Artur Taymazovning olimpiya oltin medali boshqa sportchiga berildi

Sport 11:08 / 15.07.2020 28213

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) o‘zbekistonlik erkin kurashchi Artur Taymazovning 2012 yildagi London Olimpiadasida qo‘lga kiritgan oltin medalini boshqa sportchiga berish haqida qaror chiqardi.

Eslatib o‘tamiz, 120 kg vazngacha bo‘lgan toifada Artur gruziyalik David Modzmanishvilini mag‘lub etgan edi.

Ammo musobaqada olingan doping tahlillari qayta tekshiruvdan o‘tkazilgach, har ikkala sportchining tahlillarida taqiqlangan modda borligi aniqlandi. Natijada, Taymazov va Modzmanishvili diskvalifikatsiya qilinib, musobaqadagi natijalari bekor etildi.

Shundan so‘ng, XOQ medallarni qayta taqsimlash haqida qaror chiqardi. Unga ko‘ra, bronza medallarni qo‘lga kiritgan rossiyalik Bilol Maxov va eronlik Komil Qosimiy oltin medallarni oladigan bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil aprel oyida Artur Taymazov aynan doping sababli Pekin-2008 Olimpiadasida qo‘lga kiritgan oltin medalidan ham mahrum qilingan va u rossiyalik Baxtiyor Ahmedovga berilgan edi

Shundan so‘ng, Taymazov bu qarorga ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida munosabat bildirib: «Olimpiya chempioni bo‘lish bolalikdan orzum bo‘lib kelgan. Men bunga butun umrimni bag‘ishladim, sog‘lig‘imni «gilamda qoldirdim». Har doim o‘z medallarimni halol kurashda yutib kelganman. Hech qachon taqiqlangan preparatlarni qabul qilmaganman. 16 yil davomida har yili doping-namunalar topshirdim va biron marta ular ijobiy natija bermadi... O‘zim uchun, shuningdek, menga ishongan, muxlislik qilgan, har kunlik mehnatimni ko‘rganlar uchun men har doim uch karra Olimpiya chempioni bo‘lib qolaveraman... Men XOQning qaroriga nisbatan norozilik bildiraman», - deb yozgan edi.

Qayd qilish joizki, o‘zbekistonlik sportchilar London-2012 olimpiadasida 1ta oltin va 4ta bronza medalini qo‘lga kiritishgan edi. Erkin kurashchilar Artur Taymazovdan oltin va Soslan Tigiyevdan bronza medallari doping tufayli olib qo‘yilganida keyin, sportchilarimiz hisobida 3ta bronza qoldi. Ular dzyudochi Rishod Sobirov (-60 kg), bokschi Abbos Atoyev (o‘rta vazn) va og‘ir atletikachi Ivan Yefremov (105 kg) hisobida.

Ko‘proq yangiliklar: