Antibiotiklar viruslarni o‘ldirmasligini unutmaslik kerak - professor Gulnora Ibodova bilan suhbat

O‘zbekiston 13:24 / 15.07.2020 78592

– Gulnora opa, hamma koronavirus bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda boshqa yuqumli kasalliklar bo‘yicha vaziyat qanday? Pandemiya tufayli boshqa kasalliklar nazorati susayib ketmadimi?

– Statistikaga ko‘ra, boshqa yuqumli kasalliklar kamaymagan, og‘ir holatdagi bemorlar shifoxonalarga qabul qilinishda, yotqizilib davolanishda davom etmoqda. Biroq surunkali infeksiyalar bilan og‘rigan bemorlarga maslahat berish va muntazam davolash bilan bog‘liq ba'zi muammolar bor.

Ayni paytda bunday bemorlarga biz onlayn maslahat beryapmiz, lekin agar zarur bo‘lsa, barcha qoidalarga rioya qilgan holda shaxsiy himoya vositalari yordamida bemorlar bilan muloqotda bo‘lamiz.

– Pandemiya davrida ko‘pchilik prognozlar o‘zini oqlamayapti, koronavirus infeksiyasi kundan kunga ko‘payyapti. Lekin hamma epidemiyalarda ham o‘ziga xos davrlar bo‘ladi, ma'lum qonuniyatlar ishlaydi. Fikringizcha, O‘zbekiston kasallik bilan bog‘liq hozir qanday bosqichda?

– O‘zbekiston bu borada dunyo reytingida eng muvaffaqiyatli o‘rinlarda ketmoqda. Birinchidan, hatto qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda bizda kasallanish va o‘lim darajasi juda past. Ikkinchidan, qat'iy karantin choralari tashkil etilishi aholi o‘rtasida virusning shiddat bilan tarqalishiga imkon bermadi va karantin zonalaridan foydalanib muloqotni cheklash virus uzatish ehtimolini kamaytirdi. Uchinchidan, turli tashkilot va idoralarning o‘zaro samarali ish olib borishi mamlakatimizda kasallik tarqalishini nazorat qilib turibdi.

Biz pandemiyaning qaysi bosqichida ekanligimiz, rivojlanish ssenariysi butun aholimizning ongiga bog‘liq. Fuqarolarimizning asosiy qismi ko‘pbolali oilalar ekani, aholining zichligi, ommaviy tadbir, yig‘inlar va oilaviy bayramlarga an'anaviy moyillikni hisobga olgan holda, bizda pandemiyaning italyancha yoki xitoycha variantlarini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit bor.

Shu o‘rinda yurtimiz aholisidan vaziyatni to‘g‘ri baholab, bizni qo‘llab-quvvatlashlariga umid qilamiz, chunki hukumatimiz va sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan zarur bo‘lgan barcha ishlar amalga oshirilmoqda.

– Bu virusni davolashda dunyo bo‘yicha turli-tuman sxemalar taklif qilinyapti. Hatto jahon tibbiyoti aniq bir yo‘nalishni tanlay olmagani uchun tanqid ham qilinmoqda. O‘zbekiston olimlari qaysi uslubga ko‘proq yondashyaptilar?

– Kasallanish va o‘limning ko‘pligi holatiga duch kelish jihatidan xorijlik hamkasblarimizning tajribasi muhim, albatta. Biz ularning tajribasiga tayanamiz, lekin mahalliy xususiyatlarni – dori vositalari mavjudligi, bemorlar soni va boshqalarni ham hisobga olishimiz lozim.

Umuman olganda, biz rus olimlarining tajribasiga, Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlardan olingan ma'lumotlarga amal qilyapmiz. Davolash rejimlari doimo hamkasblarimiz tajribasi va o‘zimizning natijalarimizga ko‘ra o‘zgarib boradi va shu sabab shifokorlar uchun tavsiyalar yangilab turiladi (vaqtinchalik tavsiyalarning birinchi nashri, ikkinchi, uchinchi kabi). Biz davolash sxemalarini ilmiy va klinik tadqiqotlar natijalarini hisobga olgan holda o‘zgartirib turamiz.

– Virus sun'iy ravishda yaratilgan va ataylab tarqatilgan, degan taxminlarga qanday qaraysiz?

– Bu haqda aniq bir narsa deyish qiyin. Dunyoda mikroorganizmlar ustida tadqiqotlar olib boruvchi, himoya maqsadida vaksinalar, anatoksinlar kabilarni yaratish ustida ishlovchi ko‘plab laboratoriyalar mavjud. Ammo virusning tabiatiga qaraganda, o‘rtacha har 10-20 yilda kasallik tarqalishini hisobga olsak, bunday epidemiyani kutish mumkin edi.

Menimcha, bu – yovvoyi virus, sun'iy keltirib chiqarilgan emas.

– So‘nggi paytlarda taqdim etilayotgan va koronavirusga qarshi samarali deya aytilayotgan dori vositalari haqida fikringiz qanday?

– Virusga qarshi dori vositalari katta guruhni tashkil qiladi va bular orasida favipiravir, remdesevir va ularning muqobillari samarali hisoblanadi.

Boshqa barcha virusga qarshi va immunomodulyatsion dorilar faqat umumiy yoki mahalliy immunitetni saqlashga yordam beradi, menimcha. Biroq bunday preparatlar asosan kasallikning boshida yoki infeksiyaning dastlabki bosqichida samarali bo‘ladi, chunki patogenetik asoratlar mexanizmlari mavjud, shuning uchun bemorlar o‘ladi va bunda davolash strategiyasi kasallikning o‘ziga xos klinik manzarasiga bog‘liq.

– Malakali mutaxassis bilan suhbat imkoniyatidan foydalanib, yana bir muhim mavzu bo‘yicha savol bersam. Ma'lumki, sobiq ittifoq hududi, ya'ni biz ham antibiotiklarga haddan ziyod ruju qo‘yganlar, deya ta'riflanamiz. Bu dori vositalarining zarari, mikroblarning ularga nisbatan chidamliligi oshishi bo‘yicha ko‘p gapiriladi. Shu bo‘yicha ham ma'lumot bersangiz.

– Ha, sobiq sovet mamlakatlarida antibakterial dorilar ko‘pincha asossiz ishlatiladi. Biroq antibiotiklar viruslarni o‘ldirmasligini unutmaslik kerak, ular faqat ikkilamchi bakterial asoratlar uchun samaralidir.

Antibakterial preparatlarni tayinlash faqat ko‘rsatmalarga muvofiq va mikroorganizmlarning bu antibiotiklarga sezuvchanligini hisobga olgan holda qo‘llanishi kerak. Aks holda, siz haqsiz, nafaqat kutilgan ijobiy ta'sirni ko‘rmaymiz, balki bemorning ahvolini yomonlashtirishimiz mumkin. Chunki darhaqiqat antibiotiklar, ayniqsa tizimli harakatlar inson immun tizimini pasaytirishi mumkin.

Antibiotiklarni asossiz buyurish mikroorganizmlarning ularga qarshilik ko‘rsatishiga olib keladi va ular unga ta'sir qilishni to‘xtatadi. Ko‘p kuzatganmiz: sil, sepsis, pnevmoniya, diareya kabi kasalliklarda juda kuchli antibiotiklarni qo‘llash ba'zida nafaqat samara bermasligi, aksincha bemorning ahvolini og‘irlashtirishi mumkin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: