80ta davlat borgan, «atigi» 65 davlat o‘tkazib yuborgan. 40 yil avval dunyo Moskva olimpiadasiga boykot e'lon qilgandi

Sport 22:29 / 18.07.2020 33553

1980 yilgi yozgi olimpiada o‘yinlari Moskvada o‘tgandi. Bu musobaqa ko‘pchilikning nazdida tarixdagi eng zo‘r yopilish marosimi bo‘lib yodda qolgan. Bundan roppa-rosa 40 yil avval, 1980 yil 19 iyulda boshlangan musobaqa ramzi bo‘lgan ayiqchaning yopilish marosimida osmonga uchib ketishi chindan juda ta'sirli bo‘lgan va tomoshabinlarning ko‘pchiligi ko‘ziga yosh olgan. Ammo bugun Moskva-80 haqidagi boshqa voqeani yodga olamiz.

1974 yil Xalqaro olimpiya qo‘mitasi o‘zining 75-sessiyasini Avstriya poytaxti Vena shahrida o‘tkazadi. Sessiya ishida bir qator muhim mavzular muhokamasi qatorida 1980 yilda o‘tkaziladigan olimpiada o‘yinlari mezboni masalasi ham ko‘rib chiqiladi. O‘shanda ikkita nomzod shahar bir-biri bilan jiddiy raqobatlashadi: Moskva va Los-Anjyeles. Shu yerda ham «dunyoning ikki qutbi» o‘rtasida raqobat bo‘ladi. Ovoz berish jarayonida Moskvada 39ta, Los-Anjyeles esa 20ta ovoz oladi va shu tariqa Moskva 1980 yilda olimpiada o‘yinlari mezbonligini qo‘lga kiritadi.

1974 yilda xalqaro maydonda SSSRning obro‘si ancha yaxshilangan, mamlakat siyosati «G‘arbdan dushman yasashni» birmuncha kamaytirgan va hatto AQSh bilan do‘stona aloqalarga o‘rnatilgandi. Moskvaning ko‘p ovoz olib, 1980 yilgi olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritishida shu omil muhim rol o‘ynagan bo‘lsa ham ajab emas.

O‘sha kezlarda yozgi olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritish SSSR uchun juda muhim edi. Birinchidan, yozgi olimpiada o‘yinlari XIX asr oxiridan buyon o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lsa-da, o‘sha paytgacha SSSR yoki Rossiya imperiyasi hududida birorta olimpiada bo‘lib o‘tmagan edi. Bundan tashqari, o‘sha paytgacha sotsialistik mamlakatlarning birortasida olimpiada o‘yinlari o‘tkazilmagan va uning kapitalistik dunyo bilan olib borayotgan raqobatlarini inobatga olsak, Moskvaning olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgani sotsialistlar uchun ham juda ahamiyatli edi.

Foto: Yandex.ru

SSSR rahbariyati 1980 yilda bo‘lib o‘tadigan musobaqani Moskvada o‘tishining ahamiyatini yaxshi tushunib turgan edi. Shu uchun ushbu nufuzli musobaqani ko‘ngildagiday o‘tkazish uchun SSSR poytaxtida keng ko‘lamli katta qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Jumladan, bu musobaqa uchun Moskvada jami 78ta turli mehmonxonalar va sport inshootlari yangidan quriladi. Bundan tashqari yana ko‘plab sport inshootlari, yo‘llar, mehmonxonalar ta'mirlanadi. SSSR rahbariyati Moskva olimpiadasini o‘tkazish uchun juda katta ko‘lamdagi ishlarni bajaradi, hatto KGB qoshida Moskva olimpiadasida xavfsizlikni ta'minlash uchun 11-maxsus bo‘linma ham tuziladi.

Shuncha tayyorgarlikka qaramay, Moskva olimpiadasini baribir tinch va to‘laqonli o‘tkazishning iloji bo‘lmaydi. Bu olimpiadada dunyoning salkam yarmi, sport eng rivojlangan davlatlar vakillari qatnashmadi. Sabab – siyosat.

1978 yil Afg‘onistonda Savr inqilobi amalga oshiriladi va mamlakatda qurolli to‘qnashuvlar boshlanib ketadi. SSSR rahbariyati 1979 yil dekabr oyida Afg‘onistonda o‘rnatilgan sotsialistik tuzumni himoya qilish uchun bu mamlakatga o‘z qo‘shinlarini kiritadi. Garchi bu ish Afg‘oniston hukumatining so‘rovi va ruxsati bilan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, dunyo hamjamiyati uni bosqinchilik deb baholaydi. Shundan so‘ng, ko‘plab xalqaro tashkilotlar, turli davlatlar SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishini qoralab chiqadi va undan qo‘shinlarini darhol olib chiqishini talab qiladi. SSSR esa Afg‘onistonda urushni davom ettiraveradi.

G‘arb davlatlari SSSRga turli choralar bilan ta'sir qilishga urinadi va iqtisodiy sanksiyalar joriy qilinadi. Keyinroq dunyoning ko‘plab mamlakatlari AQSh boshchiligida Moskvada bo‘lib o‘tadigan olimpiada o‘yinlariga o‘z sportchilarini jo‘natmasligini aytib, musobaqaga boykot e'lon qilishadi.

1980 yil yanvar oyida AQSh prezidenti Jimmi Karter SSSR rahbariyati oldiga talab qo‘yadi. Karter SSSR 1980 yil 20 fevralgacha Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqmasa, dunyo hamjamiyati Moskva olimpiadasiga boykot e'lon qilishini aytadi. Sovet rahbariyati AQSh prezidentining bu shartiga Sovet harbiylari Afg‘onistonga ushbu davlat rahbariyatining taklifi bilan kirganini va u yerda dushmanlar yengilmaguncha qo‘shinlar chiqarilmasligini ma'lum qiladi.

Foto: Sport-Ekspress

Shundan so‘ng Jimmi Karter dunyo davlatlarini ommaviy tarzda Moskva olimpiadasiga boykot qilishga chaqiradi va buni jahonning ko‘plab davlatlari qo‘llab-quvvatlaydi (AQShning taklifini qo‘llamay ham ko‘rishsin-chi).

O‘sha paytda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari bo‘lib turgan lord Maykl Morris Killanin turli yig‘inlarda dunyo davlatlariga murojaat qilib siyosatni katta sportga aralashtirmaslikni so‘rab bir necha marta chiqishlar qiladi. Ammo Moskva olimpiadasini boykot qilishga qaror qilgan davlatlar vakillari uning chaqiriqlariga «Sport tinchlik elchisi hisoblanadi. Boshqa bir davlat hududiga bostirib kirgan davlat qanaqa qilib tinchlik elchisi hisoblanadigan sport musobaqasini o‘tkazishi mumkin?», mazmunida e'tiroz bildiradi.

1980 yil 12 aprel kuni AQSh olimpiya qo‘mitasi prezident Karterning Moskva olimpiadasiga boykot qilish haqidagi qarorini qo‘llab quvvatlaydi. Keyinchalik prezident Karter o‘z xotiralarida Moskva olimpiadasini boykot qilish haqidagi qaror faoliyati davomida qabul qilgan eng qiyin va eng og‘riqli qaror bo‘lgani haqida yozgan edi.

AQSh davlat departamenti qoshida tuzilgan Moskva olimpiadasini boykot qilish shtabi boshlig‘i Nelson Ledski «O‘sha paytda AQShda SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirganiga jiddiyroq qarshilik qilish imkoniyati bo‘lmagan. Shu uchun ham Oq uy kichik imkoniyatdan bo‘lsa ham foydalanish uchun bir necha mamlakatlar bilan maslahatlashib, Moskva olimpiadasiga boykot e'lon qilishga qaror qilgandi. Boykotning asosiy tashabbuskorlari Buyuk Britaniya, Kanada va AQSh bo‘lgan. Bu uch mamlakat Moskva olimpiadasini boykot qilish haqida 1980 yil yanvar oyida o‘zaro kelishib oladi», degan edi.

Ledskining qo‘shimcha qilishicha, «Sehrli diyor»ning Moskva olimpiadasini boykot qilishini AQShdagi barcha sportchilar ham birday qabul qilmagan va o‘z hukumatidan bu boykotni bekor qilishni so‘raganlar ham bo‘lgan.

Karterning boykot haqidagi qarorini o‘shanda dunyoning yarmi, qariyb 100ga yaqin davlat qo‘llab-quvvatlaydi. Moskva olimpiadasini boykot qilishni qo‘llab-quvvatlagan davlatlarning ayrimlarida sportchilar o‘z hukumatidan sportga siyosatni almashtirmaslikni so‘rashadi. Ba'zilari esa o‘z hukumati Moskva olimpiadasini boykot qilsa ham, bu musobaqada ishtirok etishini bildiradi.

O‘shanda jami 14 mamlakat sportchilari o‘z hukumatining boykotiga qaramasdan Moskva olimpiadasida o‘z mamlakati nomidan emas, balki olimpiya bayrog‘i ostida qatnashishini bildiradi. Yana bir qator davlatlar olimpiada boshlanishidan avval fikrini o‘zgartiradi va Moskvaga o‘z sportchilarini jo‘natadi.

Moskva olimpiadasiga o‘z sportchilarini jo‘natmagan 65ta mamlakat orasida AQSh, Kanada, Turkiya, Koreya respublikasi, Yaponiya, GFR kabi sporti rivojlangan mamlakatlar bor edi. Buyuk Britaniya, Avstraliya, Andorra, Daniya, Puerto-Riko va Irlandiya hukumatlari o‘z sportchilariga o‘z mamlakati bayrog‘isiz qatnashishga ruxsat berishadi. Umuman olganda Moskvaa olimpiadasida bor yo‘g‘i 80ta mamlakat vakillari qatnashadi.

Eng qizig‘i bu musobaqani boykot qilganlar orasida sotsialistik lager vakili Xitoy ham bor edi. Xitoyning musobaqani boykot qilish sababi ham siyosiy edi: 1977 yil Mao Tszedun vafotidan so‘ng mamlakat tepasiga kelgan yangi rahbarlar tugal sotsializm bilan mamlakatni rivojlantirib bo‘lmasligini tushunib yetadi va sotsializmning xususiy mulkni inkor qilishi, aholiga kapital yig‘ish erkinligini cheklashi kabi unsurlaridan voz kechib, G‘arb mamlakatlari bilan iliq munosabatlar o‘rnata boshlagandi. Bu esa rasmiy Pekinning rasmiy Moskva bilan aloqalarini biroz sovuqlashishiga sabab bo‘lgandi. Shuningdek, o‘sha paytda Xitoy SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishiga ham qarshi bo‘lgan.

Sotsialistlardan yana biri Ruminiyaning Moskva olimpiadasiga boykot qilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Bu mamlakat rahbari Nikolaye Chaushesku ham negadir rumin sportchilarini Moskva olimpiadasiga borishiga qarshi bo‘ladi.

Olimpiadani boykot qilgan mamlakatlar Moskva olimpiadasi boshlanishidan uch kun oldin AQShning Filadelfiya shahrida Olympic Boycott Games nomi ostida xalqaro musobaqa tashkil etadi. Unda Moskva olimpiadasini boykot qilgan davlatlardan 29tasining vakillari qatnashadi.

Moskva olimpiadasining tantanali ochilish marosimi 1980 yil 19 iyulda Lenin nomidagi stadionda (bugungi Lujniki) bo‘lib o‘tadi. Unda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari lord Maykl Morris Killanin bilan birga KPSS Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Leonid Brejnev qatnashadi. Musobaqalar 15 kun davom etadi va 1980 yil 3 avgust kuni tantanali ravishda yopilish marosimi o‘tkaziladi.

O‘xshamagan qasos

1980 yilda o‘tkaziladigan olimpiya o‘yinlarini Moskvaga yutqazib qo‘ygan Los-Anjyeles ortga chekinmaydi va 1984 yilda olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish huquqini ikkinchi urinishda qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng Sovet Ittifoqi rahbariyati Moskva-1980 olimpiadasidagi boykot uchun AQShdan qasos olishni reja qiladi va Los-Anjyeles olimpidasiga SSSR sportchilari bormasligini ma'lum qiladi. O‘sha paytda sotsialistik davlatlardan 15ga yaqinini, bundan tashqari dunyodagi ko‘plab davlatlarni o‘z ta'sir doirasida ushlab turgan SSSR Los-Anjyeles olimpiadasini boykot qilishda muvaffaqiyatsizlikka duch keladi. Los-Anjyeles olimpiadasiga sanoqli davlatlar, aniqrog‘i 13ta davlat SSSRning «yuz xotiri» uchun boykot qiladi.

Sotsialistik davlatlar Xitoy, Yugoslaviya va Ruminiya SSSRni o‘ylab o‘tirmaydi va Los-Anjyeles olimpiadasida qatnashadi. Taqqoslash uchun Moskva olimpiadasida 80 davlat qatnashgan va uni 65 davlat boykot qilgan bo‘lsa, Los-Anjyeles olimpiadasida 140 davlat qatnashadi.

Olimpiada o‘yinlaridagi boykotlar tarixi

Olimpiada o‘yinlari tarixidagi boykotlar ilk marta 1956 yilda o‘tkazilgan Melburn olimpiadasida sodir bo‘ladi. Avstraliyadagi yirik shaharda o‘tkazilgan olimpiadani Misr, Livan va Kambodja davlatlari Suvaysh kanali tegrasida Isroil bilan sodir bo‘lgan qurolli mojaro tufayli boykot qiladi. Niderlandiya, Ispaniya va Shveytsariya SSSRning Vengriyaga bostirib kirganiga norozilik sifatida Melburn olimpiadasini boykot qiladi. Xitoy esa bu musobaqaga Tayvanni ham taklif etishgani uchun hududiy da'volar tufayli boykot qiladi.

Navbatdagi boykot 1964 yilda o‘tkazilgan Tokio olimpiadasida sodir bo‘ladi. Indoneziya, Shimoliy Koreya va Janubiy Afrika Respublikasi XOQning siyosiy sanksiyalarga aralashgani tufayli Tokio olimpiadasiga boykot e'lon qilishadi.

1976 yilda olimpiada o‘yinlari Kanadaning Monreal shahrida o‘tkaziladi. Bu olimpiadani Afrika qit'asidagi 26 davlat boykot qiladi. O‘sha paytda qora tanli aholini kamsitgani uchun JAR davlati barcha xalqaro sport musobaqalaridan chetlatilgan edi. Regbi bo‘yicha Yangi Zelandiya milliy jamoasi xalqaro taqiqqa qaramay, JAR milliy jamoasi bilan o‘zaro o‘yin o‘tkazadi. Xalqaro taqiqni buzgan Yangi Zelandiya sportchilari XOQ tomonidan olimpiada o‘yinlaridan chetlatilmagani uchun Afrikaning 26 davlati Monreal olimpiadasida ishtirok etishdan bosh tortadi. Los-Anjyeles olimpiadasining boykot qilinishi olimpiada tarixidagi jiddiy boykotlarning so‘nggisi bo‘ldi. Moskva olimpiadasidagi boykot esa Olimpiada o‘yinlari tarixidagi eng keng ko‘lamdagisi bo‘lib qoldi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: