Pandemiya sababli Rossiyadagi migrantlarning 40 foizi ishini yo‘qotdi

Jahon 14:47 / 09.07.2020 5463

Rossiyada koronavirusdan eng ko‘p jabrlanganlar mehnat migrantlari bo‘ldi: pandemiya davrida ularning 40 foizi ishini yo‘qotdi, deb yozadi "Kommersant'".

Rossiya qishloq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, rossiyaliklarning 23 foizi ishidan ayrilgan.

Sobiq ittifoqdan kelgan migrantlarning 19 foizi daromadi miqdori o‘zgarmagani yoki oshganini aytgan bo‘lsa, migrantlarning 51 foizi «barcha daromad manbalarini yo‘qotgan»ligini bildirgan.  

 Shu bilan birga, aksariyat mehnat migrantlari (Moskvadagi 38 foiz va Rossiyadagi 42 foiz) «qora kun»larga deb omonat saqlab qo‘ygani ma'lum bo‘ldi. Ammo migrantlarning 10 foizininggina omonati uch oylik karantinga yetgan.

 Karantinning birinchi bosqichida puli tugagan va uyiga qaytolmagan migrantlar jinoyatga qo‘l urishi to‘g‘risida ko‘plab taxminlar bildirilgandi. Ammo bu taxminlar o‘z tasdig‘ini topmadi, deb yozadi "Vedomosti".

Rossiya IIVning ma'lumotiga ko‘ra, aprelda xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning aprelidagiga nisbatan 9,6 foizga kamaygan.

«Oxirgi vaqtda qiynalib qolgan notanish odamlarga yordam berishga harakat qilyapman» deb ta'kidlagan mehnat migrantlari rossiyaliklarga nisbatan 1,5 baravar ko‘p bo‘lgan.

«Ushbu ma'lumotlardan kelib chiqib aytish mumkinki, mahalliy aholi epidemiyaga javoban o‘z qobiqlariga o‘ralib olgan, migrantlar esa bir-birlariga yordam berishga harakat qilgan», – deydi mintaqaviy tadqiqotlar va urbanistika markazining katta ilmiy xodimi Yevgeniy Varshaver.

Migrantlar yuqori darajada epidemik xavf soladi degan fikr ham tasdiqlanmadi. Tadqiqotchilarning aniqlashlaricha, karantin davrida rossiyaliklarga nisbatan xorijlik ishchilar ko‘chaga kamroq chiqishgan. Do‘stlari bilan uchrashish, sport bilan shug‘ullanish yoki sayr qilish uchun ko‘chaga umuman chiqmagan migrantlar 48 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mahalliy aholida bu ko‘rsatkich 42 foizga teng bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: