Barbados oroli masofadan ishlayotganlarga maxsus vizani taklif qildi

Jahon 00:41 / 12.07.2020 3049

CNBC xabariga ko‘ra, mitti davlat yaqin orada o‘z chegaralarini ochadi va masofadan ishlayotgan xorijliklarga yangi dasturni taklif qiladi.

Bosh vazir Miya Mottlining so‘zlariga ko‘ra, hukumat bunday sayyohlarga 12 oy davomida mamlakat hududida qolishga ruxsat bermoqchi.

«Bu yerga kelish va bir necha oy ishlash imkoniyatiga ega bo‘lsangiz, Yevropa, AQSh yoki Lotin Amerikasida qolib, mehnat qilishingiz shart emas», — deb bayonot berdi bosh vazir.

U yangi dastur odamlarga uyini, ish joyini tark etib, xorijda ishlash imkonini berishini qo‘shimcha qildi. Sayyohlarni jalb qilish uchun davlat ularga «oliy toifadagi» xizmatlarni taklif qilishi lozim, Barbados esa bunga qodir, deb hisoblamoqda Mottli.

Barbados mehmonxonalari va turizm assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, turizm sohasi davlat yalpi ichki mahsulotining bevosita 12 foizini, bilvosita esa 40 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, turizm xususiy sektordagi eng ko‘p ishchi o‘rinlariga ega sohadir.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Barbadosda 98 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 7 nafari vafot etgan.

Hozirgi vaqtda hukumat ba'zi cheklovlarni olib tashlagan, jumladan komendantlik soati bekor qilingan. Ammo mamlakatda ijtimoiy masofani saqlash qoidasiga amal qilish talabi saqlanib turibdi.

Shu bilan birga, 500 kishigacha bo‘lgan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat berilgan. Sport musobaqalari paytida muxlislar ham ishtirok etishi mumkin.

Barbados 12 iyuldan boshlab chegaralarni ochishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: