Termizda tadbirkorlar hokimlik binosiga majlisga chaqirildi. Rahbarlar nega zamonaviylasha olmayapti?

Jamiyat 20:40 / 17.07.2020 51290

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridan murojaat kelib tushdi. Unda dorixona egalaridan biri tomonidan karantin vaqtida barcha dorixona rahbarlari 16 iyul kuni ertalab soat 8:00da majlisga chaqirilgani aytilgan.

Murojaatga Termiz shahar soliq inspeksiyasi profilaktika bo‘limidan murojaat ham ilova qilingan: «Assalomu alaykum hurmatli tadbirkorlar. Bugun soat 08:00da shahar hokimiyatida yig‘ilish bor. Shunga qatnashishlaringiz talab qilinadi. Oldindan rahmat», deyilgan talabnoma-murojaatda.

Biz chindan ham shunday yig‘ilish tashkillashtirilgani yoki yo‘qligini aniqlash uchun Termiz shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Abdumannon Saidmalikovga qo‘ng‘iroq qildik.

Uning ma'lum qilishicha, shu kuni ertalab soat 8:00da chindan ham shunday yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishga Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Pardayev, shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev va sektor rahbarlari boshchilik qilgan.

Ma'lum qilinishicha, tadbir shahar dorixonalariga dori vositalarini yetkazish, dori-darmonlar narxining sun'iy ravishda ko‘tarilib ketishining oldini olish, aholini sifatli dori-darmon bilan uzluksiz ta'minlashda tadbirkorlarga kredit masalasida amaliy yordam berish maqsadida o‘tkazilgan.

Endi qarang: koronavirus pandemiyasi sharoitida xavfsizlik maqsadida turli majlis-u yig‘ilishlarga barham berish kerakligi haqida bot-bot takrorlanmoqda.

Prezident ham hududlar hokimlariga karantin paytida joylarda barcha darajadagi yig‘ilishlar va majlisbozliklarga chek qo‘yish talabini qo‘ygan, barcha tashkilotlarda masofaviy ish tizimiga o‘tilishi tavsiya qilingan edi.

Shunga qaramasdan joylarda bunday majlislar tashkillashtirilayotgani tadbirkorlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Tushunamiz, dolzarb masalalar bor, topshiriqlar berilmoqda, ijro va nazorat kerak. Lekin shuni yuzma-yuz jonli tarzda amalga oshirish shart emas-ku? Qolaversa, Termiz shahri aloqa vositalari hali yetarli tarzda rivojlanmagan chetdagi bir shahar emas, viloyat markazi!

Aytaylik, shu majlisni ZOOM orqali o‘tkazish mumkin edimi? Albatta mumkin edi! Boz ustiga, karantinda ayni vaqti. Uzoqdan misol keltirib o‘tirmaymiz: viloyat hokimi To‘ra Bobolov xalq deputatlari Angor va Qiziriq tuman kengashlarning sessiyasida ZOOM orqali ishtirok etdi.

Majlislarni, yig‘ilishlarni seminar tarzida shu ko‘rinishda tashkil etsa bo‘ladi-ku? Lekin bizda rahbarlar aslo bunday qila olishmaydi. Buning asosiy uchta sababi bor:

1. Chunki majlislar ZOOM orqali o‘tkazilsa, yozib olinishi mumkin. Axir bizda majlislar hokimlik binosida, barchaning telefonlarini kiraverishdagi Milliy gvardiya yigitlariga qoldirib, o‘tkazish urf bo‘lgan.

2. ZOOM’dagi majlislarda «shira» bo‘lmaydi, chunki rahbarlar bunday onlayn majlisda qo‘pol so‘zlarni ishlata olmaydi, hech kimni urisha olmaydi, haqorat qilolmaydi.

3. Qolaversa, hokimlik binosida o‘tadigan tadbirkorlar ishtirokidagi majlislarda asosan noqonuniy topshiriqlar beriladi, tadbirkorlar gardaniga ularga xos bo‘lmagan vazifalar yuklanadi.

Endi ritorik savol: kasallik urchigan chog‘da, odamlarni bir xonaga qamab, uni virus o‘chog‘iga aylantirib, kishilar sog‘lig‘i va umrini xavf ostida qoldirgan amaldorlarni kim deb atash mumkin?

Pandemiya sharoitida odamlarning sog‘lig‘i birinchi navbatda bo‘lishi kerak. Qolaversa, o‘zini va o‘zgalarni hurmat qiladigan, hech kimdan muttahamligi yo‘q, halol rahbar qo‘l ostidagilardan topshiriq va ijroni talab qilib, bemalol ZOOM orqali majlis va yig‘ilish o‘tkazishi mumkin. O‘z bilimi, iqtidoriga ishongan haqiqiy lider, talabchan rahbar uning gaplarini birov yozib olib, tarqatishidan ham aslo cho‘chimaydi. Yozib olib, tarqatsa ham uni sharmanda qilish uchun emas, odamlar o‘rnak bo‘lishi, ularni xabardor va bilimli qilish uchun tarqatiladi.

Bizga aynan ana shunday rahbarlar kerak.

Shuhrat Shokirjonov

Ko‘proq yangiliklar: