Qishloq joylarda infratuzilmani rivojlantirishga 30 mln dollar ajratiladi

Jamiyat 11:59 / 20.07.2020 2021

Vazirlar Mahkamasi 7.07.2020 yildagi «Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida «Namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi yuzasidan qishloq massivlarida muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish (2 bosqich)» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 427-son qarorni qabul qildi.
 
27.11.2019 yilda loyihani amalga oshirish uchun to‘rt yillik imtiyozli davrni qo‘shib hisoblaganda 24 yilda so‘ndirish muddati bilan $30 mln miqdoridagi qarz bitimi imzolangan edi.
 
Norma’ning yozishicha, qaror bilan ikkinchi bosqich loyihasini amalga oshirish doirasida yig‘ma ko‘rsatkichlar tasdiqlandi, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi yuzasidan qishloq massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalarini qurish nazarda tutilgan.
 
«Qishloq qurilish invest» IK» MChJ loyihaning umumiy amalga oshirilishi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi qarz mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi uchun javobgar bo‘lgan ijro etuvchi organ etib belgilandi. «Qishloq qurilish invest» IK» MChJning loyihani amalga oshirish doirasida loyiha-qidiruv ishlanmalarini moliyalashtirish hamda boshqa xarajatlari Prezidentning 10.01.2020 yildagi PQ-4565-son qaroriga muvofiq «Qishloq qurilish invest» IK» MChJ uchun nazarda tutilgan markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlari hisobidan qoplanadi.
 
Hujjat bilan ilovaga muvofiq qarz mablag‘lari yuzasidan asosiy qarzni, foizlar hamda boshqa to‘lovlarni so‘ndirishning reja jadvali tasdiqlandi. Loyiha bo‘yicha mazkur xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
 
Hujjat 08.07.2020 yildan kuchga kirgan.

Ko‘proq yangiliklar: