Farg‘onada xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi yong‘inda odamlar hayotini saqlab qoldi

Jamiyat 14:42 / 14.07.2020 7108

Farg‘ona shahridagi Qirguli mavzesida yashab kelayotgan, Mudofaa vazirligi Toifalangan obektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining harbiy qismlaridan birida xizmat qilayotgan kichik serjant Farhodjon Nabijonov 2 odamning hayotini saqlab qoldi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Xizmat safaridan uyiga qaytib kelgan F.Nabijonov ko‘chadan kelayotgan shovqin-suronni eshitib qoladi. Derazadan qarab, qo‘shni 17-uydan yong‘in chiqayotganini, uy atrofiga yig‘ilgan odamlar sarosimada ekanini ko‘radi va tezda o‘sha uy tomon oshiqadi.

Shunda bu uyning 25-xonadonida yong‘in chiqqani, shahar Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi qutqaruv guruhi chaqiruv bo‘yicha voqea joyiga yetib kelgani, uyni elektr ta'minotini uzib, yong‘inni o‘chirishga harakat qilayotgani ma'lum bo‘ladi. 

F.Nabijonov zudlik bilan tutunga to‘lgan pod'yezddan yuqoriga ko‘tarilib, yong‘in chiqqan uy eshigini buzib, ichkariga kiradi va chamasi 50-55 yoshlar atrofidagi hushsiz yotgan xonadon sohibini ko‘tarib, xavfsiz joyga, uy tashqarisiga olib chiqadi.

Shu payt uyning 5-qavatidan qiz bolaning yig‘isi eshitila boshlaydi. Uning onasi avvalroq dorixonaga chiqib ketgan edi. Qaytib kelgach, qizining ovozini tanib, unga yordam berishlarini odamlardan iltimos qila boshlaydi. F.Nabijonov ayoldan uyning kalitini olib, zudlik bilan pod'yezdga kirib ketadi. Biroz vaqt o‘tgach, qizchani ko‘tarib tushadi va onasiga topshiradi.

Kichik serjant Farhodjon Nabijonovga ko‘rsatgan jasorati va 2 odamning hayotini saqlab qolgani uchun mahalla ahli, qolaversa, qutqaruv guruhi vakillari ham o‘z minnatdorchiligini bildirishdi, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: