«Koronavirus homilador ayollar uchun grippdan ko‘ra xavfsizroq». Bo‘lajak onalar uchun taskin va tavsiyalar

Jamiyat 17:34 / 21.07.2020 29309

«Men homiladorligimni bilmagan holda koronavirusga qarshi antibiotiklar ichdim. Endi nima qilishim kerak?». Bunday savollarni ijtimoiy tarmoqlardagi tibbiy forumlarda ko‘plab uchratish mumkin. Qozog‘istonda COVID-19 keng tarqalishi ortidan homilador onalar ham ushbu virusni yuqtirish xavfi ortdi. Koronavirus yuqtirgan yoki uni yuqtirish xavfiga duch kelayotgan homilador ayollar o‘zlarining savollariga javob olish uchun ko‘proq qayerga murojaat qilishni bilmay sarson bo‘lmoqda. Tengrinews.kz muxbiri qozog‘istonlik akusher-ginekolog, reproduktolog, tibbiyot fanlari doktori Vyacheslav Lokshinning tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

COVID-19 homilador ayollar uchun xavflimi?

Koronavirus juda yuqumli virusli kasallik hisoblanadi va homilador ayollarda oddiy odamlarga qaraganda uni yuqtirishga moyillik ko‘proq. Bunga sabab bo‘lajak onalarda homiladorlik tufayli immunitet pasayib ketadi. Bugungi kunda Qozog‘istonda 1000ga yaqin homilador ayollar koronavirusga chalinganlik tashxisi bilan ro‘yxatga olingan. Kasallik yuqtirganlar orasida homiladorlikning turli bosqichida bo‘lganlar bor: kimdir ilk bosqichda, kimdir o‘rta bosqichda, kimdir esa yaqin kunlarda ona bo‘lish arafasida. Bundan tashqari, Qozog‘istonda koronavirus yuqtirgan yuzdan oshiq homilador ayollarning allaqachon ko‘zi yorigan. Tug‘ilgan go‘daklarning 99 foizida koronavirus yo‘q.

Virus juda katta deb taxmin qilamiz va bu uning o‘ziga xos xususiyati. U yo‘ldosh to‘sig‘i orqali o‘ta olmaydi, aniqrog‘i uni kesib o‘ta olmaydi va shu tufayli homila himoyalanadi. Shu jihatdan koronavirus homilador ayollar uchun grippga qaraganda kamroq xavfli. COVID-19 parranda yoki cho‘chqa grippiga qaraganda ham ancha kam ta'sir qiladi. Albatta, biz ushbu xususiyatni birinchi bo‘lib ko‘rgan xitoylik hamkasblarimizning tajribasidan kelib chiqib bildiryapmiz. Shuningdek, biz Italiya va Ispaniya shifokorlarining amaliyotini ham chuqur o‘rgandik.

Hozir ancha tajriba to‘pladik. Bugungi kunda ushbu tajribani to‘play boshlaganimizga endi 6-7 oy bo‘lmoqda. Shuning uchun, biz hali ham COVID-19 sharoitida ona qornida bo‘lgan bolalarning o‘zini qanday tutishini bilmaymiz. Mamlakatimizda koronavirus bilan kasallangan ilk bolalar 2021 yil boshida tug‘ilishi mumkin.

Pandemiya sharoitida homilador bo‘lish kerakmi?

Hozir oson vaqt emas. Pandemiya tarqalishi sharoitida sog‘liqni saqlash tizimiga juda katta yuk tushyapti. Agar homiladorlikda qandaydir xavf tug‘ilsa, bo‘lajak onalar yordam so‘rab murojaat qiladigan tayinli joyning o‘zi yo‘q. Hamma bugun o‘zi bilan o‘zi ovora. Bunday holatda, homilador bo‘lish uchun biroz kutish kerak deb o‘ylayman. Lekin ikkinchi tarafdan ayrim ayollarga homiladorlikni shunchaki kechiktirish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.

1-2 yil yoki koronavirusga qarshi vaksina tayyor bo‘lguncha kutishga tayyor juftliklar ham yetarlicha. Menimcha, barcha xatarlarni inobatga olamiz deb uzoq vaqtni o‘tkazib yuborishning hojati yo‘q. Bundan tashqari, agar siz allaqachon koronavirus yuqtirgan bo‘lsangiz, unda homiladorlikni xavfsiz tarzda rejalashtirishingiz mumkin. Yuqorida aytganimday, 99 foiz hollarda koronavirus homilaga ta'sir qilmaydi, unga yuqmaydi va chaqaloqlar sog‘lom tug‘iladi. Shuning uchun ham homiladorlik ko‘rinadigan asoratlarsiz odatdagiday davom etadi.

Endi sun'iy urug‘lantirish orqali homilador bo‘lishga kelsak, pandemiya endigina boshlanganida, bizning klinikamiz embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bekor qildi. Ammo keyin biz bu sohada ham ishlarni davom ettirishga qaror qildik, chunki ko‘p oilalarga farzandli bo‘lish muhim edi. Shu tufayli sun'iy urug‘lantirish bo‘yicha ham ko‘p murojaatlar bo‘ldi.

Bundan tashqari, tabiiy ravishda homilador bo‘layotgan ayollarning aksariyati azbaroyi tezroq farzand ko‘rishni xohlagani uchun koronavirus pandemiyasining tugashini kutib o‘tirishni xohlamaydi. Ammo homiladorlik haqida keyin bilishadi. Shu sababli, embrion ko‘chirilishini qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bilishimcha, may oyi oxiriga kelib, barcha reproduktiv klinikalar ushbu ishni davom ettira boshladi.

Homiladorlikka qanday tayyorlanish kerak

Har doim homiladorlik rejalashtirilganda ayollarga foliy kislotasi yetarli miqdorda buyuriladi. Shuningdek, D vitaminini ko‘proq qabul qilish tavsiya etiladi, bu koronavirus kasalligidan keyin tananing tiklanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi isbotlangan. Ko‘proq meva va sabzavotlarni iste'mol qilish, nafas olish yo‘llarini chiniqtirish mashqlarini bajarish tavsiya etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, homilador bo‘lish uchun toza havoda yurish, jismoniy mashqlar bajarish va ijobiy kayfiyat juda muhim.

Aslida pandemiya boshlanishidan oldin ham ayollarga shunday tavsiyalar berilgan. Bu tavsiyalarga amal qilish har qanday sharoitda ham naf beradi. Masalan, koronavirus pandemiyasi vaqtida ularni bajarib yurish virusni yuqtirmaslikka yoki yuqtirsa ham uning asoratlari yengil o‘tishiga yordam beradi.

Bo‘lajak onalar uchun qat'iy karantinga rioya qilish muhim. Virus yuqtirmaslik uchun iloji boricha ko‘proq harakatda bo‘lish lozim. Odamlar gavjum bo‘lgan joylarga borishdan tiyilish, masofa saqlash, har doim niqobda bo‘lish kerak. Katta oilada masofa saqlash qiyin, chunki er, bolalar va ota-ona bor. Oila a'zolaridan biri virus yuqtiradigan bo‘lsa, u homilador ayolga virus yuqtirmaslik uchun albatta o‘zini o‘zi yakkalashi kerak.

Shuningdek, koronavirus pandemiyasi homiladorlik jarayoniga o‘zgartirishlar kiritganini ham ta'kidlashni istardim. Bugungi kunda akusherlik, ginekologiya va perinatologiya instituti bilan avvalgilaridan farq qiladigan dastur ishlab chiqdik. Yangi dasturning o‘ziga xos xususiyati shundaki, homilador ayollar ko‘rik va kompleks tekshiruvdan o‘tish uchun murojat qilganda albatta shifokor maslahatini olish uchun ham murojat qilishlari kerak.

Ular birinchi kompleks tekshiruvdan homila 12 haftalik bo‘lgunga qadar, ikkinchisida 22 haftalik bo‘lganidan kechiktirmay, uchinchisida 28 haftalik bo‘lganda kechiktirmasdan o‘tishlari kerak. Undan boshqa paytlarda esa virus yuqtirib olmaslik uchun homilador ayollar maslahat olish uchun turli klinikalarga borishdan tiyilib turishlari kerak.

Homilador ayolda koronavirus bo‘lsa, qanday yo‘l tutish kerak?

Homilador ayollarning koronavirusdan davolanishi boshqalardan farq qilishi tabiiy hol. Ularga virusga qarshi turli antibiotiklarni qabul qilish mutlaqo tavsiya etilmaydi. Faqat favqulodda holatlarda antibiotiklar qabul qilish mumkin. Qolaversa, bugungi kunda COVID-19’ni davolaydigan dorilar topilgani yo‘q, shuning uchun shifokorlar homilador ayollarga turli dorilarni tavsiya qilishdan tiyilib turibdi.

Homilador ayollarga ular bakterial infeksiya klinikasiga murojaat qilgandagina antibiotiklar qabul qilish tavsiyasi beriladi. Masalan, pnevmoniya harorat 5-7 kun davomida doimiy baland bo‘lsa, bakteriyalar keltirib chiqaradi. Ana shunday holatda homilaga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydigan antibiotiklardan foydalanish tavsiya etiladi. Har bir dorining ko‘rsatmalarida homiladorlik paytida nimani qabul qilish mumkinligi yozib qo‘yilgan. Qoida tariqasida asosan antibiotiklar guruhiga kiruvchi penitsillin keng qo‘llanadi. Antibiotiklarning tetrasiklin guruhiga kiruvchi dorilarni qabul qilish tavsiya etilmaydi.

«Fraksiparin», «Kleksan» kabi dorilar esa homilador ayollarga tavsiya etiladi. Ma'lum darajada ular homilador ayollar tanasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuningdek, homilador ayollar «Aspirin»ni ham qabul qilishi mumkin. U bo‘lajak onalar uchun paratsetamolga qaraganda nisbatan foydali.

Bundan tashqari, homilador ayol hamma narsani faqat shifokor buyurganidek bajarishi juda muhim. Agar kasallik asoratlarsiz o‘tayotgan bo‘lsa, unda qandaydir dorini qabul qilmagan yaxshi. Agar pnevmoniya kabi asoratlar bo‘lsa, unda homilador ayollarni kasalxonada davolash kerak. Shuningdek, bo‘lajak onalar uchun kompyuter tomografiyasi tavsiya etilmasligini bilish juda muhim.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdiki, koronavirus yuqtirgan homilador ayollarning aksariyati tabiiy ravishda tug‘moqda. Agar kesarcha uchun ko‘rsatmalar mavjud bo‘lsa, unda chaqaloq albatta operatsiya yo‘li bilan olinadi. Tug‘ruq yoki kesarcha paytida shifokorlar jamoasi yangi tug‘ilgan chaqaloqni yetarlicha himoya qilish va unga virus yuqtirmaslik uchun albatta maxsus himoya kostyumlarida bo‘lishi lozim.

Aniq holatni bilmagan holda antibiotiklardan foydalanish

Aksariyat antibiotiklar unchalik xavfli emas. Virusga qarshi dorilar juda xavfli. Agar homilador ayol ularni qabul qilgan bo‘lsa, unda albatta shifokor bilan maslahatlashish lozim. Ba'zida maslahatlashgandan so‘ng homiladorlikni to‘xtatish lozim bo‘lib qolishi mumkin. Virusga qarshi qabul qilingan dorining homilaga, ayniqsa dastlabki ikki oyda homila organlari va tizimlari shakllanishiga qanday salbiy ta'sir ko‘rsatishini tekshirib ko‘rish kerak. Ammo yana bir bor aytaman, penitsillin guruhiga kiruvchi antibiotiklar tug‘ilmagan bolaga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Shuningdek, doksisiklin va makrolid guruhiga kiruvchi antibiotiklar ham homilador ayollar uchun unchalik xavfli emas.

Koronavirusga chalingan ona bolasini emizishi mumkinmi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, koronavirus yuqtirgan ona bolasini emizishi mumkin. O‘tkazilgan tadqiqotlar virusning ona suti orqali yuqmasligini isbotladi. Ammo Qozog‘istonda biz ushbu amaliyotdan voz kechishga qaror qildik. Virus yuqtirgan ona o‘z bolasini emizayotganda har gal himoya kostyumi, niqob va ko‘zoynak kabilarni kiyishi va taqishi lozim bo‘ladi. Bularning barchasi ko‘p vaqtni oladi va albatta, juda murakkab jarayon hisoblanadi. Shuning uchun tuqqan ayollar faqat COVID-19 aniqlanmaganda yoki kasallikdan tuzalganda bolasini qo‘liga olishi mumkin.

Agar koronavirus yuqtirgan ona uyda bo‘lsa, u o‘zini bolasidan ajratib qo‘ysa yaxshiroq bo‘ladi. Bunday holatlarda, vahima tushmaslik, ortiqcha tashvishlanmaslik juda muhim. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar virusga uncha moyil bo‘lmaydi, sababi ular kuchli immunitetga ega bo‘ladi. Shu sababli yangi tug‘ilgan bolalarning koronavirus yuqtirish ehtimoli juda kam. Mabodo virusni yuqtirganda ham uni alomatlarsiz o‘tkazib yuboradi.

Shuning uchun, agar onada harorat va boshqa alomatlar bo‘lsa ham bolasini emizaverishi mumkin. Yana bir bor ta'kidlayman: ona sutida virus yo‘qligi isbotlangan.

Karantin homiladorlik ko‘payishiga sabab bo‘ladimi?

Ehtimol, odamlar karantin tufayli ancha erkinroq bo‘lishyapti. Ishonch bilan aytishim mumkin, avval turli sabablar bilan homilador bo‘la olmagan ayollar karantin paytida yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Pandemiya tarqalishidan oldin ish bilan bog‘liq bo‘lgan turli bosimlar karantin paytida bo‘lmaydi. Qisqasi, ularning erki o‘z qo‘lida bo‘ladi. Bunday sharoit homilador bo‘lish uchun juda qulay hisoblanadi. Oldinlari bepushtlik haqida tashvishlanganlar ham koronavirus xavfi ortidan unday narsalarni o‘ylamay qo‘ydi. Bu ham homilador bo‘lish uchun yaxshi sharoit yaratadi.

COVID-19 haqiqatan ham jiddiy muammo, lekin biz uni butun dunyodagi barcha professionallar bilan birgalikda o‘rganmoqdamiz. Yakuniy aniq natijalarni keyingi yilning boshida olamiz. Biz xitoyliklar, italiyaliklar va ispanlarning tajribasini kuzatyapmiz. Har qanday holatda homilador bo‘lishni va tug‘ishni to‘xtatishning hojati yo‘qligiga ishonamiz. Farzand ko‘rishni xohlovchi oilalar albatta maqsadiga yetishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: