Bo‘stonliqda buzilishi kutilayotgan 24ta uydan 2tasi uchun kompensatsiya beriladi - Xolmo‘min Yodgorov

O‘zbekiston 20:49 / 21.07.2020 14841

OAV bilan savol-javob shaklida bo‘lib o‘tgan tadbirda, Oliy sud rahbariyati, xususan Xolmo‘min Yodgorov Bo‘stonliqdagi snosga tushgan 24ta uy masalasiga yana bir bor izoh berib o‘tdi.

«Qurilish 2019 yil oktabr oyidan boshlangan. Men shu yerlarni buzmaylik, deb ham turdim. Da'vo berilgandan keyin obdon o‘rgandik. Yerlar sil kasalliklari shifoxonasiga tegishli ekani – bir taraf. O‘sha joyda qurilgan uylarni tepadan keladigan sel yuvib o‘tib ketishi mumkin. Qurilgan binolar uy emas. Ko‘chaning pastida chap tomonda bitta uy bor edi, u ham shu masala ko‘tarilgandan keyin ko‘chib kirib oldi. Bugungi kungacha hali birontasi buzilgani yo‘q.

Uylarning hammasi dacha. Hozir Bo‘stonliqda: «Dacha qur, lekin qonuniy qur, odamlar oilaviy kelib dam olsin», deb targ‘ib qilinyapti. Faqat qonuniy qur.

Sudya mustaqilligiga olib borib taqayapsiz. Oliy sudning 10ta sudyasi bir kunda borib ish ko‘rdi. 2tasi sil kasalliklarini davolash maskanining yonidagi uylar bo‘yicha bordi. Qolganlari pastda ishlarni ko‘rdi. Hozir aniq ma'lumot yonimda yo‘q ekan, uylar bo‘yicha prokuratura va hokimiyatning 5tacha da'vosini rad qildik. 10dan ziyodini ko‘rmasdan qoldirdik.

Yuqori kuchlanishli elektr liniyalari ostida joylashgan uylar borasida odamlarning uyini buzmasdan, liniyani ko‘chirish qaroriga keldik.

Bugungi kundagi MFY raisi nima deyotganini sizlarga aytaymi? «Bu uylar noqonuniy deb topilib buzilsa, meniki ham buziladi», deb, «Bu uylar ikki yil oldin qurilgan», deb turibdi. Lekin Google`ni hech kim alday olmaydi.

Ikkinchisi, bolalar sil kasalliklari davolash maskani direktori yer sotishga sherik bo‘lsa kerak. U ham aytyapti: «Yo‘q, bu yerlar sil kasalliklari shifoxonasining yeri emas». Borganda ko‘rsangiz, o‘sha sil kasalliklari shifoxonasining devorlarini shu yerda uy qurgan odamlar qurib bergan. Eng tepadagi uylar qurilgan yerda sil kasalliklari maskanining eski devori fundamenti turibdi.

O‘sha MFY raisi 2019 yilda 1998 yildagi hujjatni qalbakilashtirgan. Muhrni [burab] qo‘ygan. Imzoni esa o‘sha vaqtda ishlagan mahalla raisining imzosini qo‘ygan. O‘sha vaqtdagi rais kelib: «Bu mening imzom emas» dedi. Tekshirildi. Tergov ketyapti. Qamoqda o‘tiribdi. Soxta muhr qo‘ygan rais o‘zining o‘lgan xotiniga bitta uchastka, ikki o‘g‘liga ham bitta-bitta uchastka qilgan o‘sha yerdan. Bu yerda ularning juda katta manfaati turibdi.

«Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunni aytyapsiz. Buning uchun qonuniy hujjat kerak, qaynotasi noqonuniy hujjat qilsa, bu qonunga muvofiq kelmaydi-da.

24ta uy joylashgan yerda 2ta holatda kompensatsiya beriladi. Biri noqonuniy qurilgan qurilmani sotib olgan, ikkinchisi qandaydur bitim bilan olgan. Ikkalasiga ham yer maydoniga teng ravishda boshqa joydan yer berish majburiyatini hokimiyatga yukladik. Uyi sendvich panel ekan. Ko‘chirib o‘tkazsa bo‘ladi.

Qaynota hammasiga 2019 yilda qalbaki hujjat qilsa-yu, biz ularga kompensatsiya berib o‘tirsak. Biz FVVni chaqirtirib tekshirtirdik. Uylar selning yo‘lida turibdi. Uylarning ichiga kiring ko‘ring, basseyn, yotoqxona bor. Ular dacha. Odamlar u yerda yashamaydi. Yashaydigan uyi sal teparoqda joylashgan», – dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov.

Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Kun.uz saytida «Bo‘stonliqda 24ta uy buzilib, kompensatsiya to‘lanmasligi mumkin. Mulkdorlar huquqlari himoyasizmi?» sarlavhali maqola e'lon qilgan edik. Unda uyi buzilishga tushgan fuqarolar noroziligi yoritilgan edi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari va Bo‘stonliq tuman hokimligi tumanning «Chimgan» mahallasida joylashgan 24ta xonadon Sil kasalliklari shifoxonasiga tegishli yerdaligini ta'kidlamoqda. Ammo shifoxona direktori Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu yerlar shifoxona hududiga kirmasligini aytgan.

Mavzuga oid:

Ko‘proq yangiliklar: