Qashqadaryoda taksi faoliyati ham taqiqlanishi mumkin, Kitobdagi post to‘liq yopiladi - Zoyir Mirzayev viloyat ahliga murojaat qildi

O‘zbekiston 18:31 / 09.07.2020 39315

Yig‘ilishda viloyat hokimi – viloyat maxsus komissiyasi raisi Zoyir Mirzayev viloyat aholisiga murojaatini o‘qib eshittirdi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryoda koronavirus yuqtirib olganlarning 30 nafarida epidemiologik zanjir bir shifokor bilan bog‘liq.

«Kasbi shifokor bo‘lgan fuqaromiz karantin talablariga rioya etmagan holda joriy yilning 24 iyun kuni qarindoshinikida oilaviy tadbirda va deputatlar bilan uchrashuvda ishtirok etib, 30 nafar fuqaroga virus yuqishiga sabab bo‘ldi», – deya Zoyir Mirzayevning so‘zlarini keltirmoqda hokimlik axborot xizmati.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Mirzayev o‘z murojaatida 10 iyuldan 1 avgustgacha O‘zbekiston miqyosida qat'iy karantin joriy etish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori talablariga to‘xtalib o‘tdi.

Uning qayd etilishicha, ushbu muddatda Qashqadaryoda yo‘lovchi tashish faoliyati ham to‘xtatilishi mumkin.

«Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar faoliyatiga maxsus talablar asosida faqatgina avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) harakatlanishga ruxsat beriladi. Bunda faqatgina ikki nafar yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi kerak.

Agar Respublika maxsus komissiyasi talablari bajarilmasa, viloyat maxsus komissiyasi qarori bilan yo‘lovchi tashish faoliyati 1 avgustga qadar to‘liq to‘xtatiladi», – dedi Qashqadaryo viloyati hokimi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Zoyir Mirzayevning aytishicha, oromgohlarda yozgi ta'tilda dam olayotgan bolalarning barchasi ertagayoq uyiga qaytariladi.

8 iyul kuni viloyatda koronavirusga chalinganlar soni keskin o‘sgan, 161ta yangi holat aniqlanib, ulardan 34tasi aholi orasidan chiqqan edi. Viloyat rahbari qolgan 127 kishi «Inter injiniring» kompaniyasi xodimlari («Uzbekistan GTL» zavodi qurilishida ishlayotgan) ekanini ma'lum qildi.

Hokim topshirig‘i bilan, Qashqadaryoga kirib keladigan Kitob tumani  «Mingchinor» posti to‘liq yopiladigan bo‘ldi.

Qayd etilishicha, «Qashqadaryo TV»da har kuni soat 19:30da mas'ullar ishtirokida brifinglar tashkil etib boriladi. 10 iyul kungi ilk brifingda viloyat IIB YHXB va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari chiqish qiladi.

Viloyat komissiyasi qaroriga asosan, 1 avgustgacha Qashqadaryoda umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati to‘xtatiladi, yetkazib berish (keytering) xizmati bundan mustasno.

Shuningdek, yo‘l bo‘yida, ko‘chalarda, aholi gavjum joylarda o‘rik sharbati, kvass, mors va chalop, yurib muzqaymoq va yaxna ichimliklar, pista, tamaki mahsulotlari (donalab) hamda pishgan oziq-ovqatlarni sotish qat'iyan taqiqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: