniya chempionatini yutish qiyinroq», degandi Madridga har 19 o‘yinda bitta sovrin olib kelayotgan Zinedin Zidan. Albatta, unga qo‘shilsa bo‘ladi, zero ichki chempionatni bir necha muvaffaqiyatli o‘yin bilangina yutish imkonsiz.

Har tomonlama olib qaraganda ham, bu Zidanning katta yutug‘i, aynan u yangi shartlarga juda yaxshi moslasha oldi – Ronalduning yo‘qligi, Azar va Asensioning jarohati, Beyl, Yovich va Xamesning o‘z ishiga professional yondashmagani kabi xalaqit berishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar ta'sirini kamaytira oldi. U Madridda shunday struktura yaratdiki, jamoa mavsumda eng kam gol o‘tkazgan jamoat bo‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi turlardagi minimal hisoblardagi g‘alabalar oldingi chiziqda muammolar bo‘lsa-da, aynan himoyaning yutug‘i bilan qo‘lga kiritildi.

Eng yomon jamoa – «ESPANOL»

Mavsum davomida yevrokuboklarda ishtirok etgan Kataloniyaning ikkinchi jamoasi 1993 yildan beri birinchi marta quyi ligaga tushib ketmoqda. Umuman, klub o‘z tarixida beshinchi marta yuqori ligani tark etishidir. Muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababchisi sifatida esa, El-Pratga Chempionlar Ligasini va'da qilgan xitoylik xo‘jayin – Chen Yan Shen.

O‘tgan mavsumda u to‘rt marta murabbiy almashtirdi. David Galego, Pablo Makchina, Abelardo Fernandes va Pako Rufete Espanolda ishlab ulgurishdi. Qishda hatto transferlarga yaxshigina pul ham sarflandi – Raul De Tomas, Adri Embarba va Leandro Kabrera klubga 40 million yevroga tushdi. Ammo ligada jon saqlab qolishning iloji bo‘lmadi.

Kashfiyot jamoa – «ReAL SOSeDAD»

Mavsumning ko‘p qismida «Sosedad» Ispaniyada eng zo‘r futbol ko‘rsatdi, shu bilan birga natijalar ham yomon bo‘lmadi. San-Sebastyanliklar ma'lum vaqt Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlarni band etib ham yurdi, yo‘llanma uchun «Atletiko», «Sevilya» va «Xetafe» jamoalari bilan kurashdi.

Ayniqsa, yarim himoyachilarning faolligi, yuqori pressing va jismoniy ko‘rsatkichlar bobida Alguasil shogirdlari Ligada yetakchi bo‘lishdi.

Murabbiy Martin Edegor, Aleksander Isak kabi skandinaviyalik futbolchilarni bir pog‘ona yuqoriga ko‘tardi. Endi Edegor «Real» uchun kerakli «sigir»ga aylangan bo‘lsa, Isakning narxi osmonga chiqib ketdi. Mikel Oyarsabal esa, aynan shu mavsumdagi yorqin o‘yinidan so‘ng, Ispaniya terma jamoasiga chaqiruv oldi.

To‘g‘ri, tanaffusdan so‘ng basklar o‘z formalarini yo‘qotib qo‘yishdi – 11 uchrashuvda atigi 2 g‘alaba va klub endi Yevropa Ligasi o‘rinlari bilan qoniqishga majbur. Lekin Ispaniya kubogi finalida «Atletik»ka qarshi derbida «Sosedad» mavsumni yuqori notada tugatish imkoniyatiga ega.

Muvaffaqiyatsizlik – «Barselona»

Foto: David S. Bustamante/Getty Images

So‘nggi turda «Barselona» «Alaves»ga qarshi o‘yinda 5:0 hisobida g‘alaba qozondi, hisob yanada yirikroq bo‘lishi mumkin edi. Ikkinchi o‘rin, YeChLda hammasi oldinda, Messi eng yaxshi to‘purar – qani endi barcha klublarning ham inqirozi shunaqa bo‘lsa...

Lekin jamoadagi muhit, turli ziddiyatlar, tanaffusdan keyin peshqadamlik boy berilgani va boshqa faktorlarni olsak, chindan ham «Barselona» uchun mavsum yomon o‘tdi, deyish mumkin. Jamoa so‘nggi olti yilda ilk marta mavsumni ichki sovrinlarsiz yakunlaydigan bo‘ldi, agar Messining iqtibosi bilan aytganda, «bu turishda «Napoli»dan ham o‘ta olinmasa», umuman klub sovrinsiz qolishi mumkin. Mavsum o‘rtasida Valverde o‘rniga Seten tayinlandi va yangi murabbiy veteranlarga yoqmayapti.

Umuman aytganda, «Barselona»dagi muvaffaqiyatsizlikdan ham ko‘ra, bu mag‘lubiyatga bo‘layotgan munosabat xavotirli. Agar Chempionlar Ligasida ham muvaffaqiyatsizlikka uchralsa, vaziyat yanada keskinlashishi turgan gap.  

Eng yaxshi transfer – Okampos

Milanda muvaffaqiyatsizlikka uchragan futbolchi uchun 15 million yevro sarflayotganda, Monchi nimanidir bilgani shubhasiz. Pul ishlatishni biladigan sport direktori bu safar ham adashmadi, Okampos – Monchining Sevilyadagi eng omadli nishonlaridan biri.

Argentina terma jamoasi futbolchisi «Ramon Sanches Pisxuan»da shu darajada yoqimtoyga aylandiki, barcha musobaqalarda 16 gol, 4 assistdan tashqari, darvoza chizig‘ida qutqaruvchi bo‘lib goldan saqlab qolish holatlari ham bor. 

Eng yomon transfer – YOVICh

Foto: Dean Mouhtaropoulos/Getty Images

Eden Azar, Antuan Grizmann va Joau Feliks kabi yirik transferlar ham hozircha umuman oqlagani yo‘q, lekin Yovichning xurmacha qiliqlarini ham qo‘shsak, reyting g‘olibi ma'lum.

Yovich karantin qoidalarini buzib Serbiya prezidentining jahlini chiqardi, devordan yiqilib oyog‘ini sindirib oldi, pandemiya davrida barbekyu tashkil qilib, ko‘pchilikning hayratiga sabab bo‘ldi.

Tabiiyki, bunday voqealar fonida Yovichdan maydonda natijalar kutish mushkul – barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda atigi 2 gol va 2 assist. Oldingi mavsumda «Ayntraxt» safida Yevropa Ligasining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan serbiyalik endi «Real» tomonidan transferga qo‘yilishi turgan gap.

Xayrlashuv – SANTI KASORLA

Bruno Soriano, Arits Aduris, David Surutusa kabi futbolchilarning keyingi mavsumdan Ispaniyada bo‘lmasligi qayg‘uli, lekin Santi Kasorlaning holati yanada ta'sirli. Chunki o‘z vaqtida nogiron bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan futbolchi yana o‘z darajasiga, ancha yuqori saviyaga chiqa oldi va mavsumni 11 gol va 10 golli pas bilan yakunlab, «Vilyarreal»ni boshini tik ko‘targan holda tark etdi.

Yangi mavsumda ushbu 35 yoshli futbolchi faoliyatini Qatarda, Xavi boshqaruvidagi «As-Saad»da davom ettiradi.

Mavsum masxarabozi – BEYL

Tanaffusdan keyin Garet ikki marta maydonga tushdi – «Eybar» va «Malorka»ga qarshi o‘yinlarda. Qolgan paytini u tribunada o‘zini ko‘rsatish bilan o‘tkazdi – ba'zida uxlab, ba'zida bo‘shliqqa tikilib o‘tirgan uelslik yulduz rejissyorlarning e'tiboridan chetda qolmadi. Shubhasiz, dunyodagi eng qimmatbaho va keraksiz yollanma.

«Samora» sovrini - KURTUA

«Real»ning ligada eng kam gol o‘tkazgan jamoa bo‘lishida belgiyalik posbonning o‘rni katta – ayniqsa, so‘nggi turlardagi asabiy o‘yinlarda aynan uning yuqori darajadagi o‘yini «Real»ga peshqadamlikni saqlab qolishda qo‘l keldi. Mavsumda eng ko‘p «quruq o‘yin» (16) o‘tkazgan Tibo Kasilyas davridan beri ilk marta bu sovrinni «Bernabeu»ga olib keldi.

«Sarra sovrini» – JYeRAR MOReNO

La Ligada to‘purar Messi, ammo yana bir alohida ramziy sovrin bo‘lib, bu chempionatda eng ko‘p gol urgan ispaniyalik futbolchiga beriladi. Yago Aspas va Raul Garsiya kabi futbolchilar har qancha harakat qilishmasin, «Vilyarreal» hujumchisiga yetib olishning uddasidan chiqishmadi. Jyerar Morenoning 18 goli jamoasiga beshinchi o‘rin va Yevropa Ligasida to‘p surish huquqini taqdim etdi.

Mavsum ramziy terma jamoasi

Darvozabon: Tibo Kurtua («Real»)

Individual olganda Yan Oblak va Mark-Andre ter Shtegen yorqinroq ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin, lekin Tiboning ishonchli o‘yinlari ko‘p bo‘ldi. «Real» himoyasi o‘z tomonida raqibga ko‘p imkon bermadi, Tibo esa, o‘sha kakm vaziyatlarda diqqatni saqlab tura oldi.

Himoya: Dani Karvaxal («Real»), Diyego Karlos («Sevilya»), Serxio Ramos («Real»), Renan Lodi («Atletiko»)

Karvaxal ushbu mavsumda shu qadar ishonchli harakat qildiki, «Real» o‘ylab ham o‘tirmasdan, yorqin o‘yinlar namoyish qilgan Ashraf Hakimini sotib yubordi. «Sevilya» himoyachisi Diyego Karlos esa Okampos bilan birgalikda, jamoaning yuragiga aylandi va endi hatto «Bavariya» uni o‘z safida ko‘rmoqchi. Ramosni ortiqcha ta'riflash o‘rniga, katta maqola yozish kerak, «Atletiko» chap qanotini o‘ziniki qilib olgan Lodi esa, bir yilda Braziliya terma jamoasi darajasigacha o‘sdi

Yarimhimoya: Santi Kasorla («Vilyarreal»), Kazemiro («Real»), Martin Edegor («Sosedad»),

«Vilyarreal» safida gollar bo‘yicha ikkinchi ko‘rsatkich (11 gol) va paslar bo‘yicha Messi va Oyarsabaldan so‘ng Ligada uchinchi ko‘rsatkich (10 assist) Santi Kasorlaning katta futboldagi so‘nggi mavsumi uchun zo‘r natija.

«Real»ning eng yaxshi davrlari, sovrinlar yutilgan paytlar aynan Kazemironing yaxshi o‘yini bilan bog‘liq bo‘laveradi. Agar bugungi Madrid tarkibidan chiqarib tashlash kerak bo‘lmagan yagona futbolchi bo‘lsa, u ham Kazemirodir. Zamonamizning eng yaxshi tayanch yarim himoyachisi, bunga shubha yo‘q.

O‘z vaqtida futbolda oshirib yuborilgan talant sifatida baholangan Edegorning katta futbolga chin ma'noda kirib kelishi, avvalgisidan zo‘rroq bo‘ldi. Endi katta shartnomalar, kelishuvlar, transfer mish-mishlari emas, aynan maydondagi ko‘rsatkichlar borasida Edegor liganing eng yaxshilaridan biriga aylandi. «Real» kelajak uchun qayg‘urmay, bemalol Xames yoki Iskodan voz kechsa bo‘ladi.

Hujum: Leo Messi («Barselona»), Karim Benzema («Real»), Okampos («Sevilya»)

Messi haqida faqat, qatorasiga o‘n uch yil bir darajada turibdi, deya olamiz xolos. Karim Benzema esa, aytish mumkinki, Madriddagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi, hatto hech kimga topshirilmaydigan «Oltin to‘p»ga asosiy da'vogarga aylandi. Liganing ikkinchi bombardiri, assistlar bo‘yicha 4-ko‘rsatkich. 

Okampos haqida yuqorida ham aytildi. Hujumning har ikki qanotida foydali o‘ynay oladigan futbolchiga ega bo‘lgani Xulen Lopetegining vazifasini ancha osonlashtirdi.

Asosiy pozitsiyalar:

Chempionlar Ligasi guruh bosqichi: «Real», «Barselona», «Atletiko», «Sevilya»;
Yevropa Ligasi guruh bosqichi: «Vilyarreal», «Real Sosedad»;
Yevropa Ligasi saralash bosqichi: «Granada»;
Segundaga tushib ketgan jamoalar: «Leganes», «Malorka», «Espanol».

Premer Ligaga «Kadis» va «Ueska» jamoalari yo‘llanma oldi. Uchinchi klub «Saragosa», «Almeriya», «Jirona» va «Elche» klublari o‘rtasidagi pley-off bahslarida aniqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: