Tibbiyot xodimlari bir martalik himoya kiyimlarini yuvib qaytadan ishlatayotgani, bunga ajratilgan pullar o‘zlashtirib yuborilgani rad etildi

O‘zbekiston 17:50 / 16.07.2020 17203

«Koronavirus kasalligiga chalingan bemorlar bilan bevosita ishlayotgan, ularni davolash jarayonida qatnashayotgan tibbiyot xodimlari, kasallik bilan zararlanganlarni tashish bilan shug‘ullanadigan tez tibbiy yordam xizmati xodimlari va haydovchilari, bemorlar bilan muloqotda bo‘ladigan shaxslardan tahlil uchun namunalar olishga ixtisoslashgan soha vakillari – barcha-barchasi maxsus himoya kiyimlari va tibbiy niqoblar bilan faoliyat yuritmoqda. Hech kim ularni bir martalik himoya kiyimini qayta kiyishga majburlayotgani yo‘q.

Tibbiyot xodimlari bir martalik himoya kiyimlarini yuvib qaytadan ishlatishayapti degan fikr bo‘lishi kerak emas. Negaki bugungi kunda ular ushbu bir martalik himoya kiyimlari va gigiyena vositalari bilan yetarlicha ta'minlangan bo‘lib, bu borada tanqislik ham mavjud emas. Boshqa bir davlatlardan farqli o‘laroq O‘zbekiston sharoitida barcha turdagi himoya vositalarini yetarli miqdorda ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Shuning uchun bu kiyimlar har kuni yoki belgilangan vaqtda almashtiriladi. Ularni yuvib, qaytadan ishlatish holatlari yo‘q.

Qolaversa, himoya kiyimlari uchun ajratilgan mablag‘larni kimlardir o‘zlashtirib yubordi degan gumonlarni aytishdan avval o‘sha joyda ishlayotgan mutaxassislardan bunga aniqlik kiritish, ularni ham eshitish kerak, nazarimizda. Bemorga yordam ko‘rsatishda himoya vositalaridan foydalanmaslik tibbiyot xodimlariga ham kasallikning yuqishiga olib kelishi mumkinligini hammamiz yaxshi bilamiz», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: