Kane Uest prezidentlik kampaniyasini boshladi. Tramp uni qo‘llab-quvvatladi  

Jahon 10:47 / 10.07.2020 8834

Uest o‘zining saylovchilarni ro‘yxatga olish ofisiga tashrifi ko‘rsatilgan 1,5 daqiqalik videoni Twitter’da joylashtirgan.

“Men barchaga ovoz berish qanchalik oson ekanini ko‘rsatmoqchiman”, deb aytgan reper.

U videoda ro‘yxatdan o‘tish uchun qo‘llanadigan anketa nimalardan iboratligi haqida so‘zlab bergan. Uning ta'kidlashicha, anketada ism-sharif, tug‘ilgan sana, AQShda shaxsni tasdiqlovchi standart hujjat sifatida qo‘llanuvchi haydovchilik guvohnomasi, jins, telefon raqami, manzil, siyosiy mansubligi haqidagi ma'lumotlarni ko‘rsatish kerak.

Bundan tashqari, saylovchi qasamyodini imzolash lozim. Videoda, shuningdek, reperning ofis xodimi bilan suhbati aks etgan. Uest xodimdan nima uchun ko‘plab sudlanganlar ovoz bera olmasliklari haqida so‘raydi.

“Ko‘plab odamlar bundaylar sudlangan jinoyatchilar bo‘lgani uchun ovoz bera olmaydilar deb o‘ylaydilar, biroq ular o‘z huquqlari qaytarilishini talab qilishlari mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan reper suhbatda.

Ofis ishchisi buni o‘zgartirish uchun alohida shtatlar darajasida tegishli qonunlar qabul qilinishi lozimligi bilan javob bergan.

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Kane Uestning saylovlarda ishtirok etish qarorini ma'qullashini aytgan. Tramp reper uni saylovlarda qo‘llab-quvvatlashiga ishonishini aytgan.

“Menga uning ovozi eshitilishi yoqadi, u har doim bizni qo‘llab-quvvatlagan va har doim qo‘llab-quvvatlaydi, uning rafiqasi ham [Kim Kardashyan] biz tomon bo‘ladi”, deb aytgan Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Trampning aytishicha, Uest bir qator shtatlarda nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun kech qolgan va bu muammoni hal qilishiga to‘g‘ri keladi.

“U yaxshi yigit, inson, men u bilan yaxshi munosabatdaman va fikrimcha, natijada u bizni qo‘llab-quvvatlaydi”, deb aytgan Tramp.

Uest va uning rafiqasi avval Tramp ma'muriyati bilan mahbuslarning reabilitatsiyasi takliflari bo‘yicha hamkorlik qilgan. Uest ham o‘shanda Trampni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Avvalroq Uest AQSh prezidenti saylovlarida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etmoqchiligini ma'lum qilgan. An'anaga ko‘ra, AQSh prezidenti lavozimiga ikki yetakchi partiya – Respublikachilar va Demokratlar partiyasi nomzodlarigina g‘alaba qozonishga real imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Joriy saylovlarda bu partiyalardan Donald Tramp va Jo Bayden ishtirok etadi.

Forbes nashri aprelda Uestni milliarder deb tan olgandi. Uning boyligi 1,3 mlrd dollarga baholangan. Uest AQShning eng ommaviy rep ijrochilaridan biri hisoblanib, 20 dan ko‘proq Grammy mukofoti sovrindori hisoblanadi.

AQShda 59-prezident saylovlari o‘tkazilishi 3 noyabrga belgilangan. 

Ko‘proq yangiliklar: