Rossiyada gubernator qotillik ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. Jirinovskiy bunga javoban partiyasini Dumadan olib chiqishini aytdi

Jahon 00:48 / 10.07.2020 65152

Putin hali iste'foni qabul qilmagan

Rossiya Tergov qo‘mitasi gubernator mikroavtobusdan tushirilib, samolyotga olib chiqilayotgani tasvirlangan videoni e'lon qilgan. Bu esa Furgal Moskvaga olib ketilgani haqidagi xabarlarni tasdiqlaydi. Ma'lum qilinishicha, gubernator 6 soat davomida tergov qilingan.

«U ertalab ishga ketayotganida uyi oldida qo‘lga olingan va hatto vaqtincha rahbar tayinlashga ham ulgurmagan. Hammasi kutilmaganda bo‘lib ketdi», degan «RBK»ga gubernatorning matbuot kotibi. Ammo u hayajonda xato qilib qo‘ygan, chunki vaqtincha gubernator vazifasini bajaruvchi shaxsni faqat prezident tayinlaydi.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin hali gubernatorning iste'fosini qabul qilmagan, buning uchun avval u jinoiy guruhlarga aralashgani isbotlanishi kerak bo‘ladi.

Tergov versiyasi

Tergov qo‘mitasi gubernatorni qo‘lga olish jarayoni tasvirlangan videoni e'lon qildi. Unda yuzi yopiq FXX (FSB) zobitlari gubernatorni mashinasidan tushirib qo‘lga olgani tasvirlangan. Tergov qo‘mitasining xabar berishicha, Furgal ayblanayotgan ish doirasida yana 4 kishi gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan. Ma'lum bo‘lishicha, Furgal nafaqat Xabarovsk o‘lkasi va Amur oblastida, balki Primoreda ham o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblanmoqda.

Xabarovsk gubernatori gumondor sifatida jalb qilingan barcha jinoyatlarda tashkilotchi bo‘lgani aytilgan. Uni qo‘lga olishdan oldin guvohlar va jabrlanuvchilardan ko‘rsatmalar olinib, Furgalni qo‘lga olish uchun yetarlicha dalillar to‘plangan.

Furgal kim o‘zi?

Sergey Furgal – sobiq shifokor-nevrolog, o‘z vaqtida yog‘och savdosi bilan shug‘ullangan, 2007-11 yillarda davlat dumasida deputat bo‘lgan. Liberallar partiyasi a'zosi. U Xabarovsk o‘lkasida avvaldan mashhur bo‘lgan va ikki yil oldin butun mamlakat bo‘ylab mashhur bo‘lib ketdi. Chunki u gubernatorlik saylovida deyarli 70 foiz ovoz to‘plab, «Yedinaya Rossiya» partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Vyacheslav Shportni mag‘lub etdi. Buning nimasi hayratlanarli deysizmi? Shport Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlangan nomzod, shuningdek Xabarovsk o‘lkasining amaldagi rahbari edi, shu sabab Furgalning g‘alabasi qimmatli bo‘lgandi. Taqqoslash uchun, 2013 yilgi gubernatorlik saylovida Shport 64 foiz ovoz to‘plab g‘olib bo‘lgan, Furgal esa 20 foizdan kamroq ovoz olgandi.

Furgal 2018 yilgi saylovlarda amaldagi gubernatorlarni mag‘lub etgan 4 nomzoddan biri bo‘lgandi. Xabarovskdan tashqari Primore, Xakasiya va Vladimirda amaldagi gubernatorlar saylovda yutqazgandi. Furgal qo‘lga olingach, Change.org saytida uni qo‘llab-quvvatlab ikki mingdan ortiq imzo to‘plandi.

«Hech qanaqa qo‘ng‘iroq bo‘lmadi»

Hozircha tergov qo‘mitasi qolgan to‘rt gumonlanuvchining kimligini ma'lum qilmagan. Shuningdek, ochilgan jinoiy ishning jabrlanuvchilari haqida ham ma'lumot yo‘q.

O‘tgan yil noyabrida Xabarovsk o‘lkasidan parlamentga saylangan deputat Nikolay Mistyurkov qo‘lga olingan va u Furgalning biznesdagi hamkori deb aytilardi. Mistyurkov va yana 4 kishi 2004-2005 yillarda sodir etilgan qotilliklarda gumonlanib, qo‘lga olingan va xuddi Furgal kabi samolyotda Moskvaga olib ketilgandi. «Kommersant'»ning yozishicha, ular 2004 yil 1 noyabrida tadbirkor Yevgeniy Zorining o‘ldirilishida ayblangan. Shuningdek, Mistryukov va sheriklari amurlik ishlab chiqaruvchi Aleksandr Smolskiy va sobiq militsiya xodimi Oleg Bulatovni o‘ldirishda gumonlangan. «Kommersant'»ga ko‘ra, Bulatovning Furgal bilan hamkorlikda metall savdosi bo‘yicha biznesi bo‘lgan.

Rossiyaning qator nashrlari o‘z manbasiga tayangan holda Furgal ham yuqori nomi keltirilgan tadbirkor Yevgeniy Zoriga suiqasdda ishtirok etgani haqida yozishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, Mistryukovning advokatlari o‘tgan yili Furgaldan ham ko‘rsatma olishga urinishayotgani haqida gapirgan.

Mistryukovni qo‘lga olishgandan so‘ng u va Furgalning rafiqasi boshqaruvida bo‘lgan «Toreks» kompaniyasida tekshiruvlar olib borilgan. Oldinroq bu korxonani Furgalning o‘zi boshqargan. Shundan keyin Furgalning atrofidagilar bilan hech qanday muammo bo‘lmagan. Uning matbuot kotibi yana bayonot berib voqealarni absurd deb atagan. «Hech qanday muammo yo‘q edi, hech qanday qo‘ng‘iroq ham bo‘lmadi. Bu absurd, shunchaki absurd», degan u.

«Xabarovsklik saylovchilar ko‘rishsin»

Tinch Okeani davlat universiteti professori Ildus Yarulin VVS bilan suhbatda bu voqealar haqida fikr bildirdi.

«Bu sabab emas, bahona. Hoynahoy bu haqda «matroslarcha sukut saqlovchilar» ko‘rsatma bergandir. Metallni qayta ishlash sohasi kriminalga juda yaqin soha», degan professor. Yarulin Furgal 1990-yillardayoq huquqni muhoqaza qiluvchi organlar nazariga tushganiga ishonmaydi. «Aks holda u qanday qilib uch muddat deputatlikka saylangan?», deydi bu haqda professor.

Yarulin Furgal 2018 yilgi saylovlarda kutilmaganda g‘olib bo‘lganini eslatib, bu borada liberallar yetakchisi Jirinovskiyning bayonotini kutmoqda.

«2018 yil Furgal saylovlarga autsayder sifatida bordi va yutishga umid ham qilmadi. Ammo u birinchi turda g‘olib bo‘lgach, «barcha kelishuvlar bekor bo‘ldi» va oxir-oqibat g‘olib bo‘ldi. Bu ishning orqasida kim turgan bo‘lishi mumkinligini bilmaymiz. Men Vladimir Volfovichning bayonotini kutyapman, axir u Furgalning 15 yil oldingi ish uchun qo‘lga olinishini g‘alati holat deb atadi», deydi professor.

O‘z navbatida Jirinovskiy Furgalning qo‘lga olinishi sabab liberallar partiyasi dumadan ketishi bilan tahdid qildi. «Agar chindan 2004-2005 yilda u qandaydir jinoyat qilgan ekan, 15 yil nimani kutdingiz? Uning qo‘lga olinishi ham noto‘g‘ri holda amalga oshirildi. U jinoyatchi emas, gubernator. U hech qayerga qochib ketayotgani yo‘q-ku! Banditlar bilan shunaqa munosabatda bo‘lishadi. Furgalni hech qachon partiya safidan chiqarmaymiz. Bu bizga berilgan zarba bo‘ldi. Xabarovsklik saylovchilar Furgal o‘lka tarixidagi eng zo‘r gubernator bo‘lganini ko‘rishsin. O‘ylaymanki, gubernatorimizning qo‘lga olinishiga barcha partiyadoshlarimiz munosabat bildirishadi. Kerak bo‘lsa, LDPR dumadan chiqib ketadi, odamlar mamlakatdagi sharmandali ahvolni ko‘rib qo‘yishsin», deydi liberallar yetakchisi.

Sergey Goryashko, VVS muxbiri:

«Furgal 2018 yilgi saylovlarda amaldagi rahbarning texnik raqibi sifatida ko‘rsatilgan va g‘olib bo‘lishi kutilmagandi. Ammo u pensiya islohoti va hukumatning tushib borayotgan reytingi fonida Kreml qo‘llayotgan to‘rt gubernatorni yengganlardan biri bo‘ldi. O‘lkaning o‘sha vaqtda amaldagi rahbari Shport saylovga ikki hafta qolganida Furgalni o‘zining administratsiyasiga taklif qilib, u bilan birga rolik ham olgandi.

Furgal hukumatni tanqid qilishi yoki muxolifatchi g‘oyalari bilan ajralib turmasdi. Uning qo‘lga olinishi ikki jihat bilan xarakterli. Birinchidan, zamonaviy Rossiya tarixida gubernatorning qotillikda ayblanib qo‘lga olinishi hali kuzatilmagan. Ikkinchidan, Kreml bir qarashda o‘zi qo‘llagan gubernatorlarni saylovda yengganlarga ishlash imkonini berayotgandi. Endi qolgan uch gubernatorga ham oson bo‘lmasligi mumkin».

Qamalgan gubernatorlar

So‘nggi 10 yil davomida Rossiyada ko‘plab gubernatorlar qamalgan. Tula oblastining sobiq rahbari Vyacheslav Dudka, Bryansk rahbari Nikolay Denin, Saxalin gubernatori Aleksandr Xoroshavin, Komi Respublikasi sobiq rahbari Vyacheslav Gayzer va Kirov oblasti sobiq rahbari Nikita Belix shular jumlasidan. Yana ko‘plab gubernatorlar hukmlarini kutishmoqda, Chelyabinsk eks-gubernatori Boris Dubrovskiy esa tergovdan qochib yuribdi.

Ko‘proq yangiliklar: