Masjidga aylantirilgan Ayo Sofiyada 2 haftadan keyin namoz o‘qish boshlanadi

Jahon 07:33 / 11.07.2020 7576

Istanbuldagi masjidga aylantirilgan Ayo Sofiya muzey-ibodatxonasida 24 iyuldan diniy marosimlar o‘tkazila boshlanadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi. 

“Biz Ayo Sofiya masjidini 24 iyuldan boshlab namozlar uchun ochmoqchimiz”, deb aytgan Erdo‘g‘an televideniye efirida.

Uning ta'kidlashicha, barcha masjidlar kabi Ayo Sofiya barcha, jumladan xorijliklar uchun ham ochiq bo‘ladi.

Erdo‘g‘an Turkiya sudining Ayo Sofiyaga masjid maqomi qaytarilishi bo‘yicha chiqargan qarorini hurmat qilishga chaqirgan. Uning aytishicha, ushbu sud qaroriga e'tiroz bildirish “Turkiya suverenitetini buzish” deb baholanadi.

Turkiya yetakchisining aytishicha, Ayo Sofiya majmuasining muzeydan masjidga aylantirish qarori to‘liq Turkiya hukumati vakolatiga kirgan. 

Erdo‘g‘an “Turkiya mamlakat mustaqilligiga putur yetkazishga qaratilganlaridan tashqari, Ayo Sofiya bo‘yicha istalgan nuqtayi nazarni qabul qilishini” ta'kidlab o‘tgan.

Turkiya rahbari obekt maqomini o‘zgartirish zarurati haqida gapirar ekan, Vatikan bilan bog‘liq vaziyatni misol qilib keltirgan. “Ayo Sofiya muzey bo‘lib qolishiga chaqiriqlar Vatikanni muzeyga aylantirish talabi bilan barobardir”, deb tushuntirgan o‘z pozitsiyasini Erdo‘g‘an.

Turkiya prezidenti 10 iyulda Ayo Sofiya maqomining o‘zgartirilishi haqidagi farmonni imzoladi. Bu farmon bilan obektning Turkiya diniy ishlar boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Buning natijasida Ayo Sofiya masjid sifatida ochiladi.

Ayo Sofiya muzey maqomini 1934 yilda Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk qarori bilan olgan. 1985 yildan u YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: