Abdusamad Do‘rmonov: «Neftchi» xohlagan kelib ketadigan jamoaga aylanib qolgandi»

Sport 20:05 / 14.07.2020 15829

#FootWeek o‘zbek klublarining holati bilan tanishishda davom etadi. Bu gal ijodiy jamoamiz Farg‘onada «Neftchi» klubi mehmoni bo‘ldi. Jamoaning o‘tmishdagi yulduzlaridan biri va hozirda bosh murabbiyi bo‘lgan Abdusamad Do‘rmonov bilan farg‘onalik muxlislar uchun og‘riqli mavzu – «Neftchi»ning qulashi haqida gaplashdik.

Sarkisyan ketgach...

Abdusamad Do‘rmonovning aytishicha, o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchli jamoalardan biri bo‘lgan, shonli o‘tmishga ega «Neftchi» bejizga bunday ahvolga tushib qolmagan. Sarkisyan davrida jamoada tizim bo‘lgan. Asosiy jamoa o‘z asosiga ega bo‘lgan, o‘rinbosarlar va yoshlar jamoasi ham asosiy jamoa o‘zagida rivojlanib borgan, uslub bir xil bo‘lgan. Shu bois o‘rinbosarlar jamoasi futbolchisining asosiy jamoaga o‘tishi muammosiz kechgan.

Abdusamad Do‘rmonov

Do‘rmonov oxirgi yillarda «Neftchi» xohlagan kelib ketadigan jamoaga aylanib qolganini aytdi: «2018 yil «Neftchi» quyi divizionga tushib ketgach, yosh futbolchilardan iborat jamoa tuzdik. Yigitlarni to‘plaganda avvalo «Neftchi» futbolimizdagi brend ekanini tushuntirib berdik. Ruhiy jihatdan mana qanday katta jamoada o‘ynashayotganini tushuntirishga harakat qildik. Gaplarimiz ta'sir qildimi, ikkinchi davrada futbolchilarimizda o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshdi, ular boshqacha o‘ynay boshlashdi.

Oxirgi yillarda «Neftchi» xohlagan kelib ketadigan jamoaga aylanib qolgandi. Tarkib har yili deyarli to‘liq o‘zgaradigan bo‘lib qoldi. Bunday bo‘lmasligi kerak, jamoada asos bo‘lishi lozim».

«Ikkinchi yulduzni sizga qoldirdik...»

«Neftchi» bosh murabbiyining aytishicha, barcha mamlakatlarda ikkinchi divizion eng murakkabi hisoblangan, jumladan O‘zbekistonda ham: «Hamma mamlakatlarda eng qiyini aynan ikkinchi divizion. Angliyada Chempionship, Ispaniyada Segunda, bizda esa Pro-Liga. Haqiqiy keskin futbol shu yerda. Bu yerda yugurmay natijaga erishib bo‘lmaydi. Futbolchilarga ham buni ko‘p aytamiz.

Bizda hozir yosh futbolchilar to‘plangan: 1998, 1999, 2000 yil bolalar. Tabiiyki ular bizning o‘yinimizni ko‘rmagan. Bir kuni ulardan biri menga siz ham «Neftchi»da o‘ynaganmi, deb so‘rab qoldi. Ha, adashib kelib qolib, 10 yil qolib ketganman, deb hazillashib qo‘ydim. Mana, biz bitta yulduzchani oldik (O‘zbekiston chempionatida 5 marta g‘oliblik uchun beriladigan yulduzcha), ikkinchi yulduzchani sizlarga qoldirdik, deb aytdim».

Abdusamad Do‘rmonov bilan to‘liq suhbatni Kun.uz va Tribuna.uz saytlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ko‘rishingiz mumkin.

#FootWeek'ning bu sonida yana ko‘plab qiziqarli mavzulardagi mulohazalar e'tiboringizga havola etilgan. 2006 yilgi mundial ko‘pchilikning xotirasida Zidanning Materatssini kalla qo‘ygani bilan esda qolgan. Biz ham ana shu voqeani eslaymiz. Mundiallar mavzusida yana bir mavzu – Ispaniyaning JCh-2010 g‘olibi bo‘lgani va g‘alaba golini yodga olamiz.

Belarus chempionatini zabt etayotgan o‘zbekistonlik ikki yulduz –Jasur Yaxshiboyev va Shahboz Umarov tobora ochilib bormoqda. Ularning o‘yinlari, gollari va statistikasiga alohida to‘xtalamiz. Shuningdek, yangi sonda 43-urinishda jarimadan gol urgan Ronaldu, 100lik marrani zabt etgan Vardi va futbolchi-siyosatchilar kabi ko‘plab qiziqarli mavzularga to‘xtalamiz. Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi – #FootWeek'ning yangi sonini tomosha qiling.

Ko‘proq yangiliklar: