Kun.uz muxbirlari murojaatda keltirilgan vajlarni o‘rganish maqsadida Narpay tumanida bo‘lishdi.
6 iyul kuni nima bo‘lgandi?
Otabek Artiqovning aytishicha, unga tegishli bo‘lgan ohak va mel ishlab chiqarish sexiga o‘g‘rincha tabiiy gaz tortib kirilgan, degan vaj bilan o‘sha kuni tuman IIB xodimlari va niqobli kishilar sexga bostirib kirgan. Tsex ishchilari va tadbirkorning yaqinlari bu holatni telefon orqali videotasvirga olishga uringan. Ishchilarning harakatidan norozi bo‘lgan IIB xodimlari tasvirga olayotganlarning telefonini kuch bilan tortib olgan. Shikoyatda aytilishicha, Ichki ishlar idoralari xodimlariga qarshilik ko‘rsatdi, deya yana uch kishi kaltaklangan, qo‘liga kishan solinib, olib ketilgan.
«Yiliga bir million dollargacha qishloq xo‘jalik mahsulotlari va ho‘l meva eksport qilamiz. Qo‘limizdan kelguncha tuman salohiyati uchun xizmat qilib kelyapmiz.
Ammo Narpay tuman IIB bilan ayni vaqtda o‘rtamizda ziddiyat bo‘lib turgani uchun buyurtma asosida bostirib kirishdi. Ularning maqsadi (IIB) bizni yomonotliq qilib ko‘rsatish, aybimizni topish bo‘lgan. Ammo gazga o‘g‘rincha ulanganimizni isbot qila olishmadi. Ayni vaqtda bir ishchimiz shifoxonada, yana biri o‘sha kunning o‘zida sud qilinib, uch sutkaga qamaldi. Yana bir ishchimizga ma'muriy jarima qo‘llashdi», deydi O.Artiqov.
«Karim qurilish savdo» xususiy korxonasi ta'sischisi Alisher Karimov ham bo‘lib o‘tgan voqeani tasdiqladi.
«Ochig‘i, ish joyimizga niqobli odamlar bostirib kiradigan tadbirkor emasmiz. Avvalo oilamizga, qolaversa, davlatimizga bir so‘m bo‘lsa ham foydamiz teksin, deb ishlab yuribmiz.
Kecha ko‘z oldimda voyaga yetmagan o‘g‘limni urib, qo‘lidan telefonini tortib olishdi. Kamiga, hech qayerga murojaat qilmasligimizni so‘rashyapti», deydi u.
A.Karimovning o‘g‘li Shahriyor Egamov bilan suhbatlashdik. U ham o‘sha kuni sexdagi holatni tasvirga ola boshlaganda, maxsus xizmat xodimi jigar sohasiga zarb berib, telefonini tortib olganini ma'lum qildi.
Darhaqiqat, bizga taqdim etilgan videolarda sexga niqobda kirib kelayotgan xodimlar ham aks etgan. Shuningdek, IIB vakili, deb aytilayotgan xodim ishchilarning qo‘lidan telefonni olib, apparat xotirasidan videolarni o‘chirayotgani ham tasvirga tushib qolgan.
Kaltaklandi deyilgan sex ishchisining ahvoli bilan tanishish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasida bo‘ldik.
Shifokorlar taqdim etgan qayd daftarlarida haqiqatan ham 6 iyul kuni O‘lmas Bozorov shifoxonaga yotqizilgani tasdiqlandi. Davolash ishlari bo‘yicha bosh vrach o‘rinbosari hozirgi vaqtda uning ahvoli yaxshi, kuzatuv ostida ekanini bildirdi.
O‘.Bozorovning orqa yelka qismi shifokorlar hamrohligida ko‘zdan kechirilganda, qavargan holatga guvoh bo‘ldik. O‘zining aytishicha, 6 iyul kuni IIB xodimlari uni «dubinka» bilan urgan ekan.
«Karim qurilish savdo» xususiy korxonasi rahbarlari va shifoxonada yotgan fuqaroning ko‘rsatmasidan so‘ng, vaziyatni ikkinchi tomondan ham eshitish maqsadida tuman ichki ishlar bo‘limida bo‘ldik.
Narpay tuman IIB boshlig‘i Ulug‘bek Halimov og‘zaki tarzda vaziyatni tushuntirishga urindi. Uning aytishicha, tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa korxona – «Maroqand sifat servis» MChJ mas'ullari o‘zlariga tortib borilgan tabiiy gaz quvuridan o‘g‘rincha foydalanilayotgani yuzasidan shikoyat qilgan. Shunga asosan voqea joyiga IIB xodimlari yetib borishgan. U.Halimov ichki ishlar xodimlari hech kimga qo‘l ko‘tarmagani haqida gapirdi.
Bizga rasman viloyat IIB orqali taqdim etiladi, deb ko‘rsatgan videoda haqiqatan ham katta gaz quvurdan o‘g‘rincha ulanib olingan holat aks etgandi. IIB boshlig‘ining og‘zaki tushuntirishidan so‘ng, «Maroqand sifat servis» MChJ hamda «Karim qurilish savdo» xususiy korxonasi vakillari ishtirokida voqea joyiga bordik.
U yerda haqiqatan ham «Maroqand sifat servis» MChJga tortib ketilgan gaz quvurining uchta joyidan kichik quvurlar orqali gaz o‘g‘irlangan. Lekin bu ikki holatda ham gaz Otabek Artiqov va Alisher Karimovga tegishli ohak sexidan olisda, boshqa bir obektga tortib ketilgan. Uchinchi nuqta esa ohak sexidan 30 metrcha naridan tortilgan. Bu hududda boshqa ishlab chiqarish korxonalari ham faoliyat ko‘rsatmoqda. «Karim qurilish savdo» xususiy korxonasi rahbari IIB taftish qilgan kuni tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanilganini isbotlovchi biror dalil ko‘rsatilmagani, bayonnoma ham tuzilmaganini aytmoqda.
«Karim qurilish savdo» xususiy korxonasi huquqshunosi Abdurahmon Ergashev 2017 yilda Narpay tuman IIB xodimlari tomonidan Otabek Artiqov nohaq qiynoqqa solingani va uch yil davomida tegishli idoralarga qilingan murojaatlar haqida gapirib berdi. U 6 iyul kuni ohak sexga kirib borgan tuman IIB xodimlarining harakatini shaxsiy adovat natijasida bo‘lishi mumkin, deya baholadi.
Shuningdek, 6 iyul kuni holatni tasvirga olishga uringan Jo‘rabek To‘raqulov ham voqea joyidan IIBga olib ketilgani va u yerda o‘zi aytmagan gaplar yozilgan qog‘ozga imzo qo‘yishini talab qilishganini bildirdi. «Advokatsiz hech nimaga qo‘l qo‘ymayman, advokat kerak» desa ham talabi qondirilmaganini aytmoqda. Shu kunning o‘zida uning xatti-harakati Narpay tuman ma'muriy sudida ko‘rilgan. O‘zining aytishicha, u soat 23:30larda sud zalidan chiqqan.
J.To‘raqulov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan aybli, deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida jarimaga tortilgan.
Tsex qorovuli Alisher Xo‘jayev esa uch sutkaga qamoqqa olingan.
Narpaylik tadbirkorlar gapirib bergan holat va o‘rganishlarimizdan so‘ng, Samarqand viloyat IIB matbuot xizmatiga bir qator savollar bilan murojaat qildik.
«Maroqand sifat servis» MChJ tomonidan berilgan arizaga asosan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish vaqtida, ya'ni 6 iyul kuni jamoat tartibini saqlash maqsadida tegishli xizmat xodimlari jalb qilingan. Arizada tadbirkorlar Otabek Artiqov va Jamshid Karimov nomi ko‘rsatilgani uchun ham aynan o‘sha joyga borilgan. Arizachi R.Hamrayevning ko‘rsatuvlari asosida hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda, gaz quvuri «BEST PRODUCT» va «KARIM QURILISh SAVDO» xususiy korxonalariga noqonuniy ulanganini tasdiqlovchi ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. IIB tomonidan «KARIM QURILISh SAVDO» xususiy korxonasining tadbirkorlik faoliyatiga aralashishlar bo‘lmagan va bu yo‘nalishda hech qanday tekshiruv o‘tkazilmagan.
Tergov-tezkor guruhi xodimlari tomonidan korxona ishchisining telefonlarini titkilanganlik holati kuzatilmagan. Korxona ishchilarining shunday vajni ko‘rsatib nazorat qiluvchi idoralarga yo‘llagan murojaatlari yuzasidan prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda.
O‘lmas Bozorovning tan jarohati olganligini bildirib qilgan murojaati Narpay tuman IIBning Sh-2 kitobidan o‘sha zahotiyoq qayd etilgan, holat prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.O‘sha kungi tadbir to‘liq videotasvirga olingan. Bu masalaga ham tekshiruv yakuni bilan huquqiy baho beriladi.
6 iyul kuni hodisa joyini ko‘zdan kechirish vaqtida «BEST PRODUCT» va «KARIM QURILISh SAVDO» xususiy korxonalari ishchilari jamoat tartibini buzib, hokimiyat vakilini qonuniy talablarini bajarmaganlik holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Harakatlarida ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalari bilan Narpay tuman ma'muriy sudiga yuborilgan.
Bundan tashqari, «KARIM QURILISh SAVDO» xususiy korxonasi bilan Narpay tuman IIBning sobiq boshlig‘i T.Eshnazarov o‘rtasida ziddiyatlar bo‘lmagan. Ushbu tadbirga uning hech qanday aloqasi yo‘q. T.Eshnazarov ustidan jinoyat ishi ochilmagan va u viloyat IIBda xizmat faoliyatini davom ettirmoqda», deya holatga izoh bermoqda Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati.
IIB matbuot xizmati 6 iyul kungi holat, ya'ni xodimlarning sexga kirib borgani va qonun doirasida ish ko‘rilgani, «Karim qurilish savdo» xususiy korxonasining o‘g‘rincha gazga ulanib olganini tasdiqlovchi videolar mavjudligi va hozircha bizga buni taqdim eta olmasligini bildirdi.
Tadbirkor Otabek Artiqov esa bu voqealarning yuz berishini Narpay tuman ichki ishlar bo‘limi bilan 2017 yildan buyon davom etib kelayotgan kelishmovchilikka bog‘lamoqda.
Nima bo‘lgan taqdirda ham kaltaklanganlar va haqiqatda tabiiy gazga o‘g‘rincha ulanib olganlar bor. «Karim qurilish savdo» xususiy korxonasi ishchilariga kimdir kuch ishlatgan yoki aksincha, korxona tabiiy gazga o‘g‘rincha ulangan bo‘lsa, bu holatlar sir bo‘lib qolmasligi kerak. Qonun hamma uchun barobar bo‘lishi lozim.
Mavzuga yana qaytamiz.
Isomiddin PO‘LATOV, Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbirlari.
Tasvirchi va montajchi: Jahongir ALIBOYeV.