Shonli o‘tmish va Sarkisyansiz «Neftchi» haqida Abdusamad Do‘rmonov bilan suhbat

Sport 13:08 / 17.07.2020 11743

#FootWeek loyihasining oxirgi sonida Farg‘onaning «Neftchi» klubi bosh murabbiyi Abdusamad Do‘rmonov bilan suhbatning bir qismini e'lon qilgandik. Bugun e'tiboringizga «Neftchi»ning sobiq yulduzi va hozirgi murabbiyi bilan suhbatning to‘liq ko‘rinishini taqdim etamiz.

«Neftchi»ga kelish

Suhbat avvalida Do‘rmonov «Neftchi»ga qanday kelib qolgani haqida gapirdi. Uning aytishicha, jamoaga Yuriy Sarkisyan taklif qilgan: «1992 yil Yuriy Vazgenovich Sarkisyan meni «Neftchi»ga taklif qilgan. Kelgan vaqtimda har yili fevralda hokim kubogi o‘tkazilardi. U vaqtlar bu musobaqaga kuchli jamoalar kelardi: «Paxtakor», «Pomir» (Dushanbe) Rossiya klublari. Kelgan kunim o‘yin bor edi. Sarkisyan menga tayyormisan, deb qoldi. Shunday qilib o‘sha kunning o‘zida maydonga tushib o‘ynadim. Adashmasam, «Pomir» bilan o‘yin edi, 0:2 yutqazdik. O‘yindan keyin murabbiy baqirib ketdi va mag‘lubiyatdan jahli chiqayotganini ko‘rib hayron qoldim. Axir bu qishda o‘tayotgan o‘rtoqlik turniri bo‘lsa... Qayerga kelib qoldim, deb o‘yladim.

Abdusamad Do‘rmonov

Keyin yigitlardan doim shunaqa bo‘ladimi, deb so‘radim. Ular doim mag‘lubiyatdan keyin shunday bo‘lishini aytishdi. Shunda bildimki, bu jamoada doim g‘alaba uchun maydonga tushish kerak, o‘rtoqlik o‘yinida ham, chempionatda ham. Murabbiy o‘yinlardan keyin meni chaqirdi va doim g‘alaba uchun o‘ynashni tushuntirdi. O‘shanda 26 yoshda edim va to‘g‘risi jamoaga oson kirishib ketdim.

Tez moslashib ketishimning yana bir sababi sharoitning yaxshiligi edi. klubda hamma narsa vaqtida bo‘lardi. Oilalimisan, senga kvartira berilardi. Bazada ham sharoitlar yaxshi. 2-3 kishi qolsa ham oshxona ishlardi. Futbolga bo‘lgan bunday munosabat menga yoqdi. Albatta, «Neftchi»da qolishimning asosiy sababi Sarkisyan bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, u muzaffar murabbiy edi. Shu-shu «Neftchi»da qolib ketdim».

«Bu o‘yinlar uchun chog‘lanish ham kerak emasdi»

Suhbatdoshimizning aytishicha, «Paxtakor» va «Navbahor»ga qarshi o‘yinlarda chog‘lanish ham kerak bo‘lmagan va har bir futbolchining o‘zi qanday katta o‘yinda maydonga tushayotganini his qilib harakat qilgan: «Bu o‘yinlarga alohida chog‘lanish ham kerak emasdi. Hamma o‘zi o‘yinning darajasini his qilardi. Maydonda jang bo‘lardi. «Paxtakor» mamlakatning eng kuchli jamoasi edi, ular bilan o‘yin ham qiyin kechardi, lekin «Navbahor» bilan o‘yinlar... Maydonda haqiqiy jang bo‘lardi. Namanganda 40 ming muxlis, bizda ham 20 mingdan ortiq muxlis. U vaqtda muxlislar ham boshqacha edi.

Foto: Hasan Pirmuhamedov

Faoliyatimdagi eng esda qolarli o‘yinlardan biri Toshkentda «Paxtakor»ga qarshi o‘tgan. Birinchi o‘yinda ikki kun oldin Vladikavkazning «Spartak» jamoasi safida o‘ynagan Mirjalol Qosimov va Igor Shkvirinlar bizga qarshi o‘yinda ham maydonga tushdi. Hayron qoldik, ikki kun oldin Rossiyada o‘ynagan futbolchilar qanday qilib bizga qarshi o‘ynashi mumkin, deb. Xullas o‘sha o‘yinda 2:0 hisobida yutqazdik va natija bekor qilinib, boshqatdan o‘ynaydigan bo‘ldik.

Foto: Hasan Pirmuhamedov

Qayta o‘tkazilgan o‘yinda ham «Paxtakor» juda ko‘p hujum qildi. Kechinovlar ko‘p imkoniyatlardan foydalana olmagan. Bir vaqt ukam Rustam gol urib, hisobni ochdik. Goldan keyin «Paxtakor» hujumga zo‘r berib, hisobni tenglashtirdi. Biz durangga ham rozi bo‘lib turgan vaqtimizda men markazdan jarima maydonchasiga qarab yorib kirdim. Shunchalik charchagandimki, o‘ylab ham o‘tirmay zarba yo‘lladim va qarasam to‘p to‘qqizlikka borib joylashdi. Shunday qilib «Paxtakor»ni Toshkentda yutib kelganmiz. O‘yindan keyin mukofot pullari ikki hissa oshirib berilgan va ikki kun dam olganmiz».

Sarkisyan ketgach...

Abdusamad Do‘rmonovning aytishicha, o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchli jamoalardan biri bo‘lgan, shonli o‘tmishga ega «Neftchi» bejizga bunday ahvolga tushib qolmagan. Sarkisyan davrida jamoada tizim bo‘lgan. Asosiy jamoa o‘z asosiga ega bo‘lgan, o‘rinbosarlar va yoshlar jamoasi ham asosiy jamoa o‘zagida rivojlanib borgan, uslub bir xil bo‘lgan. Shu bois o‘rinbosarlar jamoasi futbolchisining asosiy jamoaga o‘tishi muammosiz kechgan.

Foto: Hasan Pirmuhamedov

Do‘rmonov oxirgi yillarda «Neftchi» xohlagan odam kelib ketadigan jamoaga aylanib qolganini aytdi: «2018 yil «Neftchi» quyi divizionga tushib ketgach, yosh futbolchilardan iborat jamoa tuzdik. Yigitlarni to‘plaganda avvalo «Neftchi» futbolimizdagi brend ekanini tushuntirib berdik. Ruhiy jihatdan qanday katta jamoada o‘ynashayotganini tushuntirishga harakat qildik. Gaplarimiz ta'sir qildimi, ikkinchi davrada futbolchilarimizda o‘ziga bo‘lgan ishonch oshdi, ular boshqacha o‘ynay boshlashdi.

Oxirgi yillarda «Neftchi» xohlagan kelib ketadigan jamoaga aylanib qolgandi. Tarkib har yili deyarli to‘liq o‘zgaradigan bo‘lib qoldi. Bunday bo‘lmasligi kerak, jamoada asos bo‘lishi lozim».

«Ikkinchi yulduzni sizga qoldirdik...»

«Neftchi» bosh murabbiyining aytishicha, barcha mamlakatlarda ikkinchi divizion eng murakkabi hisoblangan, jumladan O‘zbekistonda ham: «Hamma mamlakatlarda eng qiyini aynan ikkinchi divizion. Angliyada Chempionship, Ispaniyada Segunda, bizda esa Pro-Liga. Haqiqiy keskin futbol shu yerda. Bu yerda yugurmay natijaga erishib bo‘lmaydi. Futbolchilarga ham buni ko‘p aytamiz.

Bizda hozir yosh futbolchilar to‘plangan: 1998, 1999, 2000 yil bolalar. Tabiiyki ular bizning o‘yinimizni ko‘rmagan. Bir kuni ulardan biri menga siz ham «Neftchi»da o‘ynaganmi, deb so‘rab qoldi. Ha, adashib kelib qolib, 10 yil qolib ketganman, deb hazillashib qo‘ydim. Mana, biz bitta yulduzchani oldik (O‘zbekiston chempionatida 5 marta g‘oliblik uchun beriladigan yulduzcha), ikkinchi yulduzchani sizlarga qoldirdik, deb aytdim».

Bobur Akmalov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: