Millionerlar koronavirus sababli o‘zlariga solinadigan soliqni oshirishga chaqirishdi

Jahon 21:06 / 13.07.2020 4374

AQSh, Britaniya, Daniya, Niderlandiya, Germaniya va boshqa davlatlarda yashovchi 83 nafar millioner o‘z davlatlari hukumatlaridan o‘zlari va boshqa badavlat odamlar uchun soliq miqdorini oshirishni iltimos qilib, ochiq maktub imzoladi. Ularning ta'kidlashicha, soliqlar oshirilishidan olinadigan qo‘shimcha mablag‘lar koronavirusga qarshi kurashga va uning oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirilishi lozim.

Maktub mualliflarining ta'kidlashicha, pandemiya oqibatlari kelgusida yana yarim milliard kishining nochorligiga, yuz millionlab kishilarning ishsiz qolishiga olib keladi. Bu yerda oddiy xayriya bilan ish bitmaydi, mablag‘lar yig‘ilishi va taqsimlanishi bilan hukumatlar shug‘ullanmog‘i lozim.

“Millionerlar insoniyat uchun” (Millioners for Humanity) deb nom olgan maktubda ta'kidlanishicha, badavlat odamlar uchun progressiv soliq stavkasi kiritish dunyoni “davolash” uchun “o‘ta muhim rolni bajarish”ga imkon beradi.

“Biz intensiv terapiya palatalaridagi bemorlar haqida qayg‘urmaymiz. Biz kasallarni shifoxonaga yetkazish uchun tez yordam mashinalarini haydamaymiz. Biz do‘konlarni oziq-ovqat zaxiralari bilan to‘ldirmaymiz va ularni eshikkacha yetkazmaymiz. Biroq bizda pul, juda ko‘p pul bor. Bu pullar hozir va keyinroq juda zarur bo‘ladi”, deyilgan millionerlar murojaatida. Ularning ta'kidlashicha, ular uchun soliqlar oshirilishi “yagona to‘g‘ri tanlov” bo‘ladi.   

Bundan tashqari, koronavirus butun dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimining yetarlicha moliyalashtirilmasligi muammosini ayon qildi. Millionerlar buni ulardagi ortiqcha pullarni olib to‘g‘rilashni taklif qilishmoqda.   

“Biz bu global kurashning old saflarida ishlayotganlar oldida qarzdormiz. Ko‘plab asosiy ishchilarga ular gardaniga tushgan yukka mos pul to‘lanmaydi. Biz dunyoni kech bo‘lmasdan muvozanatlashtirishimiz lozim. Bunday huquqni olishga boshqa imkon bo‘lmaydi”, deb ta'kidlab o‘tishgan millionerlar.  

Ma'lum qilinishicha, maktubni imzolaganlar orasida Uolt Disney vorisi Ebigeyl Disney, biznesmen Jyerri Grinfild va “Janob Bin” haqidagi filmlar mualliflaridan biri Richard Kertis bor. 

Ko‘proq yangiliklar: