«18 va 25 iyul – shanba kunlari tibbiyot xodimlarining ishga chiqishi yoki uyda qolishini ish beruvchi hal qiladi» – Nurmat Otabekov

O‘zbekiston 18:13 / 16.07.2020 35139

«Haqiqatan ham joriy yilning 18–19-iyul hamda 25–26-iyul  – shanba va yakshanba kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatilishi rejalashtirilgan.

Shu jumladan 18-19 iyul hamda 25-26 iyul – shanba va yakshanba kunlari quyidagilar tavsiya etiladi:

– aholiga – «o‘zini o‘zi yakkalash» hayot tarziga qat'iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish;

– davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga – xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun shart-sharoit yaratish.

Shunga ko‘ra, yuqorida keltirilgan sanalarda tibbiyot xodimlarining xizmatiga ular ishlayotgan muassasada ehtiyoj bo‘lmasa, ishga chiqish yoki chiqmaslik masalasini tibbiyot muassasasi rahbari hal qiladi. Qachonki shifoxonada har kuni sizning xizmatingizga bemorlarning ehtiyoji bo‘ladigan bo‘lsa va rahbaringiz bunga zarurat topadigan bo‘lsa, demak, sizni ishga chaqirish masalasi o‘ylab ko‘riladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat bosh sanitariya inspektori respublikada koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun tibbiyot xodimlari yetarli ekanini ta'kidladi.

«O‘zbekistonda koronavirus kasalligini davolash bilan shug‘ullanadigan infeksionistlar, pediatrlar, reanimatologlar, pulmonologlar, bemorlarga tashxis qo‘yish bilan shug‘ullanadigan rentgenologlarga doim ehtiyoj bor. Bitta narsani unutmasligimiz kerak, bu kabi ehtiyojlar bo‘lmasligi uchun hamma imkoniyatlar ishga solingan. Bu kabi ehtiyojlar paydo bo‘ladi, qachonki, bu shifokorlar brigadasi bir smena ishlab, ya'ni 14 kun ishlab, ikkinchi 14 kunlik davomida nazoratda bo‘lgan vaqtda o‘rniga o‘rin shifokorlarni qo‘yishda muammo bo‘lishi mumkin.

Lekin hozir O‘zbekistonda bu kabi tanqislik umuman yo‘q. Nafaqat mavjud mutaxassislar, balki qisqa o‘quv kurslaridan o‘tqazib qaytadan tayyorlangan mutaxassislar hisobiga bu kabi tanqislikning oldi olinmoqda va bu har doim e'tibor markazidagi masala. Vazirlik, tegishli idoralar buni o‘z nazoratiga olishgan. Shifokorlar ta'minotida tanqislik (bu faqat vaqtincha karantinda bo‘lish bilan bog‘liq) yuzaga kelmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Shu bois ayni paytda respublikada tibbiyot xodimlari yetishmayotgani uchun faoliyatini to‘xtatgan biron bir shifoxona yo‘q», deydi Nurmat Otabekov.

Ko‘proq yangiliklar: