La Liga. «Real» safarda «Granada»ni mag‘lub etib, chempionlikka juda yaqin keldi

Sport 03:00 / 14.07.2020 6342

Ispaniya chempionati 36-turi doirasida chempionlik uchun kurash olib borayotgan «Real» safarda «Granada» ustidan qiyin g‘alabaga erishib, sovrin sari yana bir muhim qadamni tashladi.

Uchrashuvning 10-daqiqasida Mendi hisobni ochgan bo‘lsa, 6 daqiqa o‘tib Benzema o‘z nomini tabloga yozib qo‘yib, farqni ikkitaga yetkazgan holda mavsumdagi 19-golini kiritdi.

Mezbonlar 50-daqiqada Machisning goli evaziga bahsga intrigani qaytarishdi. Biroq o‘yin yakuniga qadar Zineddin Zidan jamoasi muhim bo‘lgan g‘alabani saqlab qoldi va chempionat tugashiga 2 tur qolganida eng asosiysi ta'qibchisi «Barselona» bilan farqni yana 4taga yetkazib qo‘ydi. Ushbu g‘alaba Madrid klubining ketma-ket 9-g‘alabasi bo‘ldi.

Turnir jadvalida 1-o‘rindagi «Real»da 83, «Barsa»da esa 79 ochko mavjud bo‘lib, navbatdagi turda La Ligada chempionlik masalasi uzil-kesil hal bo‘lishi mumkin.

La Liga. 36-tur. 13 iyul

Granada – Real Madrid 1:2

Gollar: 0:1 – 10 Mendi, 0:2 – 16 Benzema, 1:2 – 50 Machis.
Granada – Ruy Silva, Duarte, Dias (Puertas, 46), Xerman Sanches, Fulke (Montoro, 55), Aziz, Jil Diash, Viko (Eteki, 75), Errera (Antonin, 75), Machis (Keybashi, 85), Fernandes.
Real Madrid – Kurtua, Ramos, Mendi, Karvaxal, Varan, Kazemiro, Kroos, Isko (Rodrigo, 64), Modrich, Valverde (Asensio, 64), Benzema.

Ko‘proq yangiliklar: