Erdo‘g‘an Ayo Sofiyaning masjidga aylantirilishini buyuk Turkiya tomon qadam deb atadi

Jahon 17:03 / 12.07.2020 9060

“Biz Ayo Sofiya maqomining o‘zgartirilishi haqidagi qarorni kimdir biz haqimizda nimadir deb aytishiga emas, balki xalqimiz fikriga asoslanib qabul qildik”, deb aytgan Erdo‘g‘an va mamlakat “buyuk va kuchli Turkiyani qurish tomon haq yo‘ldan borishni davom ettirishini” qo‘shimcha qilgan.

Turkiyaning oliy ma'muriy sudi - davlat kengashi 10 iyulda Ayo Sofiya ibodatxonasining muzeyga aylantirilishi haqidagi 1934 yildagi qarorni bekor qilgandi. Shundan keyin Turkiya prezidenti muzey-ibodatxonaning masjidga aylantirilishi va unda namoz o‘qish boshlanishi haqidagi farmonni imzolagan.

Ayo Sofiyaning masjidga aylantirilishi ko‘plab davlatlarda keskin munosabat keltirib chiqargan.

Ayo Sofiya ibodatxonasiga Vizantiya imperatori Yustinian tomonidan asos solinib, u 537 yil dekabrda ochilgan. Cherkov mingdan ko‘proq yil davomida nasroniy dunyosidagi eng katta ibodatxona bo‘lib kelgan. Usmoniylar 1453 yilda Konstantinopolni (hozirgi Istanbul) bosib olgach va Vizantiya imperiyasi qulagach, cherkov masjidga aylantirilgan. Biroq u 1934 yilda Turkiya davlati asoschisi Mustafo Kamol Otaturk dekreti bilan muzeyga aylantirilgan. Ayo Sofiya keyinchalik YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.   

Ko‘proq yangiliklar: