«Maxsus komissiya qarorlari fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzmaydi» - Adliya vaziri o‘rinbosari

O‘zbekiston 22:49 / 13.07.2020 3549

Muzraf Ikromov Respublika maxsus komissiyaning tuzilishi va pandemiya sharoitida cheklovlar kiritish bo‘yicha qarorlarni qabul qilish vakolati mamlakat Konstitutsiyasi va qonunchiligiga to‘la mos kelishini ma'lum qildi.

«Oldindan aytish lozimki, koronavirusga qarshi olib borilayotgan kurash mustahkam huquqiy asosga ega, Konstitutsiyamizga, qonunchiligimizga va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga to‘la mos keladi, inson huquqlarini buzmaydi», dedi vazir o‘rinbosari.

Vazir o‘rinbosari ushbu masalaga huquqiy asos sifatida bir qator mamlakat qonunchiligidagi moddalarni keltirib o‘tdi.

«Birinchidan, «Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, hukumat ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi bo‘lib, iqtisodiyot, ijtimoiy va ma'naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston qonunlari, Parlament qarorlari, prezident hujjatlari ijrosini ta'minlaydi.

Ikkinchidan, ushbu qonunning 11-moddasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari sirasiga, jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish kiradi.

Uchinchidan, 25-moddaga binoan, davlat va xo‘jalik boshqaruvining ayrim masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek uning ayrim topshiriqlarini bajarish uchun muvaqqat komissiyalari tashkil etilishi mumkin.

To‘rtinchidan, hukumat reglamentiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi vakolatlarining amalga oshirilishi komissiyalar, kengashlar va boshqa idoralararo kollegial organlar faoliyati bilan ham ta'minlanadi.

Beshinchidan, Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqish hukumat tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.

Oltinchidan, «Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi yoki viloyat hokimliklari ham o‘rnatilgan tartibda tegishli hududlarda yoki obektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.

Shu tariqa, bir vaqtning o‘zida Fuqaro muhofazasi boshlig‘i bo‘lgan O‘zbekiston bosh vaziri boshchiligidagi Maxsus komissiya Vazirlar Mahkamasi vakolatlarini amalga oshirishni ta'minlashning usullaridan biridir», dedi Muzraf Ikramov.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining maxsus farmoyishiga muvofiq, koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o‘z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilanganligi ma'lum qilindi.

Hukumatning 23 martda qabul qilingan qarori bilan Komissiya tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilinayotgan qarorlarning majburiy ijro qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasiga ko‘ra esa, hukumatning qabul qilgan qarorlari va farmoyishlari O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Shu munosabat bilan, ishonch bilan aytish mumkinki, Maxsus komissiyaning tuzilishi va uning vakolatliligi borasida ikkilanishga o‘rin yo‘q, bu boradagi barcha shubha-gumonlar biror bir yuridik asosga ega emas», deydi Muzraf Ikromov.

Ko‘proq yangiliklar: